• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

OKMK sarhisob: Mahalliylashtirish dasturi ijrosi

08 Yanvar 2025, 8:41 151

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tomonidan o‘tgan 2024-yilda  mahalliylashtirish dasturining ijrosi samarali bajarildi.

2024-yil 3-maydagi investitsiyalarni jalb qilish, sanoatni rivojlantirish va savdoni tartibga solish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasining 61-son bayonining 1-ilovasiga asosan “Olmaliq KMK” AJ ning mahalliylashtirish dasturi 1521,4 mlrd so‘mga qayta shakllantirildi.

Shundan yanvar-dekabr oylari holatiga ko‘ra 268 ta loyiha bo‘yicha 1567 mlrd so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarilib, prognoz (1521,4 mlrd so‘m) 103%ga bajariladi. 2023-yilning mos davriga nisbatan o‘sish 3,6 barobarni, import o‘rnini bosish samaradorligi 121,5 mln dollarni tashkil qildi.

Yangi loyihalar bo‘yicha 1265,2 mlrd so‘mlik mahalliylashtirilgan mahsulotlar ishlab chiqarildi.

Jumladan Markaziy ta'mirlash mexanika zavodida 111 ta loyiha bo‘yicha 85,4 mlrd so‘mlik tegirmon, ekskavatorlar va gidrosiklonlar uchun ehtiyot qismlar, misdan elektr o‘tkazgichlar ishlab chiqarildi.

O‘zbekiston texnologik metallar kombinati tomonidan 32 ta loyiha bo‘yicha 131,7 mlrd so‘mlik karyer texnikasi uchun sferali sharli tayanchlar, shamot g‘ishtlari, po‘lat frezalar va sverlolar, tokarlik kesgichlar tayyorlandi.

Shuningdek, Mis eritish zavodi tomonidan 24,4 mlrd so‘mlik mahsulotlar, 3-Mis boyitish fabrikasi bo‘yicha 625,4 mlrd so‘mlik metallokonstruksiyalar, Portlovchi materiallar zavodi tomonidan 264,8 mlrd so‘mlik portlovchi moddalar ishlab chiqarildi.

Bundan tashqari, 5,3 mlrd so‘mlik konveyer roliklari tayyorlandi. Kombinat tarkibiy bo‘linmalaridagi 8 ta mexanik ta'mirlash uchastkalari tomonidan esa 34,8 mlrd so‘mlik mahalliylashtirilgan mahsulotlar ishlab chiqarildi.

2024-yilda dastur asosida ishlab chiqarilayotgan texnik rux sulfati, palladiy, rux oksidi kabi mahsulotlarning eksporti 3,2 mln dollarni tashkil etdi.

Sanoat kooperasiyasi orqali 2024-yilda mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalardan 1376,7 mlrd so‘mlik mahsulotlar xarid qilinib, ushbu yo‘nalishda reja 102%ga bajarildi.  Bunda 41 mln dollarlik import mahsulotlar o‘rni qoplandi.

Xususan, “O‘zmetkombinat” AJdan po‘lat sharlar, “Maksam-Chirchiq” AJ hamda “Navoiazot” AJda ammiakli selitra eritmasi, “Zhongtiang Chemical” MChJdan butillangan ksantogenat,

“Chilon Lubricants” MChJdan moyli faza kabi import  mahsulotlarning xaridi amalga oshirilib, import o‘rnini bosish samaradorligi 5,7 mln dollarni tashkil etganini alohida ta'kidlash joiz.

OKMK tomonidan mahalliy ishlab chiqaruvchilarni shatakka olish tizimi bo‘yicha har tomonlama qo‘llab-quvvatlab kelinmoqda.

Tizim asosida mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan kombinat tomonidan avval import qilingan 6,6 mln dollarlik mahsulotlarni ishlab chiqarish o‘zlashtirildi.

Jumladan, “OLMALIQ QUYUV MEXANIKA ZAVODI” MChJ tomonidan yil yakuni bo‘yicha 30,4 mlrd so‘mlik quyma mahsulotlar ishlab chiqarilib, ta'mirlash va xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha ishlar amalga oshirildi hamda 72 ta ish o‘rni yaratildi.

“AVANTEC GP” QK MChJda Germaniyalik hamkorlar bilan dastgohlar ishlab chiqarish loyihasi doirasida qurilish ishlari yakunlandi. Bugungi kunda uskunalarni olib kelish va o‘rnatish ishlari olib borilmoqda. Korxona tomonidan yanvar-dekabr oylarida 28,9 mlrd so‘mlik ikki dona Universal frezerli dastgohi va besh koordinatli raqamlashtirilgan dastgohlar yetkazib berildi.

“DEUTSCHE INNOVATSION TEXNOLOGIYALAR-AGMK” QK MChJ tomonidan 9,3 mlrd so‘mlik havo o‘tkazgich hamda deflektorlar ishlab chiqarildi.

“DIZEL DETAL SAVDO” MChJ tomonidan 7,4 mlrd so‘mlik gazli payvandlash uchun hamda yuqori bosimga chidamli tekstil qoplamali rezina bilan qoplangan yenglar yetkazib berilib, buning hisobiga 12 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

“JFM LEGA GROUP” MChJ tomonidan 8,3 mlrd so‘mlik Polimer mikrosferalar, “NADIR RABER” XK tomonidan 1,4 mlrd so‘mlik har xil turdagi remenlar yetkazib berildi.

2025 yilda mahalliylashtirish dasturi doirasida 105 ta yangi loyiha bo‘yicha 1,3 trln so‘mlik mahsulot o‘zlashtiriladi. Bundan tashqari, O‘zbekiston texnologik metallar kombinati tomonidan 251 mlrd so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqariladi. Bunda jami 120 mln dollar import o‘rni qoplanadi.

Sanoat kooperatsiyasini kengaytirish hisobiga mahalliy ishlab chiqaruvchilar ulushi 4 barobarga oshiriladi va 162 mln dollarlik tovarlar xarid qilinadi.

Jumladan, mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan birgalikda 68 mln dollarlik karyer avtosamosvallari va 18 mln dollarlik temir yo‘l dumpkarlari ishlab chiqariladi.

Olmaliq, Angren va Ohangaron shaharlari hamda Piskent va Ohangaron tumanlari “sanoat uchburchagi”ga kiruvchi 25 ta korxona “shatak”ga olinib, ularda 27 mln dollarlik import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqariladi.

Mahalliy ishlab chiqaruvchilardan import o‘rnini bosuvchi xom ashyo va kimyoviy mahsulotlar, ehtiyot va butlovchi qismlar hamda asbob-uskunalar xaridi orqali 49 mln dollar import o‘rni qoplanadi.

Ushbu chora-tadbirlar natijasida import hajmi jami 282 mln dollarga (o‘sish 1,6 barorbar) qisqartiriladi.

Bundan tashqari, yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirishda mahalliy ishlab chiqaruvchilari ulushini oshirish orqali 186 mln dollar valyuta mablag‘lari tejaladi.

2025-yilda ham OKMKda mahalliylashtirish dasturi bo‘yicha keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirish bardavomlik kasb etadi.

Abbos Abdullayev,

OKMK Mahalliylashtirish bo‘limi boshlig‘i

Bo`lishmoq:
Text to speech