Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Ayni kunlarda mamlakatimizda “O‘zbekistonda Germaniya iqtisodiyoti kunlari” konferensiyasi bo‘lib o‘tmoqda. Konferensiya doirasida bugun Germaniyaning savdo sanoat palatasi tashqi savdo bo‘yicha bosh ijrochi direktori, boshqaruv kengashi a'zosi Folker Trayer boshchiligidagi delegatsiya Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga tashrif buyurdi.
Delegatsiya tarkibida Germaniyaning savdo sanoat palatasi a'zolari hamda yirik kompaniya vakillari, xususan “Falk Porsche Technik GmbH”, “Kabel AG(DKG), Schneider Group, DB Engineering & Consulting GmbH, GP Günter Papenburg AG va boshqa kompaniyalarning rahbarlari va ishbilarmonlari bo‘lib, ular kombinat faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
Tashrif davomida mehmonlar dastlab “Metallurg” madaniyat saroyida joylashgan muzeyni ko‘zdan kechirishdi.
Shuningdek, mehmonlar Qalmoqqir koni hamda Markaziy ta'mirlash mexanika zavodida texnologik ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.
- Bizning savdo-sanoat palatamizning vakolatxonalarining soni juda ham ko‘p,- deydi Germaniyaning savdo sanoat palatasi tashqi savdo bo‘yicha bosh ijrochi direktori, boshqaruv kengashi a'zosi Folker Trayer. - Germaniyada 3 milliondan ortiq a'zolarimiz bor va ularni doimo qo‘llab-quvatlaymiz. Bundan tashqari, 93 ta davlatda vakolatxonalarimiz mavjud. Ularni orasida 3000 mingtadan ortiq qo‘shma korxonalarimiz bor.
Yirik sanoat korxonasi bo‘lgan OKMKga tashrif buyurishimizdan maqsad hamkorlikni yo‘lga qo‘yish. Xabaringiz bo‘lsa bugungi kunda Germaniyada juda katta o‘zgarishlar bo‘lmoqda. Ayniqsa, yashil energiyaga o‘tish to‘g‘risida ko‘p gapirilayapti. Bugungi kunda ishlab chiqarilayotgan poezdlar, avtomoshinalar hammasini an'anaviy dvigatellarini o‘rniga zamonaviy texnologiyalarni qo‘llashimiz shart. Bu texnologiyalarni qo‘llashimiz uchun bizga resurslar kerak. Afsuski bu resurslar bizda yo‘q. Mis va noyob metallarga Germaniyada ehtiyoj juda ham katta. Shu sababli ham biz boshqa davlatlar bilan, shuningdek, O‘zbekistonning yirik sanoat korxonasi bo‘lgan OKMK bilan ham manfaatli hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ymoqchimiz.
O‘zbekistonga qiziq bo‘ladigan mavzulardan biri bu yuqori samaradorlikka ega yangi va zamonaviy uskunalardir. Biz ularni qanday ishlatishni o‘rgatishga ham tayyormiz. Kombinatning porloq kelajagi namoyon, bu aniq. Sababi, sizlardagi resurslarga bugun dunyoda talab juda yuqori. Bozordagi narxni hisobga oladigan bo‘lsak bu O‘zbekistonga juda katta mablag‘ olib keladi.
Ma'lumot uchun: OKMK hamda Germaniya davlatining bir qator yetakchi kompaniyalari bilan bir qator yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan. Jumladan, Chirchiq shahrida kombinat va Falk-Porsche-Technik GmbH kompaniyasi bilan hamkorlikda “Deutsche IT-AGMK” qo‘shma korxonasi tashkil etilgan. Bundan tashqari, kombinat va Germaniyaning Frayberg texnika universiteti konchilik akademiyasi hamda “GP Gunter Papenburg AG” konserni o‘rtasida kadrlar tayyorlash bo‘yicha hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan.
Shuningdek, joriy yilning may oyida OKMK va Germaniya kompaniyalari o‘rtasida qiymati 1,4 mlrd yevrodan ziyod shartnomalar imzolanganini alohida qayd etish lozim.
OKMK Axborot xizmati