Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Joriy yilning 25-dekabr kuni Koreya Milliy Assambleyasi tomonidan Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga 15 mlrd von(12 mln AQSh dollari atrofida) miqdoridagi grant ajratilishi bo‘yicha qaror qabul qilindi.
Mazkur grant mablag‘lari doirasida Nodir metallar va qattiq qotishmalar ishlab chiqarish birlashmasining O‘zbek-Koreys ilmiy texnik markazi qoshida sanoat tajriba sexi tashkil etiladi. Ushbu sexga zamonaviy laboratoriya jihozlari hamda texnologik uskunalari olib kelinadi. Yangi sexda Ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish dasturga asoslangan holda ishlab chiqarishni modernizasiyalash, yangi texnologiyalarni jalb qilish bo‘yicha tadqiqot ishlari olib boriladi.
Ushbu grantni qo‘lga kiritishda joriy yilning 14-18 noyabr kunlari Koreya davlatida o‘tkazilgan 17-Xalqaro yangi va nano materiallar simpoziumi(ISNNM-2022)da Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining bir guruh mutaxassis va olimlari tomonidan taqdim etilgan ilmiy ishlanmalar, taqdimotlar muhim ahamiyat kasb etdi.
Ma'lumot o‘rnida aytish mumkinki, ushbu grantni olish uchun 20dan oshiq davlat ishtirok etishgan bo‘lib, OKMKga grant ajratilishida barqaror ishlab chiqarish sur'ati, sanoat va ilm-fan integratsiyasi, ilmiy ishlanmalarning ishlab chiqarishga tadbiq etilishi hamda olimlarning ilmiy yutuqlari kabi omillarga ahamiyat berilgan.
Mazkur grant O‘zbekiston kompaniyalari uchun ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirishga tayyorlash infratuzilmasi hamda metallarni qayta ishlash texnologiyalarni tijoratlashtirish, nodir metallar va misni chuqur qayta ishlash uchun yangi texnologiyalarni jalb qilish maqsadida ajratiladi. Shuningdek, O‘zbekistondagi ishchi kuchining ilmiy salohiyatini hamda Koreya va O‘zbekiston o‘rtasidagi xususiy biznes sektori imkoniyatlarini oshirish maqsad qilingan.
Loyiha 2023-2027 yillarda amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. Loyiha doirasida Birlashma tarkibidagi O‘zbek-Koreys ilmiy texnologik markazidagi sanoat tajriba sexiga pilot uskunalar yetkazib berilib, qo‘shma ilmiy tadqiqot dasturi amalga oshiriladi. O‘zbekistonda Koreya tomonidan nodir metallar va mis sanoati ekspertlari ish olib boradi va kombinat muhandislari Koreyada amaliyot o‘tashadi.
OKMK Axborot xizmati