• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

OKMKda investitsiyaviy loyihalar jadal sur'atlarda

12 Sentyabr 2024, 9:30 1150

Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida “Yoshlik-1” konini o‘zlashtirish investitsiyaviy loyihasini amalga oshirish jadal sur'atlarda davom etmoqda.

Jumladan, karyerni qurish bo‘yicha loyiha boshidan buyon joriy yilning 9-sentyabr holatiga 200,0 mln m3 kon yuzasini ochish ishlari bajarildi. 2024-yilning boshidan to 9-sentyabrgacha esa 26,0 mln m3 kon yuzasini ochish ishlari amalga oshirildi. Mazkur vazifalarni bajarish uchun konda ishlar 2 smenada tashkil etilib, 1 800 nafar ishchi-xodimlar va 400 ta kon texnika vositalari safarbar etilgan. Shuningdek, ayni kunlarga kelib 41,63 km uzunlikda temir yo‘l yotqizildi.

Karyerni qurish ishlarida albatta zamonaviy kon-texnika vositalarining roli katta. Buning uchun 602 dona kon texnikasi xarid qilingan bo‘lib, ularning 54 donasi 130 tonnalik, 29 donasi 220 tonnalik BelAZ rusumli avtogigantlarni tashkil etadi. Shuningdek, hozirda konda 220 tonna yuk ko‘tarish quvvatiga ega 5 dona NMT-240 TEREX-KRANTAS samosvallari, 33 dona ekskavator, 23 dona burg‘ilash uskunasi, 12 dona aralashtirish-zaryadlash mashinalari ishlamoqda. Bundan tashqari, 254 dona temir yo‘l texnikasi va 192 dona yordamchi texnikalar ham konchilarga ko‘makchi.

Yiliga 20 mln m3 bo‘sh tog‘ jinslarini tashuvchi Siklli oqim texnologiyasini (“SPT-poroda”) qurish uchun 5,9 mln m3dan ortiq yer ishlari amalga oshirildi.

Bundan tashqari, yiliga 65 mln tonna ma'danni 3-mis boyitish fabrikasiga tashuvchi Siklli oqim texnologiyasini (“SPT-ruda”) qurish maydonchasini tayyorlash bo‘yicha 2,5 mln m3dan (jami 5,0 mln m3) ziyod yer ishlari amalga oshirildi.

Kon va bo‘sh tog‘ jinslarini tashuvchi siklli oqim texnologiyasi uskunalarini elektr energiyasi bilan ta'minlovchi TP-8 podstansiyasi qurib, foydalanishga topshirildi. Ayni paytda temir yo‘l transporti uchun TP-9 110 kVli podstansiyalarni qurilish ishlari amalga oshirilmoqda. Ushbu podstansiya joriy yilning dekabr oyida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.

Hozirda “Yoshlik-1” konini o‘zlashtirish va 3-Mis boyitish fabrikasini qurish doirasida yiliga 60 mln tonna ma'danni qazib olishga kon to‘liq tayyorlandi. Buning uchun 200 mln kub metr bo‘sh tog‘ jinslari qazib olindi. Natijada, hozirda kon uzunligi 3,7 km, eni 2,3 km va chuquriligi 220 metrga yetgan. Boshqa fabrikalardan farqli o‘laroq, konning o‘zida ma'danlarni birinchi maydalash-yuklash qurilmasi barpo etildi.

Uzunligi 4,2 km uzunlikdagi magistral konveyerlar ma'danni fabrika xomashyo omboriga tashishga tayyorlandi. Ushbu konveyer liniyasining o‘ziga xos jihatlaridan biri – yer relyefidan kelib chiqqan holda balandligi 44 metr bo‘lgan ko‘prik orqali o‘tadi. Konveyer liniyasida ma'danni tashish tezligi sekundiga 4 metrni tashkil etadi. Konveyer tizimini joriy etilishi ma'danni tashish xarajatlarini kamida 30 foizga kamaytiradi.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech