Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

OKMKda ishlab chiqarish va ta'lim uyg'unligi

03 Iyun 2026, 16:23 39

Bugungi kunda Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tomonidan ishlab chiqarish va ta'lim integratsiyasini chuqurlashtirish, soha uchun yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, hozirda kunda Olmaliq kon-metallurgiya kombinati 26 ta oliy ta'lim muassasasi bilan samarali hamkorlik qilib kelmoqda. Ulardan 10 tasi nufuzli xorijiy universitetlar, 16 tasi esa mamlakatimizning yetakchi oliy o'quv yurtlari hisoblanadi. Bundan tashqari, 3 ta texnikum bilan ham mustahkam sheriklik aloqalari yo'lga qo'yilgan.

Zamonaviy kadrlar tayyorlash maqsadida kombinat bazasida talaba va o'quvchilarning malaka oshirishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan.

Jumladan, ayni kunlarda 617 nafar texnikum o'quvchilari hamda 418 nafar oliy o'quv yurtlari talabalari OKMK tarkibiy bo'linmalarida bevosita ishlab chiqarish amaliyotini o'tamoqda.

900 nafar talaba va o'quvchi uchun ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishish maqsadida maxsus tanishuv amaliyotlari tashkil etildi.

183 nafar professor-o'qituvchi uchun kombinatning ilg'or texnologiyalari negizida tajriba almashish va malaka oshirish stajirovkalari uyushtirildi.

Hamkorlikning amaliy natijasida, kombinat tarkibiy bo'linmalarida oliy o'quv yurtlarining 14 ta kafedra filiali faoliyat yuritmoqda. Ushbu filiallarda ikki tomonlama bilim almashinuvi yo'lga qo'yilgan.

Unga ko'ra kombinat mutaxassislari talabalar uchun maxsus seminarlar va amaliy o'quv kurslarini o'tishadi. Oliy ta'lim muassasalari professor-o'qituvchilari esa kombinat muhandis-texnik xodimlarining nazariy bilimlarini boyitishga ko'maklashishadi.

Amaliyotchilarning o'z sohalari bo'yicha mukammal va xavfsiz ko'nikmalarga ega bo'lishlari uchun kombinatda ko'p yillik “Ustoz-shogird” an'anasi keng joriy etilgan. Ishlab chiqarish jarayoniga kirishishdan oldin har bir yosh mutaxassisga mehnat muhofazasi va xavfsizlik texnikasi qoidalari bo'yicha to'liq yo'riqnomalar beriladi hamda zarur himoya vositalari bilan ta'minlanadi. Har bir talaba va o'quvchiga korxonaning boy tajribali mutaxassislari biriktirilgan bo'lib, ular yoshlarga nafaqat kasb sirlarini o'rgatish, balki og'ir sanoat sharoitida xavfsiz ishlash borasida ham ustozlik qilmoqdalar.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech