• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

OKMKda raqamlashtirish jarayoni yangi bosqichda

23 Sentyabr 2022, 11:21 2808

Bugun Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining barcha tarkibiy bo‘linmalarida boshqaruv va texnologik ishlab chiqarish jarayonlariga raqamlashtirish keng joriy etilmoqda. Natijada yuqori mehnat samaradorligiga erishilayapti.

Joriy yilning yanvar-avgust holati bo‘yicha sohada amalga oshirilgan ishlarni tahlil qilamiz. Jumladan, kombinatni 2022-2026 yillarda raqamli transformatsiya qilish yo‘l xaritasi ishlab chiqilib, joriy yilga rejalashtirilgan 50dan ortiq loyihadan 25 tasi bo‘yicha ishlar yakuniga yetkazildi.

“Directum RX” elektron hujjat almashinuv tizimi – qog‘oz va vaqtni tejaydi

Boshqaruv tizimi samaradorligini oshirish va ish yuritish jarayonini raqamlashtirish, boshqaruv jarayonida qog‘oz hujjatlar bilan ishlashni qisqartirish, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumati qarorlarini amalga oshirish yuzasidan topshiriqlarni tezkor tarzda ijrochilarga yetkazish va bajarilishini onlayn nazorat qilish maqsadida “Directum RX” elektron hujjat almashinuv tizimi joriy etildi. Tizim ijro apparati bo‘linmalari va barcha korxonalarni (jumladan, Surxondaryo va Namangan viloyatlaridagi hamda Olmaliq va Angren shaharlari) to‘liq qamrab oldi. Bu esa kombinatda qog‘oz hujjatlarning aylanishi 70 foizga qisqartirish imkonini berdi. 2022 yil yakuniga qadar ushbu vazifani 100 foizga yetkazish choralari ko‘rilmoqda.

“Xaridlar va ombor yuritish” elektron tizimi – jarayonlarni 25%ga optimallashtiradi

Joriy yilning iyul' oyida xaridlar tizimi samaradorligi va shaffofligini oshirish hamda omborlardagi tovar-moddiy boyliklar zaxirasini raqamli nazorat qilish uchun 1C:ERP platformasida “Xaridlar va ombor yuritish” elektron tizimi  ishga tushirildi. Natijada ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun zarur bo‘ladigan xomashyo, uskuna, ehtiyot qismlar va boshqa tovarlarga yillik buyurtmalarni real shakllantirishga asos bo‘ldi. Bu esa sohadagi jarayonlarni 25 foizga optimallashtirib, omborlarda qolgan tovar moddiy boyliklarni 15 foizgacha kamaytirib, unga ketadigan moliyaviy mablag‘larni maqsadli yo‘naltirish imkoniyati yaratildi.

Minerlar resurslar hisoboti – jahon standartlari asosida

Bundan tashqari, “SRK Consulting” kompaniyasi (Buyuk Britaniya) bilan hamkorlikda 1930-2021 yillarda tayyorlangan jami 2 478 ta geologik hujjatlar, 874 ming pogonometr uzunlikda burg‘ulangan quduqlar bo‘yicha ma'lumotlar raqamlashtirilib, ularning yagona elektron bazasi “Datashed” va “Logchief” (Avstraliya) dasturiy ta'minoti yordamida yaratildi. Natijada geologik materiallar bilan ishlash bir necha o‘n marta jadallashtirilib, dunyo standartiga mos keladigan hamda investorlar tomonidan talab etiladigan JORC kodeksi asosida mineral resurslar hisobotini yuritish yo‘lga qo‘yildi.

1 yilda 10 tonna qog‘oz yoik 2 mln dona varaq tejaladi

Kombinat obyektlariga kirib-chiqish nazorati “E-Ruxsat”, elektron talonlar bilan ta'minlash “E-Talon”, moliya va buxgalteriya oylik elektron hisobotlar, kommunal xizmatlarni hisobga olish “Kommunal Billing”, xodimlarni ish haqi ma'lumoti “Oylik Bot” va tibbiy ko‘rikdan o‘tish “Elektron tibbiy karta” tizimlari joriy etildi.

Ushbu loyihalarni amalga oshirish evaziga yiliga 10 tonnadan ortiq qog‘oz (yoki 2 mln dona varaq) tejab qolinib, qog‘oz hujjatlar bilan bog‘liq operatsiyalarga ishchi resurslari va vaqt sarfi minimal darajaga tushirildi.

“Wialon” tizimi 8 oyda  117 mlrd iqtisod qildi

Ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish va zamonaviy axborot tizimlarini qo‘llash maqsadida jami 1700 ta transport vositasida “GPS” monitoringi amalga oshirilib, yonilg‘i nazoratini bajaruvchi “Wialon” tizimi takomillashtirildi. Natijada transport vositalarining ish jarayonini to‘liq tahlil qilish va ulardan foydalanish samaradorligi oshirilib,  joriy yilning 8 oyida 9350 tonnadan ziyod yonilg‘i (117 mlrd so‘m) iqtisod qilindi.

“PI System” samarasi

Mis boyitish fabrikasida “PI System” (Plant Information System) tizimi joriy etilib, texnologik jarayondagi ma'lumotlarni konsolidasiya va vizualizasiya qilish hamda qurilmalarni 10 mingdan ortiq teglar orqali onlayn nazorat qilish hisobiga tezkor qaror qabul qilish vaqti 2 barobarga qisqardi, uskunalarning samaradorligi 5 foizga oshirildi.

Xizmat ko‘rsatish vaqti 2 barobarga kamaydi

Yonilg‘i-moylash materiallari nazorati tizimida avtotransportga yoqilg‘i quyishga ID karta orqali ruxsat berish, kunlik limitlarni monitoring qilish hamda hisobotlarni elektron formatda yuritish ishlari yakuniga yetkazildi. Natijada, yiliga yonilg‘i xarajatlari 3-4 foizga kamaytirilib, yonilg‘i quyish shoxobchalarida xizmat ko‘rsatish vaqti 2 barobarga kamaydi va qog‘ozda xisobot yuritishdan voz kechildi. Ma'lumot uchun kombinatda yiliga 1700 ta avtotransportga 75 ming tonna yonilg‘i quyiladi.

Istiqboldagi rejalar

Joriy yil yakuniga qadar yana 22ta loyiha bo‘yicha ishlar yakuniga yetkaziladi. Jumladan, Angren kon boshqarmasida kon dispetcheri tizimi ishga tushirilib, shaxtalarda 44 dan ortiq transport va texnik vositalar ishini monitoring qilish hamda 759 nafar xodimlarni himoya qilish va sifatli aloqa bilan ta'minlash imkoniyati yaratiladi.

Masofaviy o‘qitish tizimida kombinat xodimlarini asosiy ish joyidan ajralmagan holda onlayn o‘qitish, ko‘nikma va malakalarni oshirish, maxsus ishlab chiqilgan dasturlar to‘plami asosida soha bo‘yicha kadrlarni tayyorlash va bilim darajasini monitoring qilish yo‘lga qo‘yiladi. Natijada, ish joyidan ajralmagan holda yiliga 1500 nafar xodimlar o‘qitiladi va 15 foizga xarajatlar qisqartiriladi.

Temir yo‘l transportiga texnik xizmat ko‘rsatish va ta'mirlash ishlarini boshqaruv tizimi RFID texnologiyasi asosida har bir temir yo‘l transporti bosib o‘tgan masofani aniq hisobga olib, avtomatik tarzda texnik ko‘rik va ta'mirni rejalashtirish, ularni sifatli amalga oshirish hisobiga xarajatlar 10 foizga yoki yiliga 7,3 mlrd so‘mga qisqartiriladi.

Mis boyitish fabrikasi suv ta'minotini avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimi joriy etilib, texnik suv sarfi optimallashtirilib, undan oqilona foydalanish yo‘lga qo‘yiladi hamda yiliga 5,4 mln tonna suv yoki 2,4 mlrd so‘m iqtisod qilinadi.

Xodimlar malakasini oshirish maqsadida MTTU MISiSning Olmaliq filiali qoshida “SIEMENS” (Germaniya) va “AVEVA” (Buyuk Britaniya) kompaniyalari bilan hamkorlikda o‘quv laboratoriyasi tashkil etilib, kadrlarni xalqaro standartlar darajasida o‘qitish va sertifikat berish yo‘lga qo‘yiladi.

“SIEMENS” va “SAP” (Germaniya), “AVEVA” va “Datamine” (Buyuk Britaniya), “Schneider Electric” (Fransiya) va boshqa xalqaro kompaniyalari bilan imzolangan 10 dan ziyod raqamlashtirish bo‘yicha anglashuv memorandumlari tuzilib, dunyoning yirik tog‘-kon metallurgiya kompaniyalari tomonidan raqamlashtirish sohasida amalga oshirilayotgan tashabbuslari o‘rganildi. Olmaliq kon-metallurgiya kombinatini raqamli transformasiya qilish uchun bir qator ustuvor loyihalar belgilab olindi.

Jumladan, moliya, g‘aznachilik, ishlab chiqarish va savdo faoliyatini, shuningdek, biznes jarayonlarini to‘liq avtomatlashtirish maqsadida hamda mahsulot tannarxini 3-4 foizga pasaytirishni nazarda tutgan holda “KPMG” konsalting kompaniyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan Konsepsiya asosida SAP ERP tizimi joriy etiladi.

Ishlab chiqarish jarayonlarini real vaqt rejimida nazorat qilish va tezkor boshqarish maqsadida MES tizimini ishga tushirish evaziga uskunalarning foydali ish samaradorligi 5-6 foizga oshirilib, rejadan tashqari to‘xtash vaqti 15 foizga qisqartiriladi. Bu o‘z navbatida mahsulot ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish va sifatini ta'minlash imkonini beradi.

“Qalmoqqir” va “Yoshlik I” konlarida ishlarini bajarishda tezkor boshqaruv tizimi joriy etilishi hisobiga tog‘ jinsini tashish hajmi 10 foizga oshib, kon texnikalaridan foydalanish xarajatlari 5-6 foizga, yonilg‘i sarfi 9 foizga kamaytiriladi.

Shuni bemalol ayta olamanki hozirda kombinatni 2022-2026 yillarda raqamli transformasiya qilish yo‘l xaritasida belgilangan vazifalarni zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalaridan foydalangan holda kon-metallurgiya tarmog‘i samaradorligini oshirish yo‘lida og‘ishmay harakat qilayapmiz.

Abdulla Azizov,

OKMK boshqaruvi raisining Raqamlashtirish bo‘yicha o‘rinbosari

Bo`lishmoq:
Text to speech