"Olmaliq kon-metallurgiya kombinati" aksiyadorlik jamiyati
Call-markaz
+998 78 141 90 99Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Call-markaz
+998 78 141 90 99Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Joriy yilning 30-aprel kuni OKMK Markaziy apparatida ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha komissiyaning kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda 2025-yilda amaldagi Jamoa shartnomasining bajarilishi sarhisob qilinib, 2026–2028 yilllarga mo‘ljallangan yangi Jamoa shartnomasi loyihasini tayyorlash masalalari atroflicha muhokama etildi.
Yig‘ilishda asosiy e’tibor yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi talablariga muvofiq ravishda xodimlarning huquqiy himoyasini kuchaytirish, ular uchun yaratilayotgan ijtimoiy kafolatlar va imtiyozlar hajmini yanada kengaytirishga qaratildi.
Ma’lumki, joriy yilning yanvar–fevral oylarida kombinatning barcha tarkibiy bo‘linmalari va korxonalarida amaldagi Jamoa shartnomasining bajarilishi hamda yangi shartnoma loyihasini muhokama qilishga bag‘ishlangan konferensiya va yig‘ilishlar o‘tkazildi. Ushbu jarayonda mehnat jamoalari tomonidan bildirilgan taklif va mulohazalar ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha komissiyaga taqdim etildi.
Muhokamalar davomida Jamoa shartnomasi loyihasini yanada takomillashtirishda ochiqlik va ishtirokchilik tamoyillariga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, hujjat loyihasini kombinatning barcha tarkibiy bo‘linmalarida ishchi-xodimlar ishtirokida keng muhokama qilish, har bir xodimga o‘z taklifini erkin bildirish imkonini yaratish belgilandi. Shu bilan birga, mehnat sharoitlarini yaxshilash, ish haqini indeksatsiya qilish, yosh mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlash va soha faxriylariga qo‘shimcha ijtimoiy imtiyozlar yaratish kabi muhim masalalarga alohida urg‘u berildi.
Kelib tushgan barcha takliflar komissiya tomonidan chuqur va har tomonlama o‘rganilib, Jamoa shartnomasi loyihasi yanada puxta ishlab chiqiladi. Hujjatning huquqiy jihatdan mukammalligini ta’minlash maqsadida u jamoatchilik ekspertizasidan o‘tkazish uchun O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi hamda kombinat Yuridik departamentiga taqdim etiladi. Bu esa shartnomaning har bir bandi amaldagi qonunchilikka to‘liq muvofiq bo‘lishini va xodimlar manfaatlariga xizmat qilishini ta’minlaydi.
Barcha bosqichlardan muvaffaqiyatli o‘tgan va puxta ishlangan Jamoa shartnomasi loyihasi kombinat mehnat jamoasining konferensiyasiga ma’qullash uchun kiritiladi.
Mazkur hujjat uch yil davomida OKMK va ko‘p ming sonli mehnat jamoasi o‘rtasidagi ijtimoiy sheriklikning mustahkam huquqiy asosi sifatida, o‘zaro ishonch, barqarorlik va taraqqiyotni ta’minlovchi, har tomonlama puxta ishlangan ustuvor strategik dasturga aylanadi.
Feruza Bazarova,
OKMK xodimlari kasaba uyushmasi
Kengashi raisining iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi