"Olmaliq kon-metallurgiya kombinati" aksiyadorlik jamiyati
Call-markaz
+998 78 141 90 99Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Call-markaz
+998 78 141 90 99Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan investitsiyaviy loyihalar kombinatga bo‘lgan qiziqishni tobora oshirmoqda. Ayniqsa, joriy yilning 16-mart kuni Prezidentimiz ishtirokida rasman ishga tushirilgan 3-Mis boyitish fabrikasi soha rivoji yangi bosqichga chiqqanini yaqqol namunasidir. Mazkur ulkan sanoat obyekti faoliyati va mis sanoatidagi islohotlar bilan yaqindan tanishish maqsadida 2026-yil 19-iyun kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga tashrif buyurishdi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Tadbirkorlik, raqobatni rivojlantirish va sanoat masalalari qo‘mitasi tashabbusi bilan tashkil etilgan tashrif avvalida deputatlar OKMK boshqaruv raisining xodimlar va ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Sa’di Shermatov hamrohligida “Metallurg” madaniyat saroyidagi muzeylar faoliyati bilan tanishdilar.
Dunyodagi eng yirik konlardan biri bo‘lgan, kombinat ishlab chiqarish zanjirining boshlang‘ich nuqtasi sanalgan Qalmoqqir konidagi ishlab chiqarish jarayoni ham deputatlarda katta taassurot qoldirdi.
Tashrif davomida parlament a’zolarining asosiy e’tibori mamlakat sanoat qudratini yangi bosqichga olib chiquvchi 3-Mis boyitish fabrikasiga qaratildi. Deputatlar fabrikaning ulkan ishlab chiqarish zanjiri, xususan, rudani qayta ishlashning muhim bo‘g‘inlari hisoblangan Yanchish majmuasi va raqamlashtirilgan Dispetcherlik markazi faoliyatini bevosita ko‘zdan kechirdilar.
Mehmonlar fabrikaning texnik imkoniyatlari, innovasion yechimlari va istiqboldagi rejalari haqida to‘liq ma’lumotga ega bo‘lishdi. Ushbu fabrika to‘liq quvvatga chiqqach, yiliga 60 million tonna madanni qayta ishlash quvvatiga ega bo‘ladi. Fabrikaning strategik ahamiyati avvalo uning mamlakat iqtisodiyoti va aholi bandligiga qo‘shayotgan hissasida namoyon bo‘ladi. Loyiha to‘liq quvvatda ishlay boshlagach, ko‘plab yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Eng muhimi, mazkur ish o‘rinlarining asosiy qismi zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega mahalliy mutaxassislar hamda yosh kadrlar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Ishlab chiqarish nuqtai nazaridan qaraganda, fabrikada har yili ishlab chiqariladigan mis konsentrati tarkibidan mis, shuningdek oltin, kumush va boshqa qimmatbaho hamda rangli metallar ajratib olinadi. Tayyor mahsulot keyingi texnologik bosqich Mis eritish zavodiga uzluksiz yetkazib beriladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, fabrika to‘liq quvvatga chiqqandan so‘ng Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida mis konsentratining kunlik ishlab chiqarish hajmi ham sezilarli ravishda oshadi.
Parlament a’zolari kombinatda amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarini mamlakatimiz iqtisodiy qudratini yuksaltirishda muhimligini e’tirof etishib, soha rivojiga huquqiy jihatdan ko‘maklashishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Axborot xizmati