• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

“Oltin beshik” bog‘chasi foydalanishga topshirildi

29 Avgust 2022, 17:30 2275

Olmaliq kon metallurgiya kombinati nafaqat ishlab chiqarishda ilg‘or, balki ijtimoiy sohani qo‘llab-quvvatlashda ham alohida jonbozlik ko‘rsatib keladi.

Bugun mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning bosh mezoni “Inson qadri uchun” degan ustuvor tamoyil asosida ekanligi sir emas. Olmaliq kon-metallurgiya kombinati  faoliyatida ham bu tamoyil ustuvor ekanligini ko‘rish mumkin. Olmaliq shahrida ijtimoiy sohani rivojlantirish yo‘lida kombinat yo‘llarni asfaltlash, ko‘chalarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, shu jumladan, “Yashil makon” dasturi doirasida ko‘p qavatli uylar hududlari va shahar ko‘chalarida daraxt ko‘chatlarini ekish, tartibga keltirish, ozodalikni saqlash borasida katta hajmdagi ishlarni olib bormoqda.

Jumladan, kombinat tomonidan joriy yilda mamlakatimiz mustaqilligining 31 yilligi arafasida 39-sonli “Oltin beshik” maktabgacha ta'lim tashkiloti ham to‘liq ta'mirlanib, zamonaviy qiyofaga keltirgan holda farzandlarimizga foydalanishga topshirildi.

Zamonaviy qiyofaga keltirilgan 39-sonli “Oltin beshik” maktabgacha ta'lim tashkilotining tantanali ochilish marosimi bugun bo‘lib o‘tdi.

Unda OKMK boshqaruvi raisi, senator Abdulla Xursanov, quruvchilar va MTT ishchi-xodimlari ishtirok etishdi.

Tadbirda so‘z olgan A.Xursanov ushbu ta'lim muassasasi zamon talablariga javob berishini, bolajonlar uchun barcha sharoitlar yaratilganini ta'kidlab, kombinat tomonidan bu kabi ezgu amallar bardavomlik kasb etishini ma'lum qildi. Shuningdek, OKMK boshqaruv raisi kombinat ishchi-xodimlarining farzandlari ishonchli qo‘lda ekanliklari, ushbu bog‘cha boshqa muassasalarga namuna bo‘lishini lozimligini bildirdi.

Tadbir davomida bir guruh quruvchilar va MTT ishchi-xodimlari esdalik sovg‘alari bilan rag‘batlantirildi va ramziy lenta qirqilib, muassasa rasman foydalanishga topshirildi.

Ishtirokchilar yangi ta'mirdan chiqqan MTT binosini ko‘zdan kechirishdi. Ishlab chiqarishni avtomatlashtirish boshqarmasi xodimlari tomonidan kombinat bog‘chalariga navbatga turish jarayoni raqamlashtirilgan bo‘lib, ushbu yangilikning ham taqdimoti o‘tkazildi.

Ozoda Kamolova – MTT mudirasi: - Prezidentimiz tomonidan mamlakatimizda maktabgacha ta'lim sohasiga alohida e'tibor qaratib kelinmoqda. Sohada olib borilayotgan islohotlar bois maktabgacha ta'lim tashkilotlari tubdan o‘zgarib, zamonaviy qiyofa kasb etmoqda. Bizning bog‘chamiz ham mutlaq yangi qiyofaga keltirilib, barcha zaruriy jihzlar bilan ta'minlandi. Bog‘chada bolajonlar uchun barcha sharoitlar yaratildi. Endilikda bizdan bolajonlarni tarbiyalashda faqat va faqat mas'uliyat talab etiladi. Fursatdan foydalanib, kombinat rahbariyatiga ota-onalar, muassasa xodimlari nomidan minnatdorchiligimizni bildirib qolaman.

39-sonli bog‘cha 1990 yilning 28 sentyabr sanasida foydalanishga topshirilgan bo‘lib, shu kunga qadar ushbu obyektda mukammal ta'mirlash ishlari olib borilmagan. Ushbu obyekt uchun kombinat tomonidan jami 6,4 mlrd.so‘m pul mablag‘lari ajratilib, yangi zamonaviy qiyofaga keltirildi. Ilgari bu bog‘chada 9ta guruh faoliyat yuritib, ularda jami 216 nafar bolajonlar tarbiyalanib kelishgan. Endilikda esa guruhlar soni 13taga yetkazildi, ya'ni 312 nafar bolalar bu yerda tarbiya olishadi.

Mazkur MTMda zamonaviy ta'lim-tarbiya uchun barcha sharoitlar muhayyo etilgan. Bolalar yotoqxonalari, ta'lim-tarbiya xonalari, musiqa xonasi va jismoniy tarbiya  zali  to‘liq jihozlandi. Har bir xona sensorli interaktiv doskalar bilan ta'minlandi. Bog‘cha binosining ichida qishki basseynda bolajonlar suzish mashg‘ulotlari bilan shug‘ullanish imkoniga ega bo‘lishdi. Shuningdek, shifobaxsh choylarni taqdim etuvchi fitobar ham tashkil etildi.

Ushbu shart-sharoitlar albatta, kelajagimiz bo‘lgan bolajonlarning  jamiyatimiz uchun barkamol, har tomonlama yetuk inson sifatida ulg‘ayishiga xizmat qiladi.

Bugungi kunda kombinat Olmaliq shahridagi ikkita katta tibbiyot muassasalarini rekonstruksiya ishlariga ham homiylik qilayapti. Bundan tashqari, kombinat har yili 1 tadan maktabgacha ta'lim tashkilotini mukammal ta'mirdan chiqarib keladi. Joriy yilning 1 oktyabr kunidan  boshlab 33-sonli maktabgacha ta'lim tashkilotida ham mukammal ta'mirlash ishlari boshlanadi.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech