Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 71) 619-23-33Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 71) 619-23-33Joriy yilning 16-mart kuni Olmaliq shahrida Navro‘z bayrami “Qadriyatlaring boqiy bo‘lsin, Navro‘z!” shiori ostida keng nishonlandi. Bu yilgi Navro‘z bayramiga Olmaliq shahar hokimligi va Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tomonidan qizg‘in tayyorgarlik ko‘rildi.
Navro‘zi olam qadimiy va teran falsafaga ega bayram ekanligi betakror qadriyatlarimizda o‘z aksini ko‘rsatadi. Do‘st-u birodarlari va mehrga muhtoj insonlarga bayram quvonchini ulashish, tuhfalar bilan siylab Navro‘z ne'matlarini birga baham ko‘rish yurtimizda tinchlik, farovonlik, yaxshilik va ezgulikning hukm surayotganini namoyon etadi. Dasturxon atrofida jamul jam bo‘lgan chehralarda ham bahor sog‘inchi bilan bu osuda hayotning har bir kuniga shukronalik hissi mujassamligi Navro‘zning mehr oqibat, birdamlik ayyomi ekanligini isbotlaydi.
“Metallurg” madaniyat saroyi va “Yoshlar bog‘i” atrofida kombinat tarkibiy bo‘linmalari tomonidan tayyorlangan milliy va qardosh xalqlarning qadriyatlari va urf-odatlarini aks ettirgan ko‘rgazmalar olmaliqliklarga bayramona kayfiyat baxsh etdi. Rus, koreys, kavkaz, turk, arab, qirg‘iz, qozoq va boshqa millatlarning urf-odatlari va a'nalarini, milliy taomlar-u, sa'natini ifoda etgan sahna ko‘rinishlari Narvro‘z millatlararo do‘stlikni tarannum etuvchi ayyom ekanligini namoyish etdi.
Shahar ta'lim muassasalari o‘quvchilari tomonidan tayyorlangan qo‘l mehnati ko‘rgazmalari, kurash, arqon tortish, taekvon-do, darts, shashka, shaxmat, stol tennisi, boks, bahodirlar o‘yini kabi sport turlari bo‘yicha musobaqalar shiddatli bahslarga boy bo‘ldi.
Ayniqsa, “qarabtep”(lanka), “oq terakmi ko‘k terak”, “eshak mindi” kabi milliy sport o‘yinlari yosh-u qarini birlashtirdi.
Bolajon bog‘ida kichkintoylar uchun o‘tkazilgan turli o‘yinlar hamda “Varrak uchirish” bahslari bolajonlarga bir olam zavq ulashdi.
Sayil yakunida Navro‘z bayramida faol ishtirok etib, barchaga xushkayfiyat baxsh etgan korxona va tashkilotlar OKMK tomonidan qimmatbaho sovg‘alar bilan rag‘batlantirildi.
Jumladan, eng kreativ, a'lo darajadagi tashkilotchilik va serqirraligi uchun 3-MBF mehnat jamoasi Oliy o‘rin – Gran-priga sazovor bo‘lib, qimmatbaho sovgʻa bilan taqdirlanishdi.
“Bolajon” bog‘ida “Navro‘z” shaharchasini barpo etib, bolajonlarga bayramona kayfiyat ulashgan IOB mehnat jamoasi 1-o‘ringa loyiq ko‘rildi.
Kavkaz xalqlari milliy madaniyati va san'atini targ‘ib etishdagi ijodiy yondashuvi uchun Ixtisoslashtirilgan ta'mirlash ishlar boshqarmasi mehnat jamoasi 2-o‘ringa sazovor bo‘ldi.
Non saylini va milliy taomlar ko‘rgazmasini mahorat bilan tashkil etgan, “Yashil makon” umummilliy dasturi ijrosiga alohida e'tibor qaratgan, mehnat jamoasidagi ahillik va ijodkorlik uchun Iste'mol mollari ishlab chiqarish boshqarmasi 3-o‘rin bilan taqdirlandi.
Shuningdek, eng tashkilotchi jamoa nominatsiyasi bilan sumalak saylini yuqori kayfiyatda tashkil etgan, pavilonida Rus xalqi madaniyati va san'ati, urf-odat va an'analarini aks ettirgan Mis boyitish fabrikasi rag‘batlantirildi.
O‘zbek xalqining betakror madaniyati va san'ati, milliy taomlari, sumalak, tandir somsa-yu oshini mahorat bilan tayyorlagan Sanoat temiryo‘l transport boshqarmasi “Eng fidoyi jamoa” nominatsiyasiga munosib ko‘rildi.
Turk madaniyati va san'atini ajoyib ijro etishgan, turk xalqi milliy taomlarini mahorat bilan tayyorlashgan Markaziy ta'mirlash mexanika zavodi “Eng ijodkor jamoa” nominanti bo‘lishdi.
O‘zbek milliy urf-odatlarini va qadriyatlarini mahorat bilan aks ettirgan Rux zavodi mehnat jamoasiga esa “Eng mahoratli jamoa” nominatsiyasi berildi.
Qirg‘iz xalqi urf-odatlarini, madaniyati va milliy taomlari ko‘rgazmasini ajoyib tarzda tashkil eta olgan 2-Mis boyitish fabrikasi mehnat jamoasi “Eng go‘zal do‘stlik targ‘iboti” nominanti g‘olibi bo‘lishdi.
Shuningdek, “Olmaliqmetallurgqurilish” tresti “Eng izlanuvchan jamoa”, Kovuldi koni “Xalqlar do‘stligi targ‘iboti uchun” nominatsiyalariga loyiq ko‘rildi.
Bundan tashqari, Qalmoqqir kon boshqarmasi va Issiqlik elektr markazi mehnat jamoalari ham rag‘batlantiruvchi nominatsiyalar bilan taqdirlanishdi.
Bundan tashqari, Mis eritish zavodining qo‘li gul hunarmand ishchisi Shahzoda Qo‘shmatova “Oltin qo‘l” nominatsiyasi bilan rag‘batlantirildi.
Texnologik transport boshqarmasining ijodkor va qo‘li gul, ko‘plab yoshlarga ustoz, rassom Qahramon Risqulov “Eng ajoyib rassom” nominatsiyasiga sazovor bo‘ldi.
Kulolchilik san'atini targ‘ib etgan Avtomobil transport boshqarmasi “Ustoz-shogird” an'anasi targ‘ibotini usta kulol Jo‘rabek Ashurov ishtirokida keng targ‘ib etgani uchun rag‘batlantirildi.
Shuningdek, xalq saylida ajoyib ko‘rgazma va pavilonlarni tashkil etishgani uchun shahar maktabgacha va maktab ta'limi bo‘limi, shahar tibbiyot birlashmasi, mahallalar uyushmasi, xotin-qizlar faollar, qurilish va uy-joy kommunal xo‘jalik bo‘limi kabi muassasalar ham qimmatbaho sovg‘alar taqdirlanishdi.
“Metallurg” madaniyat saroyi ijodiy guruhlar tomonidan tayyorlangan konsert dasturi shahrimiz aholisi va mehmonlar e'tiboriga havola etildi.
Shuningdek, “Yoshlar bog‘i”da milliy sport musobaqalari, teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishlari, musiqiy ko‘ngilochar dasturlar namoyishlari hamda sumalak, halim, palov, ko‘k somsa, chuchvara va boshqa milliy taomlarni tayyorlash bo‘yicha tanlovlar ham barchaga manzur bo‘lishi shubhasiz.
OKMK Axborot xizmati
Sahifadagi xatolar bo`yicha manzil:
Matn xato bilan:
Sizning izohingiz yoki to`gri versiya: