Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Angren kon boshqarmasi “Olmaliq KMK” AJning boyitilgan konsentralarni olishga asoslangan kon qazib olish va rudalarni qayta ishlashga ixtisoslashtirilgan eng yetakchi korxonalaridan biri hisoblanadi. 1966-yilda loyiha quvvati 50 ming tonna ruda qazib olish bo‘lgan Ko‘chbuloq koni tajriba–eksremental korxona sifatida topshirilishi bilan kon boshqarmasiga asos solingan. 1975-yilda tugab borayotgan zahiralarni to‘ldirish va konning quvvatlarini yiliga 200 ming tonaga chiqarish maqsadida “Slepoy –Kapitalniy” stvoli pastki gorizontlari zahiralarini ochish ishlariga kirishildi. 1975-yilda Angren oltin qazib olish koni va Oltin saralash fabrikasi “O‘zolmosoltin” ishlab chiqarish birlashmasi tarkibiga kiritildi. Angren kon maydonida ayni kunlarda faoliyat yuritayotgan Ko‘chbuloq, Qizil-Olma, Razvedochnaya, Samarcho‘q, Samg‘uron, Qayrag‘och kon va shaxtalari geologik o‘rganib chiqilishi tarixi o‘ziga xos bosqichliklarni bosib o‘tgan.
Angren kon boshqarmasi tarkibidagi birinchi bo‘lib faoliyati yo‘lga qo‘yilgan Ko‘chbuloq koni Qurama tog‘ tizmalarining shimoliy qismida joylashgan bo‘lib 1959-yilda topilgan, 1960-va 2000-yillar davomida qidiruv-baholash va navbatdagi mufassal razvedka ishlari bosqichma-bosqichliklarda olib borildi. 1974-yildan esa kon ekspluatasiyaga topshirildi. Ayni kunga kelib kon maydonida sanoat zahiralariga ega bo‘lgan Markaziy, Samarcho‘q, Chumovuq, Levoberejniy va Mejdurechye razvedka qilinishiga muvaffaq bo‘lingan.
Mazkur uchastkalarning asosiy zahiralari Markaziy uchastkasida to‘plangan. Uchastkada jami 130 tonnadan ortiq oltin zahiralari razvedka qilingan. Kon maydonining istiqbollari yuqoridir, chunonchi razvedka qilingan zahiralarning yarmi С1 toifasiga taalluqli va ular anchayn chuqur gorizontlar bilan bog‘langan. O‘n bitta ruda tanasidan uchtasi 92% oltin tarkibli hisoblanadi. Aynan ushbu kon maydoni negizida 2012-yildan boshlab “Uzun” uchastkasidagi 3a va 25a shtol'nyalarida 2015-yildan esa 17a shtolnyasida kon o‘tish va qazib olish ishlari boshlab yuborildi. Mazkur konning yana bir e'tirofga molik shaxtalaridan biri “Samg‘uron” shaxtasidir. Sharqiy Qurama Geologiya-qidiruv ekspedisiyasi tomonidan 1990-yillarda o‘rganilgan bir qator shtolnyalar Angren konchilariga topshirildi. 1995-yilda “Gornaya” shaxtasi faoliyati yo‘lga qo‘yilib unga keyinchalik “Samg‘uron” nomi berildi. 2002-yil oktabr oyiga kelib bir qator shtoln'yalar gorizontlarida kon qazish ishlari yo‘lgan qo‘yilgan shaxta sifatida Angren kon boshqarmasi tarkibiga qo‘shib olindi. Qo‘chbuloqning yaqin yillar ichida o‘zlashtirilgan va istiqbolli konlaridan biri sifatida baholanayotgan “Qayrag‘och” shaxtasi imkoniyatlar va zahiralari Rangli metallar geologiyasi ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi tomonidan mufassal baholanganidan so‘ng, 2014-yilda shaxta qurilishi ishlariga kirishildi. 2014-yil dekabr oyiga kelib 1 va 1a shtolniyalari tog‘-kon o‘tish ishlarini amalga oshirish uchun Angren kon boshqarmasi balansiga topshirildi. Ko‘chbuloq, Qizil-olma kon maydonlarida uzoq yillar davomida olib borilgan geologik–qidiruv ishlari va yangi konlarning foydalanishga topshirilishi Angren kon boshqarmasining yillik ishlab chiqarish quvvatlarini 700 ming tonaga chiqarish imkonini yaratdi. Qizil Olma koni negizida faoliyati joriy yilda yo‘lga qo‘yilgan “Samarcho‘q” va ”Mejdurechye” uchastkalarida olib borilgan geologik qidiruv ishlarga doir ma'lumotlarni navbatdagi maqolamizda e'lon qilamiz. Xulosa o‘rnida shuni ta'kidlash zarurki, Ko‘chbuloq kon maydonining rudalari kompleks ko‘rinishda bo‘lib, oltin va kumushdan tashqari mis, vismut, selen va telurni o‘z tarkibida mujassam etgan. Mazkur yo‘ldosh komponentlarni ma'danlardan ajratib konsentrat holatiga o‘tkazish qo‘shimcha sarf-harajatlarni talab qilmaydi. Eng asosiysi, 2012-yildan buyon Olmaliq kon metallurgiya kombinati tarkibida faoliyat yuritayotgan Angren kon boshqarmasi tomonidan mamlakatimiz rahbarining qarorlari asosida Qizil Olma koni negizida “Samarcho‘q” va “”Mejdurechye” yer osti kon qazib olish uchastkalarini qurish ishlari jadal olib borilmoqda. Mazkur investision loyihalar amalga oshirilishi bilan yillik kon qazib olish quvvati 120 000 va 100 000 tonnani tashkil etadigan konlardan qazib olinayotgan ma'danlar mamlakatimiz iqtisodiy qudrati yuksalishiga xizmat qiladi.
Hasan Abdullayev,
“Rangli metallar” gazetasi muxbiri