• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Raqamlashtirilgan o‘quv sinov xonasi yuqori samaradorlik omili

13 Sentyabr 2024, 9:34 427

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati texnologik ishlab chiqarish zanjirida so‘nggi bo‘g‘in sanalgan Mis eritish zavodida mutaxassislarning malakasini oshirish, kasbiy mahoratlarini yanada rivojlantirish maqsadida zamonaviy sinov o‘quv xonasi foydalanishga topshirildi.

Mazkur raqamlashtirilgan sinov o‘quv xonasi zavodning Texnologik jarayonlarni boshqarishning avtomalashtirilgan tizimi xizmati mutaxassislari tomonidan tashkil etildi.

Xizmatning yetakchi muhandis dasturchisi Jasurbek Matkarimovning ma'lum qilishicha, sinov o‘quv xonasi zamonaviy o‘qitish texnologiyalari bilan jihozlangan bo‘lib, metallurglarning kasbiy mahoratlarini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

O‘quv sinov xonasini tashkil etishdan asosiy ko‘zlangan maqsad Mis eritish zavodidagi murakkab texnologik jarayonlarni avtomatlashtirilgan tizimda boshqarish uchun yuqori malakali texnologik xodimlar, nazorat o‘lchov asboblari va avtomatlashtirish sozlovchilari shuningdek, muhandis dasturchilarni qisqa muddatda  tayyorlashdan iborat.

Masalan avvallari, Vanyukov pechi erituvchisi, Sulfat kislota sexi aparatchisi, Muhandis dasturchi, Nazorat o‘lchov asboblari va avtomatika sozlovchisi kabi kasb egalarini texnologik jarayon paytida o‘qitish uchun 6 oy muddat ketgan bo‘lsa, yangi sinov o‘quv xonasida ushbu muddat 1 oy davom etadi.

Yana bir ahamiyatli jihati mutaxassislar sinov o‘quv xonasi yordamida texnologik jarayonni (Vanyukov pechi, sulfat kislota ishlab chiqarish sexi) avtomatlashtirilgan boshqarish tizimida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan xatoliklar va nosozliklarni faol ishlab turgan boshqarish tizimga xalaqit bermagan holda bartaraf qilishni sinab ko‘rishadi.

O‘quv xonasida texnologik jarayonni boshqarishda ro‘y berishi mumkin bo‘lgan avariya holatlariga xodimlarni amaliy muntazam tayyorlab borish va tahlil qilish yo‘llari ham o‘rgatib boriladi.

Texnologik jarayonni avtomatlashtirilgan boshqarish tizimining dasturiy ta'minoti loyhasini o‘zgartirish zaruriyati paydo bo‘lganda, loyihadagi o‘zgarishlarni yakka holda o‘quv sinov stendida amalga oshirish imkoniyati ham mavjud. Bu mutaxassislarga faol ishlab turgan texnologik jarayonini to‘xtatmagan holda amalga oshirish imkonini beradi.

Misol uchun Vanyukov pechining 1 soatga to‘xtatilishi ishlab chiqarish ko‘rsatgichlariga juda katta ta'sir ko‘rsatadi.

O‘quv xonasi Vanyukov pechi hamda sulfat kislota ishlab chiqarish sexidagi texnologik ishlab chiqarish jarayonidan andaza olingan holda jihozlanib, uskunalarning simulyatorlari ham o‘rnatildi. Bu yerda mis quyish anod pechi maketi, o‘quv stendi, elektr o‘tkazgich, pnevmatik ijro mexanizmi kabi qurilmalarning portativ shakllari mavjud.

O‘quv xonasida xizmat dasturchilari tomonidan yaratilgan “Raqamli juftlik(dvoynik)” dasturi yordamida simulyator orqali o‘qitish jarayoni olib boriladi.

Bir so‘z bilan aytganda zavodda tashkil etilgan raqamli sinov o‘quv xonasi mutaxassislarni qayta tayyorlashda yuqori samaradorlikni ta'minlaydi.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech