Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Bugun Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi delegatsiyasi tashrif buyurdi.
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov boshchiligidagi delegatsiya a'zolari “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar hamda axborot texnologiyalari va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish borasida qilinayotgan ishlar bilan yaqindan tanishishdi.
Jumladan, mehmonlar dastlab Qalmoqqir koniga borishib, texnologik ishlab chiqarish jarayonini ko‘zdan kechirishdi.
Megaloyiha sifatida e'tirof etilayotgan “Yoshlik-1 konini o‘zlashtirish” investitsiyaviy loyihasi bilan ham mehmonlar yaqindan tanishdilar.
2023-yilning 4-choragida “Qalmoqqir” va “Yoshlik I” konlarida ishlarini bajarishda tezkor boshqaruv tizimi joriy etilishi hisobiga tog‘ jinsini tashish hajmi 10 foizga oshib, kon texnikalaridan foydalanish xarajatlari 5 foizga, yonilg‘i sarfi 9 foizga kamaytirilishi ta'kidlandi.
Texnologik transport boshqarmasida bo‘lgan mehmonlarga transport sohasiga joriy etilgan raqamlashtirishning samaradorligi haqida to‘liq ma'lumot berildi. Unga ko‘ra, ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish va zamonaviy axborot tizimlarini qo‘llash maqsadida jami 1700 ta transport vositasida “GPS” monitoringi amalga oshirilib, yonilg‘i nazoratini bajaruvchi “Wialon” tizimi takomillashtirildi. Natijada transport vositalarining ish jarayonini to‘liq tahlil qilish va ulardan foydalanish samaradorligi oshirilib, joriy yilning 8 oyida 9350 tonnadan ziyod yonilg‘i (117 mlrd so‘m) iqtisod qilindi.
Yonilg‘i-moylash materiallari nazorati tizimida avtotransportga yoqilg‘i quyishga ID karta orqali ruxsat berish, kunlik limitlarni monitoring qilish hamda hisobotlarni elektron formatda yuritish ishlari yakuniga yetkazildi. Natijada, yiliga yonilg‘i xarajatlari 3-4 foizga kamaytirilib, yonilg‘i quyish shoxobchalarida xizmat ko‘rsatish vaqti 2 barobarga kamaydi va qog‘ozda hisobot yuritishdan voz kechildi. Ma'lumot uchun kombinatda yiliga 1700 ta avtotransportga 75 ming tonna yonilg‘i quyiladi.
Delegasiyaning navbatdagi manzili Mis boyitish fabrikasi bo‘ldi. Mis boyitish fabrikasida “PI System” (Plant Information System) tizimi joriy etilib, texnologik jarayondagi ma'lumotlarni konsolidatsiya va vizualizatsiya qilish hamda qurilmalarni 10 mingdan ortiq teglar orqali onlayn nazorat qilish hisobiga tezkor qaror qabul qilish vaqti 2 barobarga qisqarib, uskunalarning samaradorligi 5 foizga oshirilgani to‘g‘risidagi ma'lumotlar mehmonlarga ma'lum qilindi.
Shundan so‘ng, OKMK Ijro apparatida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov hamda OKMK rahbariyati o‘rtasida uchrashuv tashkil etildi.
Unda OKMK boshqaruvi raisining Raqamlashtirish bo‘yicha o‘rinbosari Abdulla Azizov kombinatda amalga oshirilayotgan “Raqamli OKMK” konsepsiyasi doirasidagi ishlar bo‘yicha taqdimot o‘tkazdi.
Ta'kidlanishicha, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining barcha tarkibiy bo‘linmalarida boshqaruv va texnologik ishlab chiqarish jarayonlariga raqamlashtirish keng joriy etilmoqda. Natijada yuqori mehnat samaradorligiga erishilayapti. Jumladan, kombinatni 2022-2026 yillarda raqamli transformasiya qilish yo‘l xaritasi ishlab chiqilib, joriy yilga rejalashtirilgan 60 ta loyihadan loyihadan 35 tasi bo‘yicha ishlar yakuniga yetkazilgan.
Uchrashuvda o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalari ham muhokama etildi.
Axborot xizmati