• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Ratsionalizatorlik taklifi yiliga 100 mln soʻmga yaqin mablagʻni tejash imkonini beradi

18 Aprel 2024, 10:28 1043

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tarkibiy boʻlinmalari mutaxassislari tomonidan ishlab chiqarish tannarxini tushirish va bu orqali iqtisodiy samaradorlikka erishish boʻyicha koʻplab ixtirochilik va ratsionalizatorlik takliflari ilgari surilmoqda.

Jumladan, Sanoat temiryoʻl transporti boshqarmasi mutaxassislari Ibrohim Akramov, Erkin Akbaraliyev, Hayot Odilov va Temurmalik Xalilovlar tomonidan ilgai surilgan “Izolyatsiya qiluvchi vtulka” ishlab chiqarish ratsionalizatorlik taklifi muhim ahamiyatga ega.

Maʻlumot uchun: izolyatsiya qiluvchi vtulka ЦП142 temir yoʻl konstruksiyalarida qoʻllaniladi va temir-beton shpallarda KB-50 va KB-65 alohida oraliq mahkamlash qismi sifatida ishlatiladi. Bu temir yoʻlni oraliq mahkamlagichlari hamda M22x175 vintlarning elektr izolyatsiyasi sifatida xizmat qiladi.

Temir yoʻllarni oʻrta, kapital ta’mirlash, relslarni almashtirish va strelkalarni kapital ta’mirlash uchun texnologik jarayonga koʻra, ishlarni bajarishda, ya’ni temir yoʻl izini rejali va kapital ta’mirlashda izolyatsiya qiluvchi vtulka ЦП142 ishlatiladi. STTBda izolyatsion vtulkalarning oʻrtacha sarfi yiliga 57 000 donani tashkil etadi.

Bugungi kunda ushbu mahsulotga talab katta ekanligini va yetishmovchilik kuzatilayotganligini, vtulka xorijdan valyutaga harid qilinishini hisobga olsak, mutaxassislar tomonidan taklif etilayotgan ratsionalizatorlik taklifi dolzarb sanaladi.

Shuningdek, E. Ashpiz tomonidan tahrir qilingan “Temir yoʻl” kitobida izolyatsion vtulkalardan qayta foydalanish maqsadga muvofiq emasligi koʻrsatilgan. Ammo, ushbu mahsulotning yetishmasligi tufayli uni qayta ishlatishga toʻgri kelmoqda. Bu esa boshqa temir yoʻl materiallarining xizmat qilish muddatiga salbiy taʻsir oʻtkazishi mumkin.

Mutaxassislar tomonidan izolyatsiya qiluvchi vtulka ЦП142 parametrlariga oʻzgartirishlar kiritilib, STTB sharoitida polietilendan (granulalardan) izolyatsiya qiluvchi vtulka ishlab chiqarish gʻoyasi ilgari surilgan.

Ushbu ratsionalizatorlik taklifi ishlab chiqarishga tatbiq etilsa temir yoʻllarni taʻmirlash xarajatlari kamayadi, rejali taʻmirlash ishlarining oʻz vaqtida bajarilishi taʻminlanadi, ushbu ehtiyot qismning xizmat muddati uzaytiriladi.

2024-yilning fevral oyida sinov tariqasida ishlab chiqarilgan 2000 dona izolyatsiya qiluvchi vtulkalarda salbiy jihatlari namoyon boʻlmagach, mart oyida ham 2000 dona mahsulot tayyorlanib, foydalanishga topshirildi. Shuningdek, bugungi kunda ushbu mahsulotni doimiy ravishda ishlab chiqarish jarayoni yoʻlga qoʻyilmoqda.

Sanoat temiryoʻl transporti boshqarmasi 3-temir yoʻl sexining tayyorlov uchastkasida ushbu mahsulotni ishlab chiqarish jarayoni yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, asosiy xom ashyo sifatida polietilen F 0120S (granula) dan foydalaniladi. Mahsulot eritilib, press formaga quyib, maxsus jarayonlardan oʻtgazilgandan soʻng tayyor ehtiyot qism hosil qilinadi.

Bugungi kunda izolyatsiya qiluvchi vtulka ЦП142 ning 1 donasi oʻrtacha 6 969 soʻmni tashkil etsa, hozirgi kunda STTB sharoitida polietilendan (granulalardan) ishlab chiqarilayotgan mahsulot tannarxi 5 264 soʻmni tashkil etmoqda.  Izolyatsion vtulkalarning oʻrtacha sarfi yiliga 57 000 donaligini hisobga olsak yiliga 97 185 000 soʻm mablagʻ tejalishiga erishiladi.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech