Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Joriy yilning 14-18 noyabr kunlari “O‘zekspomarkaz” milliy ko‘rgazmalar majmuasida Respublika tarmoqlararo sanoat yarmarkasi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Toshkent shahri hokimligi va Raqamli transformatsiya markazi hamkorlikda tashkil etilgan sanoat yarmarkasida Olmaliq kon-metallurgiya kombinati ham ishtirok etdi.
Mahalliy ishlab chiqaruvchilarni bir platformada jamlash, o‘zaro fikr va tajriba almashish uchun sharoit yaratish maqsadida tashkil etilgan ushbu yirik tadbirda 944 korxonaning 9350 nomdagi mahsulotlar ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Mazkur yarmarka respublikaning yirik sanoat tashkilotlari bilan mahalliy sanoat korxonalari o‘rtasidagi ishlab chiqarish kooperatsiyasini yanada kengaytirishga qaratilgan.
Yarmarkada yirik tarmoq korxonalari tomonidan xarid qilingan import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ham namoyish etildi. Bu o‘z navbatida, mahalliy sanoat korxonalari uchun importbop tovarlar ishlab chiqarish hisobiga faoliyat ko‘lamini kengaytirish, raqobatbardosh sanoat mahsulotlari turini oshirish uchun yangi biznes g‘oyalarini ishlab chiqish imkonini beradi.
Yarmarkada OKMK tomonidan 500 dan ortiq turdagi import mahsulotlari, jumladan, kimyoviy mahsulotlar, portlatish vositalari, metallprokat, ferroqotishmalar va boshqalarni taqdim etdi. Shuningdek, kombinat tomonidan ishlab chiqarilayotgan 150 turdan ziyod mahsulotlar, jumladan, mis va rux mahsulotlari, sement, fosforit mahsulotlari, sulfat kislotasi, nodir metallar va qattiq qotishmalar namoyish etildi.
Sanoat yarmarkasida OKMK tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar taqdimoti o‘tkazilib, mamlakatimizda ishlabi chiqarilishi o‘zlashtiriladigan 2500 dan ziyod import mahsulotlar katalogi ham tarqatildi.
Tadbir ishtirokchilari va mehmonlari Respublikada yangi mahsulotlarni o‘zlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan yangi loyihalar bilan tanishishdi. Jumladan, Koreya davlat bilan tashkil etilgan metallarni qayta ishlovchi uskunalarni ishlab chiqaradigan «AGMK-KOMA-HANKOOK» qo‘shma korxonasi, Germaniya bilan tashkil etilgan metallarni qaytish ishlovchi markazlar tayyorlaydigan «AGMK-ABM-ME- SOLUTIONS GP» qo‘shma korxonasi bilan tanishtirildi.
Shuningdek, yarmarkada temiryo‘l transporti uchun 74 turdagi qo‘yish mahsulotlarini ishlab chiqaradigan “Quyuv-mexanika zavodi” MChJ, yillik ishlab chiqarish hajmi 250 mlrd so‘m bo‘lgan uskunalarga quyish buyumlarini ishlab chiqarishni o‘zlashtirish bo‘yicha “Olmaliq quyuv-mexanika zavodi” MChJ kabi korxonalar ham ishtirokchilarga namoyish etildi.
Shuningdek, “Yoshlik-1 investitsiyaviy loyhasi” doirasida barpo etilayotgan, tegirmonlar, nasoslar, elaklar, gidrosiklonlar va tegirmonlarga, ekskavatorlarga va maydalagichlarga ehtiyot qismlar ishlab chiqaruvchi yangi “Mashinasozlik zavodi” loyihasi ham yarmarkada tanishtirildi.
OKMK mazkur sanoat yarmarkasida mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan muzokaralar natijasida mahsulotlar sotib olish va sotish uchun 426 mlrd so‘mlik shartnomalar imzolandi. Shundan kooperatsion portali orqali 342 mlrd so‘mga shartnomlar tuzildi.
Respublika tovar xom ashyo birjasi orqali tayyor mahsulotlarni sotish bo‘yicha 84 mlrd so‘mlik shartnomalar imzolandi.
Ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun OKMK tomnidan kooperatsion portali orqali joriy yilning boshidan hozirgacha 1 142,2 mlrd so‘mlik shartnomalar imzolanganini alohida ta'kidlash joiz.
Tarmoqlararo sanoat yarmarkalarini o‘tkazilishi nafaqat yirik sanoat korxonalari, balki kichik va o‘rta biznes vakillari, tadbirkorlik sub'ektlari uchun ham uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
OKMK Axborot xizmati