Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 71) 619-23-33Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 71) 619-23-33Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasining innovatsion rivojlanish strategiyasini 2024-2025-yillarda amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq sanoat sohasidagi muammolarni hal etishga respublika ilmiy salohiyatini keng jalb qilish vazifasi belgilangan bo‘lib, unga koʻra sanoat korxonalariga olimlar tashrifini tashkil etish jadvali tasdiqlangan. Mazkur rejaga asosan joriy yilning 19-fevral kuni oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari professorlari OKMKga tashrif buyurishdi.
Tadbir avvalida kombinat mutaxassislari va olimlar ishtirokida ilmiy uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Respublika Fanlar Akademiyasi Materialshunoslik instituti, Toshkent davlat texnika universiteti, Geologiya va geofizika instituti hamda MTTU MISiS Olmaliq filialining mutaxassislari tomonidan taqdimotlar qilindi.
Jumladan, professor olimlar “Qalmoqqir konini o‘zlashtirish natijasida hosil bo‘lgan deformatsiyalarni sunʼiy yo‘ldosh usullari yordamida modelini yaratish”, “Boyitish fabrikalari chiqindilaridan sement materiallarini olish texnologiyalarini oʻrganish”, “Shixta namligini tezkor nazorat qilishning intellektual moslamasini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish” kabi mavzularda taqdimotlar oʻtkazildi.
Shuningdek, tadbirda “Sanoatda ishlatib bo‘lingan katalizatorlarni kompleks qayta ishlash”, “Kombinat chiqindilaridan nodir va noyob metallarni ajratib olish texnologiyasini yaratish”, “Pirometallurgiya jarayoni orqali oltin tarkibli togʻ jinslari va texnogen chiqindilardan kamyob metallarni shteynga ajratib olish”, “Sulfidli rux boyitmalarini Qaynar Qatlam pechida kuydirishda atrof-muhitga chiqayotgan changlar darajasini nisbatan kamaytirish”, “Sulfat kislota ishlab chiqarish uchun sarflanadigan vanadiy katalizatorlarini samarali utilizatsiya qilish texnologiyasi yoʻriqnoma-reglamentini ishlab chiqish", "Togʻ- kon metallurgiya sanoatida oqava suvlarni tozalash uchun yangi samarador adsorbent-reagent ishlab chiqarish texnologiyasini joriy qilish" kabi mavzularda oʻtkazilgan taqdimotlar koʻpchilikda qiziqish uygʻotdi.
Ishlab chiqarishda mavjud boʻlgan muammolarga taklif etilgan ilmiy yechimlarga kombinat mutaxassislari tomonidan qiziqish bildirildi. Soha vakillari taqdimotlar boʻyicha professorlardan oʻz savollariga batafsil javob olishdi. Ayrim yoʻnalishlarda esa nazariy qarashlarning amaliyotga tabdiq etilishi yuzasidan bahs-munozalar ham boʻldi.
Sanoatning raqobatbardoshligini oshirishda ilm-fan yutuqlaridan keng foydalanish zarur. Buning uchun ilmiy-tadqiqot institutlari, universitetlar va ishlab chiqarish korxonalari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash orqali innovatsiyalarni joriy etish lozim. Faqatgina ilm-fan va texnologiyalarni rivojlantiribgina sanoatning barqaror va samarali o‘sishiga erishish mumkin. Seminardan soʻng, ilm ahli uchun kombinat tarkibiy boʻlinmalariga kichik ekskursiya ham tashkil etildi.
Uchrashuv davomida olimlar va mutaxassislar oʻzaro hamkorlikda iqtisodiy va ekologik samarador loyilar ustida birga ish olib borishni reja qilib olishdi.
Axborot xizmati
Sahifadagi xatolar bo`yicha manzil:
Matn xato bilan:
Sizning izohingiz yoki to`gri versiya: