• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Tajriba boyitish fabrikasi: Mukammal tadqiqotlar ishlab chiqarishga

09 Sentyabr 2024, 13:22 431

Innovatsion salohiyatni yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratishning samarali mexanizmlarini ishlab chiqish, ilmiy-innovatsion faoliyatni rivojlantirish va uni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni izchil amalga oshirib borish maqsadida “Olmaliq KMK” AJda tashkil etilgan Innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy qilish texnologik markazi bugungi kunga kelib innovatsion texnologiyalarni qo‘llash bilan bog‘liq bo‘lgan va jahon standartlari darajasida mahsulot ishlab chiqarishga imkon beradigan tadqiqot hamda izlanishlar olib boriladigan muhim bo‘g‘inga aylangan.

Mavjud texnologiyalarni boyitish va yangi texnologiyalarni ishlab chiqish borasida tadqiqotlar olib borish, ishlab chiqarishga yangi istiqbolli ilmiy ishlanmalarni tatbiq etish, yuqori samaradorlikdagi uskunalar va texnologik jarayonlarni joriy etish ishlarida ishtirok etish, texnologiyalarni muvofiqlashtirishda kombinat korxonalariga texnik va texnologik ko‘mak berib kelayotgan mazkur markaz tomonidan ayni kunlarda OKMKning investitsiyaviy loyihalari ijrosi yo‘lida yarim sanoat tajriba sinovlarini o‘tkazish yo‘nalishlariga alohida e'tibor qaratilmoqda. Ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar xususida markaz tarkibidagi Tajriba- boyitish fabrikasi boshlig‘i Rinat Nigmadjanov quyidagi fikrlarni bildiradi.

- Tajriba boyitish fabrikasi o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ygan 1952-yildayoq mamlakatimiz sanoati miqyosida ilk marotaba okislangan rudalarni boyitish texnologiyalari professor Vladimir Mostovich metodi asosida tajriba sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tkazilgan. Aynan ana shu izlanishlar Mis boyitish fabrikasida ishlab chiqarish va texnologik tizimning barqaror yo‘lga qo‘yilishiga asos bo‘lgan edi. Keyinchalik TBFda mis-molibden, polimetall, oltin tarkibli rudalar va boyitishning yarim tayyor mahsulotlarida bir qator yarim sanoat tadqiqot sinovlari olib borildi. Bir so‘z bilan aytganda, TBF o‘z faoliyatining o‘tgan 72 yillik davrida kombinat boyitish jarayonlari istiqbollarini belgilab beradigan tajriba va tadqiqot maydoniga aylanib ulgurdi.

Ayni kunlarda jamoamiz tomonidan “Sariq-cho‘qqi” va “Yoshlik I” kon ma'danlarida 2-Mis boyitish fabrikasi texnologik sxemasi bo‘yicha xomaki konsentratni qayta yanchish sxemasini qo‘llagan holda yarim-sanoat sinovlari olib borilmoqda. Mazkur vazifaga kirishishdan oldin ITICh va JQTM tomonidan sanoat sinovlarini o‘tkazishning dasturi, uni amalga oshirish tartibi va xaritasi ishlab chiqildi. Shu bilan bir qatorda ushbu kon maydonlari ma'danlarining asosiy flotatsiyasi ko‘pikli mahsulotlarida qayta yanchish va qayta yanchishsiz yarim- sanoat sinovlarini o‘tkazish amalga oshirib kelinmoqda.

“Revashta” kon maydoni ma'danlarini qayta ishlash texnologik sxemasi va reagentlar rejimini tanlash hamda kombinat Moddiy-texnika ta'minoti boshqarmasi bilan hamkorlikda xarid qilinishi ko‘zda tutilayotgan ko‘plab reagentlar samaradorligini aniqlash borasida ham tadqiqotlar olib borilayapti. “Kvadrat plyus” kompaniyasi mahsuloti bo‘lgan yangi flotatsiya reagentlarida avval o‘tkazilgan sinov natijalarini yakuniy tasdiqlash borasida amalga oshirilayotgan laboratoriya tadqiqot sinovlari “Qalmoqqir” koni ma'danlarining boyitish samaradorligini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda. Bundan tashari, kombinat rahbariyati va mutaxassislarining topshiriqlariga asosan tezkorlikdagi joriy laboratoriya sinov-tadqiqotlari o‘tkazilishi ham ko‘zda tutilgan. “Qalmoqqir” va “Yoshlik I” birlashgan kon maydonlari sul'fid rudalari va balans orti rudalarini birgalikda qayta ishlash bo‘yicha keng qamrovli sinovlarni 4-MBF uchun o‘tkazish esa yaqin yillarga mo‘ljallangan rejalarimizdan hisoblanadi. Yuqorida sanab o‘tilgan vazifalarning izchil bajarib borilishiga fabrika muhandis-texnologi Olga Proskuryakova, laboratoriya flotatorlari Husniya Baratova, Dilfuza Rahmatova, Feruza Boyirova, tahlil namunalarini saralovchi Dilbar Guzarova, tegirmon mashinisti Abdulaziz Abdumalikov, gazelektrpayvandlovchi Bobur Abdukarimov, ta'mirchi-chilangar Ilshat Radjapov, elektromonter Abduhamid Nasirovlar o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shib kelishmoqda.

Fabrikamizda yarim sanoat sinovlari va laboratoriya tadqiqotlari bilan bir qatorda atrof-muhitni ko‘kalamzorlashtirsh va “Yashil makon” dasturi doirasida keng miqyosda ishlar olib borilayotgani ham diqqatga molikdir. Xususan, ahil jamoamiz sa'y-harakatlari bilan joriy yilning bahorida o‘tqazilgan teraklar to‘liq qad rostladi. Bir va ko‘p yillik gullar, turli ekzotik ko‘chatlar parvarishiga ham alohida e'tibor qaratilgan. Ko‘chat va nihollar parvarishini ta'minlash uchun sug‘orish tarmoqlari tortildi. Ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirish ishlarida xodimlarimiz Sayyora Qurdosheva, Malohat Turdiboyeva, Odina Pardaboyeva, Oksana Graboveskaya va Sevara Ubaydullayevalar faol ishtirok etib kelishayotganini ta'kidlab o‘tish lozim bo‘ladi.

Xulosa qilib aytganda, zimmalaridagi vazifalarga sidqidildan yondashib, ular ijrosi yo‘lida ildam odim tashlab borayotgan Tajiba boyitish fabrikasi jamoasi kombinat iqtisodiy samaradorligiga o‘zlarining hamjihatlikdagi harakatlari bilan ulush qo‘shishda davom etadi.

Hasan ABDULLAYEV

Bo`lishmoq:
Text to speech