Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Yangi tashabbus samaradorlikni ta'minlaydi

27 Iyul 2026, 8:29 177

Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida mahalliylashtirish dasturi asosida import mahsulotlarini ishlab chiqarishni o'zlashtirish samarali amalga oshirib kelinmoqda. Ayniqsa, “shatakka olish” mexanizmi orqali mahalliy korxonalar bilan hamkorlikda kombinat texnologik ishlab chiqarish zanjirida muhim ahamiyat kasb etuvchi mahsulotlar ishlab chiqarilishi yo'lga qo'yilmoqda. Bu borada Sanoat temiryo'l transport boshqarmasida ham diqqatga sazovor ishlar olib borilmoqda.

STTB 3-temir yo'l sexi boshlig'ining o'rinbosari Muhriddin Omonturdiyevning ma'lum qilishicha, bugungi kunda boshqarma tasarrufida 698 dona 2BC-105 tipidagi dumpkarlar (o'ziag'darar vagonlar) mavjud. Ushbu dumpkarlarning 322 tasining o'rtacha yoshi 42 yoshdan oshadi. Bu esa harakatdagi tarkibning deyarli yarmi xizmat muddatini o'tab bo'lganini hamda ularning xizmat muddatini uzaytirish deyarli imkonsizligini ko'rsatadi.

Hozirgi vaqtda ushbu dumpkarlarda navbatdan tashqari ta'mirlar ko'payib bormoqda. Ta'mir jarayonlarida asosiy ehtiyot qismlarni qayta-qayta tiklash texnika xavfsizligi qoidalariga ziddir. Ikkinchi tomondan, ularni import mahsulot sifatida xarid qilish iqtisodiy jihatdan o'zini oqlamaydi. Dunyodagi geosiyosiy vaziyat sababli logistika sohasidagi uzilishlar va kechikishlar ham ko'plab muammolarni yuzaga keltirmoqda.

Shuningdek, OKMKda “Yoshlik” konini o'zlashtirish va 3-mis boyitish fabrikasining to'liq quvvatda foydalanishga topshirilishi, kelajakda esa yangi boyitish fabrikalarining qurilishi natijasida tog' ma'danlarini temir yo'l orqali fabrikalarga yetkazib berish hajmi sezilarli darajada oshadi. Matematik hisob-kitoblarga ko'ra, ushbu yirik loyihalarni miqdor jihatdan kam va texnik jihatdan eskirgan dumpkarlar bilan bajarishning umuman imkoni yo'q. Xizmat muddati tugagan vagonlarni import hisobidan yangilash esa juda katta mablag' talab qiladi va bu masalani kun tartibidagi dolzarb muammoga aylantirmoqda.

Yuzaga kelgan vaziyatda STTB rahbariyati va mutaxassislari tomonidan korxonaning o'zida yangi turdagi 2BC-105 (Q-115) dumpkarlarini ishlab chiqarishni o'zlashtirish taklif etilmoqda. Mavjud dumpkarlarni ishlatish jarayonida kuzatilgan kamchiliklar va zaif ehtiyot qismlar yangi loyihada texnik yechim topgan holda, sifatli va yangilangan shaklda ishlab chiqariladi. Korxonada buning uchun tegishli imkoniyatlar mavjud.

Loyihani to'liq hajmda amalga oshirish uchun har bir texnologik jarayonga oid texnik hujjatlar ishlab chiqilgan. Ushbu hujjatlar O'zbekiston Respublikasida temir yo'l sohasida tegishli huquqqa ega tashkilotlar tomonidan tasdiqlanishi va sertifikatlashtirilishi belgilangan.

Hozirgi vaqtda ushbu dumpkarni ishlab chiqarish uchun korxonaning Vagon xizmati hududida alohida uchastka ajratilib, amaliy ishlar boshlab yuborilgan. Namunaviy dumpkar ishlab chiqarilib, sinov ishlari ijobiy yakunlangach, ushbu uchastkani zamonaviy uskunalar bilan jihozlash va kelgusida unga zavod maqomini berish rejalashtirilgan. Dumpkarlarning ehtiyot qismlari  “shatakka olish” mexanizmi orqali mahalliy korxonalarda ishlab chiqarilishi ko'zda tutilgan.

Yangi turdagi dumpkarlarni ishlab chiqarishni yo'lga qo'yish kombinatda tog' jinslarini tashish hajmi va sifatini sezilarli darajada oshiradi.

Loyihaning iqtisodiy ko'rsatkichlariga to'xtaladigan bo'lsak,  bir dona yangi dumpkarning import narxi  3,4 mlrd. so'mni tashkil etadi. Uni o'zimizda mahalliy ishlab chiqarish narxi esa 2,6 mlrd. so'm bo'ladi. Bitta dumpkardan 800 mln so'm iqtisod qilinadi. Rejaga ko'ra, yiliga 12 ta dumpkar ishlab chiqarilsa,  yiliga 10 mlrd. so'mga yaqin mablag' tejaladi. Shuningdek, yangi ish o'rinlari ham yaratilishini alohida ta'idlash joiz.

STTB tomonidan  amalga oshirilayotgan ushbu loyiha kombinatning ishlab chiqarish quvvatlarini uzluksiz xomashyo bilan ta'minlash va import xarajatlarini qisqartirishda muhim qadam bo'ladi.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech