Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33OKMK ishchi-xodimlarining bilim va ko‘nikmalarini oshirishda o‘qitishning zamonaviy shakli, uslub va talablarini joriy etish maqsadida dunyoning eng ilg‘or universitetlari bilan hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilmoqda. Ana shunday kelishuvlar doirasida 11-dekabr kuni Yaponiya oliy taʼlim muassasalari professor-o‘qituvchilari, O‘zbek-Yapon yoshlar innovatsion markazi hamda JICA tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi vakillaridan iborat delegatsiya kombinat muhandislik maktabida bo‘lishdi.
OKMKdagi metallurgiya va foydali qazilmalarni boyitish yo‘nalishi bo‘yicha ishlab chiqarish ehtiyojlaridan kelib chiqib, xorijiy o‘qituvchilar ishtirokida seminarlar tashkil etildi. Mashg‘ulotlarda korxona tarkibiy bo‘linmalarining 50dan ziyod mutaxassislari qatnashishdi.
Vaseda universiteti professori Keyko Sasaki «Sanoat chiqindilarini yashil energitika uchun aqlli materiallarga aylantirish» mavzusida ma’ruza qilgan bo‘lsa, Kyushu universiteti professori Xajime Miki “Gidrometallurgiya va flotatsiya yordamida misni boyitishdagi zamonaviy innovatsiyalar” to‘g‘risida ma’lumotlar berdi.
O‘quv mashg‘ulotlari so‘ngida tinglovchilar mavzular yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollariga yaponiyalik o‘qituvchilardan batafsil javob olishdi. Shu bilan birga ishlab chiqarishdagi mavjud muammoli masalalar yuzasidan hamkorlikda ilmiy izlanishlar o‘tkazishni reja qildilar.
Delegatsiya a’zolari 2-Mis boyitish fabrikasida ham bo‘lishib u yerdagi jarayonlar bilan yaqindan tanishishdi hamda fabrika ishchi-xodimlari bilan ochiq muloqot o‘tkazishdi.
Ma`lumot uchun: Oʻzbekiston-Yaponiya yoshlar innovatsiya markazi 2015-yil 25-oktabrda imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi hukumati va Yaponiya hukumati oʻrtasidagi hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandumga muvofiq tashkil etilgan boʻlib, oʻz faoliyatini 2016-yildan boshlagan. Markazda toʻrtta laboratoriya, jumladan, kimyo va neft-kimyo laboratoriyasi, foydali qazilmalarni qazib olish va chuqur qayta ishlash laboratoriyasi, energetika, qayta tiklanadigan energiya manbalari va energiyani tejash laboratoriyasi, mashinasozlik va materialshunoslik laboratoriyasi mavjud. UJICY Yaponiyadagi Nagoya universiteti, Tsukuba universiteti, Teikyo universiteti, Akita universiteti, Tokio texnologiya instituti, Kyushu universiteti, Yokogama milliy universiteti kabi universitetlarning tadqiqotchilari bilan yaqin hamkorlik qiladi. 2016-yildan 2023-yilgacha boʻlgan davrda markaz xodimlari tomonidan 350 dan ortiq ilmiy maqolalar yozildi, ularning bir qismi yapon olimlari bilan birgalikda jahonning yetakchi jurnallarida chop etildi.
UJICY yosh olimlarning turli ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borishi uchun qulay sharoitlar yaratish, fan va ishlab chiqarish oʻrtasidagi yaqin hamkorlikni taʼminlash, Yaponiyaning yetakchi universitetlari, ilmiy va innovatsion markazlari bilan hamkorlikda ilmiy va amaliy tadqiqotlar olib borish uchun hamkorlikni kengaytirish tarafdori. Markazni direktor va Vasiylik kengashi, jumladan, Yaponiya universitetlari va tashkilotlari vakillari boshqarishi, markaz jahon andozalari darajasida tadqiqot olib borish va ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish imkonini beruvchi ilgʻor tadqiqot uskunalari bilan jihozlanganligi haqida seminarda takidlab oʻtildi.
UJICY Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligining (JICA) “Oʻzbekiston-Yaponiya yoshlar innovatsion markazining ilmiy salohiyatini kuchaytirish loyihasi” (2019-2024) loyihasida ishtirok etib, uning doirasida bir qancha qisqa muddatli (3-6 oy) va uzoq muddatli amaliyot dasturlari tashkil etildi va Markaz xodimlari (doktorant va magistratura talabalari – jami 17 talaba) uchun malaka oshirilishi endilikda kombinat bilan ham yaqin aloqalarni rivojlantirish maqsadida seminarlar tashkillashtirish niyatlar borligi aytib oʻtildi.
Shuningdek, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) Markaz uchun maxsus jamgʻarma – Mirai jamgʻarmasini tashkil etib, xodimlarga Yaponiya tadqiqot markazlari va universitetlari bilan hamkorlikda tadqiqot olib borish uchun yillik grantlar ajratdi.
Bugungi kunga qadar Markaz va Yaponiya universitetlari atrof-muhitni muhofaza qilish, togʻ-kon texnikasini mexanizatsiyalash va avtomatlashtirish, kimyoviy sintez va yangi materiallar ishlab chiqarish, metrologiya va standartlashtirish kabi yoʻnalishlarda ilmiy-tadqiqot faoliyatini boshladi.
UJICYvodorod energetikasi sohasidagi SATREPS Oʻzbekiston-Yaponiya qoʻshma loyihasi, konchilik va resurslarni qayta ishlash boʻyicha JSPS loyihalari hamda atrof-muhitni muhofaza qilish boʻyicha ilmiy-tadqiqot ishlarini olib bormoqda. Tabiiy resurslarni oʻrganish uchun UJICYda Akita universiteti bilan sunʼiy yoʻldosh laboratoriyasi tashkil etilgan. Aynan Yaponiyadagi tajribalarni kombinatimiz mutahassislariga yetkizishdi.
Bahs-munozaraga boy boʻlgan seminar-trening yuqori saviyada oʻtdi, seminar soʻngida professor-oʻqituvchilar tadbir qatnashchilarining qiziqtirgan savollariga javob berdilar.
Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, seminarlar davomida o‘zlashtirilgan zamonaviy bilim va ko‘nikmalar mutaxassislarning o‘z sohasi bo‘yicha yanada takomillashishlariga xizmat qilishi bilan bir qatorda ularning dunyoqarashini kengaytirtib yangi maqsadlar sari undaydi.
Axborot xizmati