• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

“Yoshlik-1” koniga ko‘chma maydalash va saralash majmuasi keltirildi

08 Sentyabr 2022, 10:13 2243

Ayni kunlarda Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish maqsadida "Yoshlik-1 konini o‘zlashtirish" investisiya loyihasi jadal sur'atlarda amalga oshirilmoqda.

Bugungi kunda, “Yoshlik 1” koniga Tog‘-kon va transport uskunalarini yetkazib berish bo‘yicha umumiy qiymati 293,7 mln. dollar import shartnomalari asosida 550 dan ortiq uskunalar hamda, mamlakatimizning mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalari bilan umumiy qiymati 83,9 mlrd. so‘mlik shartnomalar tuzilib, 112 dona  transport uskunalari yetkazib berildi.

Bundan tashqari, joriy yilning iyul oyida qiymati 5 milliard 692 million 500 ming so‘mlik “Maydalash saralash majmuasi” keltirildi. Mazkur majmua Eronning AMS INDUSTRIAL GROUP kompaniyasidan xarid qilingan. Aytib o‘tish joizki, Eron maydalagich ishlab chiqarish va yetkazib berish bo‘yicha yetakchi davlatlardan biri hisoblanadi.

Mazkur majmuaning asosiy vazifasi “Yoshlik 1” konidagi texnologik avto yo‘llarni qurish va ta'mirlash jarayonlariga yo‘l to‘shamasini tayyorlab berishdan iborat. Ushbu majmua bo‘sh tog‘ jinslarini maydalaydi va saralaydi.

Uskuna asosan jag‘li va rotorli maydalagichlarga bo‘linadi. Birinchi texnika fraksiyasi 170 mm.gacha bo‘lgan jinslarni maydalaydi, 0 mm.dan 50 millimetrgacha bo‘lganlarini esa to‘g‘ridan to‘g‘ri ikinchi uskunaga jo‘natadi. Bu yerda 3 xil fraksiyada, 20 mm dan 40 mm-gacha, 40mm dan – 60 mm-gacha va 60-80 mm-gacha  jinslar maydalanadi.

Uning ishlab chiqarish quvvati sutkasiga 1100 metr kubni, yiliga esa 375 ming metr kubni tashkil etadi.

Yangi uskuna ko‘chma xususiyatlarga ega bo‘lib uni istalgan manzilgan olib o‘tish imkoni mavjud.

Texnikani yig‘ish ishlari iyul oyining 20 sanasidan boshlangan bo‘lib, avvaliga “Olmaliqmetallurgqurilish” tresti ishchilari tomonidan tirgak devorlarini o‘rnatildi. Hozirda esa Eron kompaniyasining vakillari maydalagichni to‘liq yig‘ish va montaj ishlari bilan shug‘ullanishmoqda.

Albatta, xarid qilinayotgan yangi, zamonaviy texnikalar nafaqat ishlab chiqarish samaradorligini ta'minlaydi balki ishchi-xodimlarga qulay mehnat sharoitlarini ham yaratadi. Mazkur majmua foydalanishga topshirilgach, “Yoshlik 1” konidagi barcha avtoyo‘llar va drenaj kanallari maydalangan yo‘l to‘shamasi bilan qoplanadi.

OKMK Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech