Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

“Yoshlik I” konining Toshkent dengizi bilan qanday bog‘liqligi bor?

06 May 2025, 14:38 1247

Bizga yaxshi ma'lum bo‘lgan Tuyabo‘g‘iz(Toshkent dengizi) suv omborining maydoni 20 km kvadrat. To‘la hajmi 250 mln m kub, foydali hajmi 224 mln m3, suv havzasining o‘rtacha chuqurligi 12,5 m ni tashkil etadi. “Yoshlik I” konini “Toshkent dengizi”ga nima aloqasi bor degan savol xayolingizdan o‘tishi tabiiy. Shoshmang, aloqasi bor. Qurilishiga 2017-yilda start berilgan konda bugungi kunga qadar 223,0 mln m3 kon yuzasini ochish ishlari bajarildi. Ushbu hajmdagi ishlarning ko‘lami esa naq Toshkent dengizi hajmiga teng. Albatta, bu hisob-kitoblarda og‘ishlar bo‘lishi mumkin, ammo 8 yil davomida konda yirik suv omborining hajmiga teng keladigan ishlar bajarilganining guvohi bo‘lamiz.

“Yoshlik I” konini o‘zlashtirish” investitsiyaviy loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 1-martdagi PQ-2807-sonli “Yoshlik I” koni negizida “Olmaliq KMK” AJning ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish chora tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq amalga oshirib kelinmoqda.

Loyiha doirasida hozirgi kunda “Yoshlik I” konining “Shimoliy-g‘arbiy Baliqti” va “Barakali” karyerlarida qizg‘in ishlar ketmoqda.

- “Yoshlik I” direksiyasi tog‘-kon ishlari bo‘yicha yetakchi muhandisi Eldorbek Sobirovning ma'lum qilishicha, bugungi kunda “Yoshlik I” konining 770-580 gorizontlarida kapital qazib olish va ustki qatlamni ochish ishlari olib borilmoqda. Konni o‘zlashtirish boshlangandan buyon 223,0 mln m3 kon yuzasini ochish ishlari bajarildi. Ushbu raqamlar ortida zahmatli mehnat yotibdi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. 220 tonna yuk ko‘tarish quvvatiga ega bo‘lgan BelAZ avtosamosvali o‘rtacha bir ortganda 75 m kub tog‘ jinsini tashishi misolida ko‘rib chiqadigan bo‘lsak, (223 000 000:75=2 973 333) shu paytga 2 973 333 marotaba tashishni amalga oshirgan.

-  Ishlar ikki smenada tashkil etilgan. 2024-yilda mahalliylashtirish dasturi asosida "NURAFSHON-MAXSUS-TEXNIKA" MChJda ishlab chiqarilgan 5 dona NMT-240 rusumli avtosamosval olib kelindi. Ushbu avtogigantlar konda tog‘ jinslarini tashishda yuqori samaradorlikni ta'minlamoqda.

Konning uzunligi 4,0 km, eni 2,3 km va chuqurligi 235 metrga yetdi. 41,7 km uzunlikdagi temir yo‘llar yotqizilib, elektrlashtirildi. Ayni kunga kelib konda 400 dona texnika vositalari ishlamoqda. Uzunligi 4,2 km bo‘lgan magistral konveyerlar ma'danni fabrika xomashyo omboriga tashishga tayyorlandi. Ushbu konveyer liniyasining o‘ziga xos jihatlaridan biri – yer relьefidan kelib chiqqan holda balandligi 44 metr bo‘lgan ko‘prik orqali o‘tadi. Konveyer liniyasida ma'danni tashish tezligi sekundiga 4 metrni tashkil etadi. Konveyer tizimini joriy etilishi ma'danni tashish xarajatlarini kamida 30 foizga kamaytiradi.

Kon va bo‘sh tog‘ jinslarini tashuvchi siklli oqim texnologiyasi uskunalarini elektr energiyasi bilan ta'minlovchi TP-8 podstansiyasi foydalanishga topshirildi. Ayni paytda temir yo‘l transporti uchun TP-9 110 kVli podstansiyani qurish ishlari amalga oshirilmoqda.

Mazkur loyiha O‘zbekiston tarixidagi eng yirik investitsiya loyihalaridan biridir. Uning amalga oshirilishi natijasida kombinatning ishlab chiqarish quvvati bir necha barobarga oshirilishi ko‘zda tutilgan.

Ma'lumot uchun: “Yoshlik-1” koni dunyoda ma'dan tarkibida oltin hajmi bo‘yicha yirik kon, deya tan olindi. Ma'dan tarkibida oltin hajmi bo‘yicha kombinat zahiralari 1-o‘rinda, mis konlaridagi ma'dan o‘rtacha oltin tarkibi bo‘yicha 2-o‘rin, ma'dan hajmi bo‘yicha 3-o‘rin, tarkibidagi mis hajmi bo‘yicha 6-o‘rinni egallaydi.

Sherzod Tilovberdiyev

Bo`lishmoq:
Text to speech