• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Zamonaviy EKG-20K ekskavatorlari kondagi ishlarni jadallashtiradi

03 Fevral 2023, 10:3 2202

Og‘irligi 725 tonna. Qismlarga bo‘lib tashlansa 35ta vagonga joylashadi. Kovlash balandligi 17 metr, kovlash radiusi esa  22,6 metrni tashkil etadi. Tushirish balandligi 10,5 metr, tushirish radiusi esa 19,5 metr, kovsh sig‘imi esa 20 metr kubni tashkil etadi. Linkoln moylash tizimi bilan jihozlangan. Mashinist kabinasi to‘liq kuzatuv kameralari, maishiy texnika vositalari bilan jihozlangan. Balandligi 19,2 metr, eni 10,6 metr. Ushbu tavsif EKG-20K ekskavatoriga tegishli bo‘lib, ushbu texnika vositalaridan asosan konlarda foydalaniladi. Ayni kunlarda mazkur bahaybat kon texnika vositalaridan yana 4 dona Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga keltirilgan.

Ayni paytda Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tomonidan “Yoshlik-1 konini o‘zlashtirish” investitsiyaviy loyihasi jadal sur’atlarda amalga oshirilmoqda. Megaloyiha sifatida e’tirof etilayotgan mazkur konda ekskavatorlar muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu kon texnikalari yordamida kon ustki qatlami hamda ma’danlar qazib olinadi. Loyiha doirasida  ayni paytda konda  33 dona EKG-10(2ta), EKG-15M(15 dona), EKG-20KM(1dona), EKG-20K(15) rusumli ekskavatorlar va 23 dona SBSh-250 MN rusumli burg‘ulash uskunalaridan foydalanilmoqda.

2022-yilning oxirida hamda joriy yilning boshida loyiha doirasida bosqichma-bosqich yana 4 dona EKG-20K rusumli ekskavatorlar keltirila boshlandi. Ushbu ekskavatorlarni yig‘ish ishlariga Ixtisoslashtirilgan ta’mirlash ishlari boshqarmasining 8-sonli texnologik qurilmalarni yig‘ish va montaj qilish uchastkasi safarbar etilgan.

Uchastka boshlig‘i Abduqodir Mirahmedovning ma’lum qilishicha, hozirda 1 dona ekskavator yig‘ib bo‘lingan. Ikkinchi ekskavatorning mexanik qismlari ham deyarli tayyor holatda bo‘lib, elektromontaj ishlari qilinayapti. Uchinchisi esa endi yig‘iladi. 4-ekskavatorning qismlari vagonlardan tushirilmoqda.

1 ta ekskavatorning yig‘ish ishlariga jami bo‘lib 50 sutka ketadi.  35 sutkada mexanik qismlari yig‘ilsa 15 sutkada elektromontaj ishlari bajariladi. Elektromontaj ishlarini kichik mexanizatsiya bo‘limi ishchilari amalga oshirishadi. Gigant ekskavatorning yig‘ish ishlariga Qalmoqqir kon boshqarmasining 125 tonnalik temiryo‘l krani ham jalb etilgan. “UZTM-KARTEKS” MChJ vakili yig‘ish ishlarini doimiy kuzatib bormoqda. Yig‘ish ishlari 4 smenada tashkil etilgan bo‘lib, har bir smenaga 10 nafar ishchi biriktirilgan.

2017-yildan buyon ushbu uchastka tomonidan 33 ta ekskavator yig‘ilgan, undan 2 dona 10 m kublik,  16 tasi 15 m kublik, 13 tasi esa 20 m kublik ekskavatorlardir.

Bundan tashqari, uchastka tomonidan  SBSh-250 MN rusumli burg‘ulash uskunasi jami bo‘lib Yoshlik-1” koni uchun 23 tasi yig‘ib berilgan. 2023-yilda yana 3 ta burg‘ulash uskunasi kelishi kutilmoqda.

Shuningdek, uchastka tomonidan Texnologik transport boshqarmasiga yuk ko‘tarish quvvati 220 tonna bo‘lgan 29 dona BelAZ avtogigantlarining kuzov qismi ham yig‘ib berilgan. Hozirda ushbu avtogigantlar “Yoshlik-1” konida yuk tashimoqda.

Uchastka tomonidan yig‘ilayotgan ekskavatorlar kondagi ishlarning jadal sur’atlarda olib borilishini ta’minlashi shubhasiz.

Ma’lumot o‘rnida: “Yoshlik-1  konini o‘zlashtirish” megaloyihasi 3 bosqichda amalga oshiriladi. Loyihaning I bosqichida (2017-2024 yy.) yiliga 65,0 mln tonna ma’dan qazib olinadigan kon, 60,0 mln tonna ma’danni qayta ishlovchi 3-Mis boyitish fabrikasi va fabrika infratuzilmasi hamda 650 megavatt quvvatli tashqi elektr ta’minoti quriladi. Ikkinchi bosqichda, ya’ni 2024-2028 yillarda 400 ming tonna mis katodi, 40 tonna oltin va 270 tonna kumush ishlab chiqarilishiga erishiladi. Uchinchi bosqichda 2030-yilga kelib 500 ming tonna mis katodi, 50 tonna oltin va 300 tonna kumush ishlab chiqarilishiga erishiladi. Shunisi ahamiyatliki, loyiha birinchi bosqichdayoq sarflangan mablag‘larni to‘liq oqlaydi.

Sherzod Tilovberdiyev,

Veb-muharrir

Bo`lishmoq:
Text to speech