• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

“OKMK faoliyatining asosiy yo‘nalishlari: 2023-yil yakunlari va 2024-yildagi ustuvor vazifalar”

28 Mart 2024, 10:17 867

Joriy yilning 27-mart kuni OKMK Axborot xizmati tomonidan O‘zbekiston milliy matbuot markazida “OKMK faoliyatining asosiy yo‘nalishlari: 2023-yil yakunlari va 2024-yildagi ustuvor vazifalar”  mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Unda OKMK boshqaruvi raisining Raqamlashtirish bo‘yicha o‘rinbosari v.b. Ravshan Maksumov, OKMK boshqaruv raisining axborot siyosati bo‘yicha maslahatchisi Umida Qarshiboyeva, bosh muhandisning texnologiyalar bo‘yicha o‘rinbosari Abduqahhor Saynazarov va OAV vakillari ishtirok etishdi.

- 2023-yilni Olmaliq kon-metallurgiya kombinati salmoqli natijalar bilan yakunladi. Jumladan, kombinat tomonidan 31,7 trln so‘mlik sanoat mahsuloti ishlab chiqarilib, 1 128,2 mln dollarlik investitsiya loyihalari amalga oshirildi, - deydi A. Saynazarov. - 661,9 mln dollarlik mahsulotlar eksport qilingan. Mahalliylashtirish dasturi bo‘yicha 429,0 mlrd so‘mlik mahsulot tayyorlangan. Mahsulotlarning tannarxini tushirish bo‘yicha 404,7 mlrd so‘mlik natija qayd etilgan. 14,95 trln so‘m mablag‘ esa byudjetga to‘lab berilgan. 6,7 trln so‘m sof foyda olingan. 163,5 mlrd so‘mlik geologiya-qidiruv ishlari bajarilgan. OKMKda investitsiyaviy loyihalar ham muvaffaqiyatli amalga oshirib kelinmoqda. Xususan, “Yoshlik-1” loyihasining tog‘-kon majmuasi bo‘yicha 6 ta ob'yekt, 3-mis boyitish fabrikasi bo‘yicha 6 ta ob'yektning qurilishi yakunlangan. Yangi metallurgiya majmuasining qurilishi bo‘yicha dastlabki loyiha ishlari boshlangan. 2024-yilda ham mazkur yo‘nalishlarda olib borilayotgan ishlar jadallashtiriladi. Jumladan, 32,2 trln so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilib, 2 136,4  mln dollarlik investisiyaviy loyihalar amalga oshiriladi. 1 016,6 mlrd so‘mlik mahalliylashtirilgan mahsulotlar ishlab chiqariladi. 15,73 trln so‘m mablag‘ byudjetga yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.

Tadbirda kombinatda raqamlashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan R.Maksumov to‘liq ma'lumot berib o‘tdi.

“Raqamli OKMK 2030” Konsepsiyasi Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining barcha ishlab chiqarish va biznes jarayonlarini raqamlashtirish, ma'lumotlarni jamlash, tahlil qilish va operativ qaror qabul qilishga qaratilgan bo‘lib, ushbu yo‘nalishda 2023-yil mobaynida 34 ta loyiha amalga oshirildi.

Ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish va zamonaviy axborot tizimlarini joriy qilish yo‘nalishida Mis boyitish fabrikasida rudani qayta ishlash texnologik jarayonini yanada aniqlik bilan nazorat qilish va energetik resurslardan samarali foydalanish maqsadida 27 ta raqamli tenzometrik tarozilari o‘rnatildi. Shuningdek, 7-monoseksiyani texnologik jarayonini avtomatlashtirish doirasida 37 ta dozator nasoslari va 5 ta yangi reagent rezervuarlari sozlanib, ishga tushirish evaziga reagent sarfi 5 foizga qisqartirildi. Bundan tashqari, bunkerda ruda darajasini nazorat qilish tizimi joriy etilib, tegirmonlarni optimal ravishda xom ashyo bilan ta'minlash yo‘lga qo‘yildi. Ushbu tizimlarni joriy etish natijasida rudadan mis ajratish darajasi 85 foizga chiqarilishi ta'minlandi.

Shuningdek fabrikada texnologik jarayonlarida ishtirok etuvchi asosiy qurilmalari diagnostika tizimi (avariya holatlarini erta oldini olish evaziga to‘xtashlar sonini kamaytirish) hamda ruda-suv jarayonini avtomatlashtirish tizimi sinov tarzda ishga tushirildi. Natijada suvni tejash yiliga  1,8 mln  m kubni tashkil etadi.

Bundan tashqari, Mis eritish zavodida “Metso-Outotec” va “Engineering Dobersek” hamkorligida Suyuq vannada eritish Vanyukov pechi va Sulfat kislota sexining avtomatlashtirish tizimlari takomillashtirilib, texnologik jarayonlarning uzluksiz ishlashi ta'minlandi.

Xondiza boyitish fabrikasida tegirmonlarni avtomatik boshqaruvini (SAU-3M) takomillashtirish doirasida asosiy nazorat va o‘lchov asboblari yangilanib, texnologik jarayon barqarorligi ta'minlandi. OKMK tarkibiy bo‘linmalari va Olmaliq shahrini issiqlik va issiq suv bilan ta'minlaydigan Issiqlik elektr stansiyasi 5-qozon va 3-turbogeneratorning nazorat va o‘lchov asboblarini modernizasiya qilish doirasida 12 mVt/soatiga (12 mln so‘m) elektr energiya ishlab chiqarish jarayonini barqaror ishlashi ta'minlandi.

Boshqaruv jarayoni samaradorligini oshirish va ish yuritish jarayonlarini raqamlashtirish maqsadida OKMKda qog‘ozsiz ish yuritish va yagona identifikatsiya tizimi konsepsiyasiga muvofiq, barcha kombinat korxonalariga markazlashgan elektron kirish-chiqishni nazorat qilish tizimi o‘rnatildi. 36 mingdan ortiq xodimlar yangi ID-kartalar bilan ta'minlanib, ushbu kartalar nafaqat kirish-chiqish jarayonida, balki ishlab chiqarishda naryad-topshiriq qabul qilish, texnika xavfsizligi bo‘yicha yo‘l-yo‘riq, shuningdek oshxonalarda ovqat tarqatish jarayonida ham qo‘llaniladi.

“E-Talon” axborot tizimi doirasida barcha qog‘oz shaklidagi ovqatlanish talonlarni chop etish, muhrlash va tarqatish qisqartirilib, hisobotlarni shakllantirish vaqti 7 martaga tezlashtirildi. Shuningdek, “Elektron jurnallar” axborot tizimida 20 ta turdagi ishlab chiqarish va xavfsizlik texnikasi bo‘yicha jurnallarni shakllantirishda xodimlarning ID-kartalar yordamida tasdiqlanishi yo‘lga qo‘yildi va  ma'lumotlarni tezkor tahlil qilish imkonini yaratildi.

OKMK xodimlarini asosiy ish joyidan ajralmagan holda onlayn o‘qitishga mo‘ljallangan O‘qitishni boshqarish tizimi (“Learning management system”) dasturiy ta'minoti ishga tushirilib, 250 dan ortiq onlayn o‘quv kurslari yaratildi va xodimlarni o‘qitish xarajatlari 500 mln so‘m/yiliga qisqartirildi.

Kon-transport kompleksi faoliyatini samaradorligini oshirish hamda axborot texnologiyalari infratuzilmasini rivojlantirish doirasida “Qalmoqqir” va “Yoshlik-I” konlarida kon-transport boshqaruv tizimining 1-navbati yakuniga yetkazilib, 99 ta avtosamosval, 20 ta ekskavator va 9 ta burg‘ulash texnikalaridan maxsus apparat vositalari orqali ma'lumotlarni “onlayn” shaklda jamlash va qayta ishlash yo‘lga qo‘yildi. Tizimni to‘liq ishga tushurish natijasida konlar barcha texnologik jarayonlari, shu jumladan konning 3D blokli modeli yordamida burg‘ulash, portlatish, qazib olish va boyitish fabrikalariga kerakli hajmda va sifatda ma'danlarni yetkazib berish jarayonlari raqamlashtiriladi.

Avtotransport va logistikani boshqarish tizimini ekspluatatsiyaga topshirish evaziga 1000 dan ortiq avtotransport va texnikalarda barcha qog‘oz jurnallar va yo‘l varaqalari elektron shaklga o‘tkazildi, transport texnikasidan foydalanish samaradorligi oshirildi.

Temir yo‘l transportiga texnik xizmat ko‘rsatish va ta'mirlash ishlarini boshqaruv tizimi doirasida 540 dan ortiq vagon-samosvallarga 1800 RFID teglari o‘rnatildi, temir yo‘llar bo‘ylab RFID teglarini nazorat qilish va o‘qish uchun 30 ta shkaf o‘rnatilib, muhandis-texnik xodimlari 77 ta mobil qurilmalari bilan ta'minlandi. RFID texnologiyasi asosida har bir temir yo‘l harakat tarkibi bosib o‘tgan masofani aniq hisobga olish va shu ma'lumot asosida avtomatik tarzda texnik ko‘rik va ta'mirini rejalashtirish, ularni sifatli amalga oshirish hisobiga xarajatlar yiliga 4,8 mlrd so‘m qisqardi.

Axborot xavfsizligini takomillashtirishga qaratilgan kombinat ma'lumot uzatish tarmog‘iga ulanishni boshqarish (5 mingdan ortiq qurilmalarni nazorati) tizimi joriy qilindi.

2023-yilda biznes va texnologik jarayonlarni raqamlashtirish hamda ularni maqbullashtirish evaziga 224 mlrd so‘m iqtisod qilindi, shuningdek ishchi resurslari, vaqt sarfi, 170 dan ortiq hujjat turlari raqamlashtirildi.

2024-yil davomida biznes va texnologik jarayonlarini raqamlashtirishni jadallashtirish maqsadida 18 ta loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Shulardan “Qalmoqqir” va “Yoshlik I” konlarida ishlarni bajarishda tezkor boshqaruv tizimini yakuniga yetkazish (2- va 3- navbati) hisobiga tog‘ jinsini tashish hajmi 10 foizga ko‘payib, samaradorlikni oshirish imkoniyati yaratiladi. Shuningdek, kon texnikalaridan foydalanish xarajatlari  5 foizga kamaytirilishi kutilmoqda.

Laboratoriya ma'lumotlarini boshqarish tizimi (LIMS) joriy etilib, 100 foiz tahlil natijalari ro‘yxatga olinadi va 20 ta qog‘oz shaklidagi laboratoriya hisobot turlari elektron shaklga o‘tkaziladi.

Yer osti kon ishlarini operativ rejalashtirishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish. Natijada operasion kon rejalari yo‘nalishlarining maqsadga muvofiqligi darajasini oshirilishi, yer osti konlarida burg‘ulash va portlatish ishlarining samaradorligini 15 foizga oshirish kutilmoqda.

Mis boyitish fabrikasida asosiy uskunalarning diagnostika qilish tizimini joriy etish hisobiga uskunalar ishlash samaradorligi 3 foizga o‘sishi, ishlash muddatini oshirish orqali rejaviy ta'mirlash xarajatlarini 10 foizgacha tejash imkoniyati yaratiladi.

Raqamlashtirishning asosiy qismlaridan biri bu moliya, g‘aznachilik, ishlab chiqarish va savdo faoliyatini, shuningdek biznes jarayonlarini yagona ERP tizimi orqali avtomatlashtirish orqali mahsulot tannarxini 3 foizga pasaytirish, daromadlarni 2 foizga oshirilishi ta'minlanadi. Ishlab chiqarishni real vaqt rejimida nazorat qilish va tezkor boshqarish maqsadida MES tizimini ishga tushiriladi. Bu uskunalarning foydali ish samaradorligini 5 foizga oshirib, rejadan tashqari to‘xtash vaqti 15 foizgacha qisqartirilishiga imkon yaratadi. Shuningdek, yangi qurilayotgan 3-mis boyitish fabrikasi va mis eritish zavodini kengaytirish loyihalarisi doirasida texnologik jarayonlarini to‘liq avtomatlashtirish tizimlarini joriy etish istiqbollari belgilangan.

Tadbirda OAV vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil ma'lumot olishdi.

OKMK Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech