"Olmaliq kon-metallurgiya kombinati" aksiyadorlik jamiyati
Call-markaz
+998 78 141 90 99Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Call-markaz
+998 78 141 90 99Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33"Olmaliq KMK" AJ yoshlarining malakasini doimiy oshirish va zahira kadrlar bilan ishlashni rivojlantirish maqsadida “Muhandislar maktabi” qurildi.
Bu haqda AOKAda oʻtkazilgan brifingda "Olmaliq KMK" AJ boshqaruv raisining yoshlar siyosati boʻyicha maslahatchisi Azamat Mavlonov ma’lum qildi.
2024 yil hamda 2025 yilning oʻtgan davrida kombinatda yoshlar siyosatini olib borish, kadrlar zahirasini shakllantirish, ommaviy tadbirlar, ma’naviy-ma’rifiy soha, sport musobaqalari va ijtimoiy qoʻllab quvvatlashga doir salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
Hisobot yilida yosh mutaxassislarni rahbarlik lavozimlariga tayyorlash, ularni oʻz kasbiga nisbatan qiziqishlarini orttirish va Kombinat kelajagi uchun kerakli kadrlar boʻlib yetishishlari uchun bir qator chora-tadbirlar amalga oshirildi. Ular jumlasiga “Eng yaxshi yosh mexanik”, “Eng yaxshi yosh boyituvchi” va boshqa kasb mahorati tanlovlari oʻtkazilib gʻoliblar rahbarlik lavozimlari rezerviga tavsiya etildi. Tanlov gʻoliblari tajribali mutaxassislarga biriktirilib, “Ustoz-shogird” an’analariga ham e’tibor qaratilib kelinmoqda.
Davlat rahbarining “Bir million dasturchi” gʻoyasi asosida “Eng yaxshi yosh dasturchi” tanlovi oʻtkazildi.
Kombinat yoshlarining malakasini doimiy oshirish, ularni oʻz ustilarida uzluksiz ishlashlarini ta’minlash va zahira kadrlar bilan ishlashni rivojlantirish maqsadida “Muhandislar maktabi” qurildi.
Maktabda yiliga 160 nafar muhandis va 1000 dan ortiq ishchi-xodimning malakasini oshirish 40/60 dual ta’lim tizimi asosida yoʻlga qoʻyilgan.
Maktabda geologiya, konchilik ishi, kon transporti, marksheyderlik ishi, foydali qazilmalarni boyitish, metallurgiya, mexanika, energetika, avtomatlashtirish yoʻnalishlarida ishchi-xodimlarning malakasi oshiriladi.
Kombinat xodimlari ayniqsa yosh ishchi xodimlarning malaka darajalarini va amaliy koʻnikmalarini rivojlantirishga moʻljallangan oʻquv maskaniga aylandi.
Undan tashkari Prezidentimiz tashabbusi bilan MISiSning Olmaliq filiali qoshida Fan va texnologiyalar universiteti va OKMK hamkorligida ilgʻor muhandislik maktabi tashkil etilmoqda.
Ilgʻor muhandislik maktabini tashkil etishdan asosiy maqsad Oʻzbekiston Respublikasi sanoat majmuasini, shu jumladan, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatini yangi bilim va koʻnikmalarni qoʻllagan holda tarmoqlarni istiqbolli rivojlantirishning strategik vazifalarini hal etishga qodir boʻlgan yuqori malakali muhandis mutaxassislar bilan ta’minlashdan iborat.
Ma’naviyat va ma’rifat yoʻnalishi boʻyicha - jaholatga qarshi Ma’rifat tushunchasini yoshlarimiz ongiga singdirish maqsadida “Kitobxonlik kechalari”, “Yosh kitobxon tanlovi” va turli aksiyalar oʻtkazilmoqda.
Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish va ularning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish boʻyicha ilgari surgan 5 ta muhim tashabbusning birinchi bandi ya’ni yoshlarning musiqa, rassomlik, adabiyot, teatr va san’atning boshqa turlariga qiziqishini oshirish maqsadida koʻplab ijodiy koʻrik tanlovlar oʻtkazildi. Jumladan “Iste’dod” tanlovi tashkil qilindi va talovda ishtirok etgan iqtidorli yoshlar kombinat raxbariyati tomonidan munosib ragʻbatlantirildi.
Yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil qilish, intelektual salohiyatini oshirish maqsadida kombinat yoshlari oʻrtasida “Zakovat” intellektual oʻyinini oʻtkazildi.
Xotin-qizlar va gender tengligiga xam alohida e’tibor qaratilib kombinatda faoliyat yuritib kelayotgan yosh qizlarimiz oʻrtasida “Kombinat gavxarlari” koʻrik tanlovi oʻtkazildi va tizimda “Qizlar akademiyasi”ni tashkil qilinishi natijasida qizlarning faolligini oshirish reja qilindi.
Yoshlar oʻrtasida jinoyatchilikni oldini olish, ularni turli oqimlar ta’siridan himoya qilish, ularning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish borasidagi amaliy ishlar ham oʻz samarasini bermoqda. Oilaviy ajrimlar, ularga sabab boʻluvchi omillarni oʻrganish ishlari maxsus idora vakillari bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
Yoshlar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini keng targʻib qilish, ular oʻrtasida jismoniy sogʻlomlashtirish va sport tadbirlarini tashkil etish maqsadida “Yoshlar olimpiadasi” musobaqalari oʻtkazilib kelinmoqda. Ushbu musobaqa oʻz ichiga sportning 12 turini jamlagan. Ushbu musobaqalarda kombinatning 3 100 nafardan (30%) ziyod sportga qiziqishi bor yoshlar ishtirok etishdi.
Iqtidorli yosh xodimlarning gʻoya va tashabbuslarini qoʻllab quvvatlash, shaxsiy rivojlanishiga koʻmaklashish, ijodiy va intellektual salohiyatini roʻyobga chiqarish, korxonadagi alohida e’tiborga muhtoj yoshlarni rahbarlarga biriktirish orqali ular bilan individual ishlash, yoshlar bilan doimiy muloqotni yo’lga qo’yish, ularga yetarli va munosib mehnat sharoitlarini yaratish masalalariga alohida yondashib ish olib borilmoqda.
Kombinatda faoliyat yuritib kelayotgan xodimlar va yosh mutaxassislarni ijtimoiy qoʻllab quvvatlash maqsadida ularga Olmaliq shahrida barpo etilayotgan “Yangi Oʻzbekiston” massivlaridagi koʻp qavatli uylarning imtiyozlar asosida berilishida amaliy yordamlar berilmoqda.
2025 yilda ham ish rejaga muvofiq, yoshlar bilan ishlashda turli tanlovlar, sport yoʻnalishlari, chet tillarini oʻrgatish, ijodiy va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar davom ettiriladi. Yoshlarning intellektual salohiyatini oshirish, boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda kasbiy koʻnikmalarini rivojlantirishga qaratilgan loyihalar asosiy ustuvor yoʻnalish boʻlib qoladi. Bu orqali yoshlarning ishlab chiqarish jarayonidagi faol ishtirokini ta’minlash, ularning tashabbuslari va iqtidorini qoʻllab-quvvatlashga erishiladi.