• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

OKMKda bosma OAV vakillari uchun press-tur tashkil etildi

20 Dekabr 2024, 9:59 222

Joriy yilning 19-dekabr kuni Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida 2024-yilda amalga oshirilgan ishlar va investitsiya loyihalari yuzasidan bosma OAV vakillari uchun press-tur tashkil etildi.

Tadbirda Olmaliq shahar, Toshkent viloyati va Respublika bosma OAV vakillari ishtirok etishdi.

Press-tur avvalida “Metallurg” MSda OKMK rahbariyati va jurnalistlar o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi. Unda bugungi kunda kombinatda amalga oshirilayotgan ishlar, OKMK tomonidan ijtimoiy sohani qo‘llab-quvvatlash borasidagi vazifalar, investitsiya loyihalari bo‘yicha batafsil ma'lumot berildi.

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tomonidan ijtimoiy soha doim qo‘llab-quvvatlab kelingan, -deydi kombinat boshqaruv raisining xodimlar va ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Sa'di Shermatov. – Har yili kombinat homiyligida Olmaliq shahridagi OKMK tasarrufidagi bog‘chalar, ijtimoiy soha obyektlari kapital ta'mirlab beriladi. Shuningdek, viloyatimizdagi hududlarga ham beg‘araz yordam ko‘rsatib kelamiz. Masalan, 2023-yilda Parkent tumani, Qiziltog‘ qo‘rg‘onida joylashgan “Chotqol” madaniyat markazi kombinat homiyligida to‘liq ta'mirlanib, zamonaviy qiyofaga keltirildi. 2024-yil mart oyida Namangan viloyati Pop tumanidagi Chodak qishlog‘ida yangi tikuvchilik fabrikasi kombinat homiyligida ishga tushirilib, 520 nafar ayol ish bilan ta'minlandi. Avgust oyida Oqqo‘rg‘on tumani “Eltamg‘ali” MFYda OKMK homiyligidagi qurilgan bolalar bog‘chasi va turar joy binosi foydalanishga topshirildi. Bunday misollar juda ko‘p. Shuningdek, kombinat ishchi-xodimlarning ijtimoiy himoyasi ham ta'minlangan.

Uchrashuvda OKMK Investitsiyalar va kapital qurilish departamenti boshlig‘i o‘rinbosari Obid Jonsaidov, investitsiya loyihalari bo‘yicha jurnalistlarni boxabar qildi.

Davlatimiz rahbarining tog‘-kon sanoatiga bo‘lgan e'tibori tufayli kombinatda keng ko‘lamda modernizatsiya amalga oshirilmokda. Buni dalili sifatida raqamlarga murojaat qilamiz. 2012-2016 yillarda kombinat barqarorligi uchun 123 mln dollar sarflangan. 2017-2024 yillarda ushbu mablag‘ 35 baravarga oshib, 4,5 mlrd dollarga yetdi. Bu esa o‘z navbatida sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmlarini 1,8 baravarga, mahalliylashtirish darajasini esa 7,7 baravarga oshirishga zamin yaratdi. 2030-yilga borib OKMKda ishlab chiqarish quvvatlarini, jumladan misni 500 ming tonnaga oshirish maqsad qilingan. Ushbu yirik investisiyaviy loyihani yakuniga yetkazish natijasida esa OKMKdagi ma'dan koni kattaligi bo‘yicha dunyoda eng yirik kon maqomiga ega bo‘ladi. Ushbu yo‘nalishda 2025-yilda 60 mln tonna quvvatga teng 3-Mis boyitish fabrikasi, 180 ming tonna quvvatga teng 6-son sulfat kislotasi sexi va Mis boyitish fabrikasida to‘liq avtomatlashtirilgan yangi nasos-gidrosiklon uskunalari foydalanishga topshiriladi. Joriy yilning 15-oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga tashrifi davomida 4-sonli MBF qurilishiga start berilgan. 4-sonli MBFning ishga tushirilishi natijasida mis ishlab chiqarish hajmi sezilarli darajada oshadi. Bu esa misdan yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish imkonini yaratadi. Yildan-yilga rivojlangan mamlakatlarning yirik ishbilarmonlari OKMKga qiziqish bildirmoqda. Xususan, so‘ngi bir yil ichida kombinat rahbariyati va mutaxassislari Yaponiya, Koreya, Germaniya, Finlyandiya, Buyuk Britaniya, Xitoy, Singapur kabi rivojlangan davlatlarning yuzlab investorlari bilan muloqot olib borib, yangi investitsion va innovatsion loyihalar ustida ish olib borishmoqda.

OKMK respublikada birinchilardan bo‘lib davlat kafolatisiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy kreditlarni jalb qilishni boshlagan bo‘lib, 2024-yilda ularni o‘zlashtirish ko‘rsatkichi 1,8 mlrd dollarga yetadi. Bu esa, o‘z navbatida, xorij banklarining kombinatning moliyaviy holatiga ishonchi yuqori ekanligidan dalolat beradi, - deydi O.Jonsadiov.

Shundan so‘ng, jurnalistlarning navbatdagi manzillari Qalmoqqir va Yoshlik-1 konlari bo‘ldi. OAV vakillari konlardagi texnologik ishlab chiqarish jarayoni bilan yaqindan tanishishdi.

Hozirda “Yoshlik-1” konini o‘zlashtirish va 3-Mis boyitish fabrikasini qurish doirasida yiliga 60 mln tonna ma'danni qazib olishga kon to‘liq tayyorlandi. Buning uchun 210,2 mln kub metr bo‘sh tog‘ jinslari qazib olindi. Natijada, hozirda kon uzunligi 4,0 km, eni 2,0 km va chuqurligi 235 metrga yetgan. Boshqa fabrikalardan farqli o‘laroq, konning o‘zida ma'danlarni birinchi maydalash-yuklash qurilmasi barpo etildi.

Karyerni qurish bo‘yicha loyiha boshidan buyon 210,2 mln m3 kon yuzasini ochish ishlari bajarildi. 41,63 km uzunlikdagi temir yo‘llar yotqizilib, elektrlashtirildi. Konda 400 ta texnika vositalari ishlamoqda. Uzunligi 4,2 km bo‘lgan magistral konveyerlar ma'danni fabrika xomashyo omboriga tashishga tayyorlandi. Ushbu konveyer liniyasining o‘ziga xos jihatlaridan biri – yer relyefidan kelib chiqqan holda balandligi 44 metr bo‘lgan ko‘prik orqali o‘tadi. Konveyer liniyasida ma'danni tashish tezligi sekundiga 4 metrni tashkil etadi. Konveyer tizimini joriy etilishi ma'danni tashish xarajatlarini kamida 30 foizga kamaytiradi.

Shundan so‘ng press-tur ishtirokchilari 3-Mis boyitish fabrikasining qurilish jarayoni bilan tanishdilar. “Yoshlik-1” konini o‘zlashtirish investitsiyaviy loyihasining 1-bosqichini amalga oshirish doirasida ayni paytda 3-Mis boyitish fabrikasi qurilishi bilan parallel ravishda uskuna-jihozlarini o‘rnatish va sozlash ishlari olib borilmoqda.

Hozirda 3-Mis boyitish fabrikasi qurilishida 10 427 nafar quruvchi va 790 dan ortiq maxsus texnika ishlamoqda.

3-Mis boyitish fabrikasida ma'danni birinchi bosqich maydalash jarayoni “Yoshlik-1” koni hududida amalga oshiriladi. “Yoshlik-1” konidan ma'dan yirik hajmli yuk tashuvchi avtotransportlar yordamida birinchi bosqich maydalash jarayoni qabul qiluvchi bunkerlariga yetkazib beriladi. Qabul qiluvchi bunkerlar soni 3 tani tashkil etib, ushbu maydalagichlarning 3 tasi ham o‘rnatilgan. 1 tasi ishga tushirilgan bo‘lib, qolgan 2 tasida sozlash ishlari davom etmoqda.

Dunyoning yetakchi kompaniyalari tomonidan flotatsiya, mayin yanchish, quyultirish va suvsizlantirish jarayonlarini yuqori sifat va unumdorlikda amalga oshirish maqsadida qurilmalar etkazib berilgan. Jami 6 ta bo‘limdan ikkitasida uskunalarni montaj ishlari yakunlanib, hozirda ishga tushirish va sozlash ishlari amalga oshirilmoqda.

Yiliga 60 mln tonna ma'danni qayta ishlash quvvatiga ega fabrika foydalanishga topshirilgandan so‘ng 3 000 ga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Davlat byudjetiga yiliga 300 mln dollardan ortiq soliq tushumlari ta'minlanadi.

OAV vakillarining navbatdagi manzili Rux zavodi bo‘ldi. Ularga zavodda barpo etilayotgan 6-sonli Sulfat kislotasi sexi va ishlab chiqarilayotgan rux, kadmiy kabi mahsulotlar bo‘yicha ma'lumotlar berildi.

Press-turning so‘nggi manzili Mis eritish zavodi bo‘ldi. Zavodning havo taqsimlash sexi hamda metallurgiya  sexidagi texnologik ishlab chiqarish jarayoni OAV vakillarida katta taassurot qoldirdi.

Kombinatning 85% tovar mahsulotlarini aynan Mis eritish zavodi ishlab chiqaradi. Zavod mahsulotlari sifat darajasi bo‘yicha xalqaro nufuzli tashkilotlarning “Eng yaxshi yetkazib beruvchi” va “Yuqori sifat egasi” kabi e'tirofiga  sazovor bo‘lgan. Zavod o‘zida xom ashyodan to qadoqlangan tayyor mahsulot darajasigacha bo‘lgan tizimni o‘zida mujassam qilgan.

Bugungi kunda zavodda mis katodi, oltin, kumush, selen, tellur, mis kuporosi, reniy, sulfat kislotasi, emallangan mis simlari, palladiy kukuni, suyultirilgan kislorod kabi mahsulotlar ishlab chiqariladi.

Shuningdek, zavodda molibden kuyindisi, qo‘rg‘oshin vismut shlami, suyultirilgan azot kabi yordamchi mahsulotlar ham tayyorlanadi.

2024-ilda zavodda yangi mahsulot turlari o‘zlashtirildi. Mamlakatimiz zargarlik sanoati uchun granulalangan oltin va kumush ishlab chiqarish boshlandi.

Press-tur davomida bosma OAV vakillari kombinatda amalga oshirilayotgan ishlar, investitsiya loyihalari bo‘yicha to‘liq ma'lumotga ega bo‘lishdi.

OKMK Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech