Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 71) 619-23-33Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 71) 619-23-33Joriy yilning 28-fevral kuni OKMK Axborot xizmati va Toshkent viloyati hokimligi Axborot xizmati hamkorligida “OKMKda Mega loyiha ijrosi” mavzusida press-tur o‘tkazildi.
OAV vakillari dastlab, Muhandislik maktabi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
Maktab faoliyati haqida muassasa direktori Behzod Salimov jurnalistlarga to‘liq ma'lumot berib o‘tdi.
Kombinat ehtiyojlari uchun professional muhandis-texnik xodimlarni qayta tayyorlash maqsadida tashkil etilgan Muhandislik maktabini loyihalash Germaniyaning “Aurubis” kompaniyasining o‘quv markazi namunasida amalga oshirildi. Muhandislik maktabida geologiya, konchilik ishi, kon sanoati transportlari, marksheyderlik ishi, foydali qazilmalarni boyitish, metallurgiya, mexanika, energetika, ishlab chiqarishni avtomatlashtirish yo‘nalishlarida faoliyat olib borayotgan mutaxassislar o‘qitilmoqda. Frayberg texnika universiteti konchilik akademiyasi, “Aurubis” AG va “GP Günter Papenburg” AG kompaniyalarining kadrlarni tayyorlash bo‘yicha dual ta'limga mo‘ljallangan metodologiyalari asosida kombinat mutaxassislari va xorijiy hamkorlar ishtirokida o‘quv dasturlari ishlab chiqildi.
Tinglovchilar uchun hatto maktabda xorijlik professor o‘qituvchilar ham dars o‘tishmoqda.
Shundan so‘ng, OAV vakillari dunyodagi eng yirik konlardan biri sanalgan “Qalmoqqir” konida bo‘lishdi.
Press-tur ishtirokchilarining navbatdagi manzili “Yoshlik-1” koni bo‘ldi. Ma'lumot uchun “Yoshlik-1” konini qurish bo‘yicha loyiha boshidan buyon hozirgi kunga qadar 217,1 mln m3 kon yuzasini ochish ishlari bajarildi. Konning uzunligi 4,0 km, eni 2,3 km va chuqurligi 235 metrga yetdi. 41,63 km uzunlikdagi temir yo‘llar yotqizilib, elektrlashtirildi. Ayni paytda konda 400 ta texnika vositalari ishlamoqda. Uzunligi 4,2 km bo‘lgan magistral konveyerlar ma'danni fabrika xomashyo omboriga tashishga tayyorlandi. Konveyer liniyasida ma'danni tashish tezligi sekundiga 4 metrni tashkil etadi. Konveyer tizimini joriy etilishi ma'danni tashish xarajatlarini kamida 30 foizga kamaytiradi. Yana bir muhim ma'lumot “Yoshlik-1” koni dunyoda ma'dan tarkibida oltin hajmi bo‘yicha yirik kon, deya tan olindi. Ma'dan tarkibida oltin hajmi bo‘yicha kombinat zahiralari 1-o‘rinda, mis konlaridagi ma'dan o‘rtacha oltin tarkibi bo‘yicha 2-o‘rin, ma'dan hajmi bo‘yicha 3-o‘rin, tarkibidagi mis hajmi bo‘yicha 6-o‘rinni egallaydi.
Press-tur ishtirokchilarida 3-Mis boyitish fabrikasidagi amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar ham katta taassurot qoldirdi. OAV vakillari fabrikaning O‘rta maydalash korpusi, ruda tayyorlash korpusi, ma'muriy-maishiy korpusi hamda markaziy dispetcherlik punktlarida bo‘lishdi.
Ayni paytda yiliga 60 mln.tonna ma'danni qayta ishlash quvvatiga ega 3-Mis boyitish fabrikasi qurilishi ham jadal sur'atlarda davom ettirilmoqda va parallel ravishda texnologik uskunalarni o‘rnatish ishlari olib borilmoqda.
Mazkur fabrika 196 gektar yer maydonida barpo etilib umumiy ishlab chiqarish maydoni 136 gektarni tashkil etadi. Fabrika to‘liq avtomatlashtirilgan bo‘lib, eng zamonaviy asbob- uskunalar bilan jihozlanmoqda. Uning ishga tushishi natijasida yiliga 60 mln.tonna mis-molibden ma'danlarini qayta ishlanib, qo‘shimcha 894 ming tonna mis konsentrati, shundan 167 ming tonna mis katodi, 13 tonna oltin hamda 72 tonna kumush va boshqa qimmatbaho metallarni ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi.
Bu yirik loyiha turdosh sanoat tarmoqlarining rivojlanishiga ham turtki berdi. Masalan, fabrika qurilishiga metall konstruksiyalar yetkazib berish uchun 6 ta zavod ishga tushirildi.
Bugungi kunda 3-Mis boyitish fabrikasiga dunyoning yetakchi kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilgan zamonaviy texnologik uskunalar yetkazib berilmoqda va o‘rnatilmoqda.
Kunning ikkinchi yarmida OAV uchun Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev, “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ boshqaruv raisi Abdulla Xursanov hamda O‘zbekiston Milliy media birlashmasi boshqaruvi raisi Sherzodxon Qudratxo‘ja ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi.
Tadbirda so‘z olgan Zoyir Mirzayev OKMKda amalga oshirilayotgan megaloyihaning bugungi kundagi ahamiyati, ayniqsa, kundan-kunga dunyo bozorida misga bo‘lgan talabning oshib borayotganini ta'kidlab, 3-Mis boyitish fabrikasining ishga tushishi mamlakatimiz iqtisodiyotiga salmoqli hissa qo‘shishini bildirdi.
Shuningdek, tadbir davomida so‘z olgan Abdulla Xursanov 3-Mis boyitish fabrikasining qurilishi, mamlakatimiz ichki bozorida misga bo‘lgan talabning oshib borishi, misdan yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish, kombinatning yildan-yilga investitsiyaviy jozibadorligi oshib borayotgani, bu esa ko‘plab xorijiy davlatlarning kombinat bilan hamkorlik qilishga qiziqayotganligini ta'kidlab o‘tdi. Misga bo‘lgan talabning oshib borishi, uni xomashyo sifatida eksport qilishni kamaytirib, mis klasterlari orqali yurtimizda qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish ham bugungi kunda dolzarb ekanligini aytib o‘tdi. Abdulla Xursanov kombinatda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarni tarix zarvaraqlariga muhrlayotgan OAV vakillariga o‘z minnatdorchiligini bildirib o‘tdi.
- Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, qo‘shni davlatlar bilan yo‘lga qo‘yilayotgan hamkorlik aloqalari, ayniqsa, OKMKdagi yirik investitsiya loyihalarini xalqimizga xolis va haqqoniy tarzda yetkazib berishda OAV vakillarining o‘rni muhim, -deydi Sherzodxon Qudratxo‘ja. - Bugun 3-Mis boyitish fabrikasining qurilishida qatnashayotgan hamyurtlarimiz kelajakda bu kabi yirik qurilishlarni o‘zlari amalga oshirishga ishonaman.
3-mis boyitish fabrikasining birinchi mahsuloti olinadigan kunga ham OAV vakillari taklif etildi.
Samimiy ruhda o‘tgan matbuot anjumanida OAV vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga to‘liq javob olishdi.
OKMK Axborot xizmati
Sahifadagi xatolar bo`yicha manzil:
Matn xato bilan:
Sizning izohingiz yoki to`gri versiya: