• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

“Olmaliq KMK”da ekologik talablar va atrof-muhit muhofazasi me'yorlarini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish"

15 Mart 2022, 16:8 1721

Joriy yilning 14-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Adminstratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligida “Olmaliq KMK”da ekologik talablar va atrof-muhit muhofazasi me'yorlarini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish" mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Tadbirda OKMK bosh muhandisi o‘rinbosari Abduqahhaor Saynazarov, OKMK Atrof-muhit muhofazasi bo‘limi boshlig‘i Davron Abdurahmonov hamda OAV vakillari ishtirok etishdi.

- Qisqa vaqt ichida Olmaliq kon-metalurgiya kombinatini modernizasiya qilish, ishlab chiqarish salohiyatini oshirish borasida ko‘p ishlar amalga oshirilib, 2030-yilgacha bo‘lgan modernizasiya jarayoni rejasini izchil davom ettirib, atrof-muhitning sofligini ta'minlangan holda kombinat unumdorligini deyarli 1,5 baravar oshirish davlat dasturlaridan o‘rin oldi,- deydi Davron Abdurahmonov. - Mavjud ishlab chiqarish jarayonini to‘xtatmagan holda texnologiyalar va gaz quvurlarining ishlash samaradorligini oshirish borasida so‘ngi uch yil ko‘pgina ishlar amalga oshirildi. Xususan, Rux zavodida to‘liq rekonstruksiya va modernizasiya ishlari amalga oshirildi. Aynan atmosferaga salbiy ta'sirni kamaytirish borasida zavodning kuydirish sexida, elektrofil'trlari to‘liq ta'mirlanib, changlarni tozalovchi qo‘shimcha qopli filtr uskunalari o‘rnatildi. Aspirasion tizimlar kapital ta'miri uchun 2 mlrd so‘m mablag‘ sarflandi. 6 ta yangi sovutgich uskunalari o‘rnatilib, birinchi pog‘ona gazlarni tozalash fil'trlari to‘liq ta'mirlanib, ishlash samaradorligi 96 foizga ko‘tarildi. Quritish absorbsiyalash bo‘limida kimyoviy himoya ishlari olib borildi.

Mis eritish zavodida gaz tarkibidagi changlarni ushlab qoluvchi EGT 3-60 elektrofiltri kapital ta'mirlanib, Vanyukov pechi quvurlari to‘liq tozalandi. SK-4 sul'fat kislota sexi kapital ta'mirdan o‘tkazilib, kislota saqlash uchun qushimcha 6-bak qurilib foydalanishga topshirildi.

Ohak ishlab chiqarish zavodida chang ushlab qoluvchi uskunalar to‘liq modernizasiya  qilindi va qo‘shimcha siltagich (groxot) va aspiratsiya tizimi o‘rnatildi. Natijada hozirgi kunga qadar zavoddan atmosferaga chiquvchi tashlamalar Respublikamizning ekologik me'yoriy talablariga to‘liq javob berib kelmoqda.

Mis boyitish fabrikasida Yanchish va maydalash uchastkasi(UDI) bo‘limi chang ushlash filtr uskunalari quruq usuldan namlash usuliga o‘tildi (uskunaning chang ushlash samaradorligi 75-80 foizdan 90-95 foizga ko‘tarildi).

Jizzax sement zavodida chang ushlab qoluvchi 1800ta fil'tr qoplari to‘liq almashtirildi. Natijada me'yordan ortiq tashlamalar yo‘q qilindi va rejaviy almashtirishga mo‘ljallangan zaxira fil'tr qoplari tayyorlab qo‘yildi.

Sherobod sement zavodida chang ushlab qoluvchi 2200ta fil'tr qoplari to‘liq almashtirildi va rejaviy almashtirishga mo‘ljallangan zaxira fil'tr koplari tayyorlab qo‘yildi.

Ma'lumki, mis eritish jarayonida Atmosferaga oltingugurt oksidi gazi ajraladi. Oltingugurt ikki oksidli gazini atmosferaga tashlanishining oldini olish bu chiqayotgan gazlarni qayta ishlab sul'fat kislota olishdir.

Ushbu gaz tashlamalarini oldini olish borasida mis eritish zavodida oltingugurt ikki oksidini qayta ishlashga mo‘ljallangan yillik quvvati 1,8 mln. tonna bo‘lgan yangi sul'fat kislotasi sexini (SK-5) hamda Rux zavodida yillik quvvati 180 ming tonna bo‘lgan yangi sul'fat kislota sexini qurish loyixasi borasida shartnomalar imzolanish arafasida. Ob'yektni ishga tushirish muddati 2024-2025 yillarni o‘z ichiga oladi.  qurilishi mo‘ljallanayotgan yangi ikkita sul'fat kislota sexlarini qurish orqali atmosferaga chiqayotgan gazlarni qayta ishlashga yo‘naltirish bilan bir qatorda ma'nan eskigan sul'fat kislota sexlarini (SK-1, SK-3) faoliyati to‘xtatilishi ko‘zlangan.

Shu bilan bir qatorda istiqbolli loyihalarda atmosferaga tashlamalarni kamaytirish borasida mis eritish qozonxonalarida hosil bo‘luvchi tashkillashtirilmagan chang-gazlarni ushlab qoluvchi zontlar o‘rnatish va gazlarni sul'fat kislota sexiga qayta ishlashga yo‘naltirish loyiha ishlari rejalashtirilgan. ushbu loyixalarni amalga oshirish natijasida mavjud atmosferaga tashlanayotgan chang gazlar 173,2 ming tonnadan 13 ming tonnaga qisqartirishga erishiladi.

Markaziy ta'mirlash mexanika zavodining quyish sexi aspiratsiya tizimini to‘liq rekon-struksiya qilish loyihasi ishlab chiqilgan  va uskuna xarid ishlari amalga oshirilmoqda.

Mis boyitish fabrikasi maydalash sexi aspiratsiya tizimini to‘liq rekonstruksiya qilish loyihasi amalga oshirilmoqda ijro muddati 2022-2023-yillarni o‘z ichiga oladi. loyixani amalga oshirish orqali atmosferaga chiquvchi chang gaz tashlamalar miqdorini kamayib ishchilarning mehnat sharoitini yaxshilanadi.

“Yoshlik –I” konini o‘zlashtirish investision loyihasi negizidagi mis eritish tizimini kengaytirish loyiha ishlari amalga oshirilmoqda. Ushbu jarayonlarda xorijiy tajribalar-dan kelib chiqqan holda atmosferaga salbiy ta'siri kam bo‘lgan texnologiyalar o‘rganib chiqilmoqda. Taklif etilayotgan «Flash Smelting» mis eritish jarayoni xamda «Flash Converting» Pirsa-Smita kompaniyasining gorizontal konverter pechlari o‘rganib chiqilmoqda. Maqsadimiz 2022-2025-yillarda mis eritish qurilmalarini pechlarni to‘liq yangilash, atmosferaga chiqayotgan chang-gaz tashlamalarini ushlab qolish va qayta ishlashga yo‘naltirishdir.

 

Tadbir davomida texnogen chiqindilar masalasiga ham alohida e'tibor qaratildi. Unga ko‘ra, chiqindilarni kamaytirish borasida 2021-yilda 320 mln tonna tarkibida qo‘rg‘oshin moddasi mavjud bo‘lgan texnogen chiqindilar Qozog‘iston Respublikasiga qayta ishlash maqsadida eksport qilindi hamdda 6 mln. tonna otval shlaklari qayta ishlandi. Natijada zararli chiqindi saqlanib yotgan maydonlarimiz kamaytirildi. Bundan tashqari, texnogen chiqindilarni kamaytirish va qayta ishlashga mo‘lljallangan ilmiy tadqiqot ishlari davom ettirilmoqda.

Yurtimizdagi chiqindi muammosi bo‘lib kelayotgan katta xajmdagi (BeLAZ, PDM, yuk mashinalari) gabarit transportlar ekspluatasiyasidan yaroqsiz holga kelgan avtoshinalarni qayta ishlovchi sex tashkil etish bo‘yicha o‘zbek-yapon yoshlar markazi hamda Toshkent davlat texnika universiteti xodimlari bilan ilmiy ishlar amalga oshirilmoqda.

Ta'kidlash joizki ko‘zlanayotgan istiqbolli loyihalarda dunyodagi eng yirik, yangi 60 million tonna rudani qayta ishlashga mo‘ljallangan yangi mis boyitish fabrikasi qurish rejalashtirilmoqda. Eng avvalo, qurilayotgan ob'ektlar hamda ishlab chiqarish jarayonining atrof muhitga ta'sirini hisobga olgan holda mavjud zamonaviy eng yaxshi texnologiyalarni qo‘llash va tabiiy resurlardan unumli foydalanishga qaratilgan.

Kombinatda xorij valyutasi o‘rniga kirib kelayotgan  import o‘rnini bosuvchi mahalliy texnik dastgohlarni ishlab chiqarish bo‘yicha ham ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. Ushbu jarayon nafaqat Olmaliq kon-metallurgiya kombinati balki butun respublikani texnologik uskunalarga bo‘lgan talabni qondirishga qaratilgan.

Kombinatda suv yo‘qotishlarni oldini olish, quvurlarni yangilash va suv aylanma harakatini ta'minlash borasida 2021-yil hisobida 157 mlrd so‘m mablag‘ sarf qilingan.  Kon ishlarida hosil bo‘layotgan ishqorli suvlarni tozalash inshoatini qurish loyiha ishlari amalga oshirilmoqda. Shuningdek, qayta tiklanuvchi energiya manbalari va quyosh tizimidan quvvat oluvchi batareyalarni yaratishga ham alohida e'tibor qaratilgan.

Hozirda kombinatda xalqaro ekologik menedjment tizimi ISO 14001 ni joriy etish bo‘yicha konsul'tant xizmatlari jalb etilib, ishlab chiqarish jarayonini jahon standartlariga muvofiqlashtirish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda.

- Xitoy tajribasini o‘rganadigan bo‘lsak davlat tomonidan xarid qilinadigan metallarni narxini oshirish barobarida chiqindilarni minimillashtirish vazifasi qo‘yilgan. Bu boshqa sohalarni rivojlanishiga olib keldi.- deydi Abduqahhor Saynazarov.- Xitoyda oxirgi yillarda birinchi navbatda ekologik vazifalarga qarashmoqda.  Chililik mutaxassislarga ham 2014 yildan boshlab Yevropa standarti talablari  qo‘yilgan. Biz ham muvozanatni tanlashimiz kerak. Iqtisodiy jihatdan samarador  va ekologik talablarga javob bera oladigan texnologiyani tanlashimiz lozim. Yana bir muhim masala konni ochishda oksidlangan rudalardan qaytash ishlash vazifasi turibdi. Chilida oksidlangan rudalar qayta ishlanadi. Biz tanlayotgan texnologiya murakkab sanaladi. Bunda xom ashyodan metallarni kompleks ajratib olish texnologiyasi qo‘llaniladi. Birinchi o‘rinda mis keyin oltin ajratib olinishi kerak. Rudani qayta ishlashda qoladigan chiqindilar masalasi hozirda ko‘rib chiqilmoqda. Ushbu chiqindilarni saqlash maydonchasi bo‘yicha yer ajratish masala ko‘rib chiqilayapti.

Yana bir muhim jihat sul'fat kislotasi ishlab chiqarish jarayonida hosil bo‘ladigan vannadiy katalizatorining birinchi partiyasi 2021-yilning oxirida Tojikistonga eksport qilindi. Shuningdek, qo‘shni Qozog‘istonga tarkibida qo‘rg‘oshin bo‘lgan 320 mln tonna texnogen chiqindilari eksport amalga oshirildi.

Tadbirda jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob olishdi.

 OKMK Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech