OKMK da sarhisob: ustuvor vazifalar belgilab olindi
23 Iyul 2024, 16:2
246
Kuni-kecha Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida joriy yilning 17-iyul kuni Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan hududlar va tarmoqlarda iqtisodiy o‘sish sur'atlarini ta'minlash bo‘yicha birinchi yarim yillik tahlili hamda yil yakuniga qadar ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalarni amalga oshirish choralari yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda OKMK boshqaruvi raisi, rais o‘rinbosarlari, tarkibiy bo‘linmalar va xizmatlarning rahbarlari, mutaxassislar ishtirok etdi.
Yig‘ilishda ta'kidlandiki, hisobot davrida Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida 17,9 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib reja 116 foizga bajarildi. Mis ishlab chiqarish 100 foizga, oltin 100,3 foizga, kumush 100,7 foizga bajarildi.
Eksport prognozi 106,9 foiz darajasida ta'minlandi. 855 mln dollar investitsiyalar o‘zlashtirilib, reja to‘liq bajarildi. Mahalliylashtirilgan mahsulot hajmi 838 mlrd so‘mni tashkil etdi yoki prognoz 103 foizga bajarildi. Mahsulot tannarxi 508 mlrd so‘mga pasaytirildi. Byudjetga to‘lovlar 134 foizga, sof foyda prognozi 115 foizga bajarildi.
Rais o‘rinbosarlari va tarkibiy bo‘linmalar rahbarlarining hisobotlari tanqidiy muhokama qilinib, ikkinchi yarim yillikka quyidagilar asosiy vazifalar etib belgilandi:
- tasdiqlangan moddiy balanslar ko‘rsatkichlarini, jumladan, mis va qimmatbaho metallarni ishlab chiqarish prognozlarini to‘liq bajarish va dekabr oyidan boshlab keyingi yil yanvar oyi uchun zamin yaratish;
- investitsiya loyihalari doirasida va yangi tashkil etilgan qo‘shma korxonalar ishtirokidagi loyihalar bo‘yicha sanoat obyektlari qurilishini yakunlash va bosqichma-bosqich ishga tushirish;
- kukun metallurgiyasi va sanoat uchun muhim metallarni ishlab chiqarish hajmlarini oshirishni jadallashtirish hamda Ingichka koni chiqindilarini qayta ishlovchi fabrikaning ikkinchi navbatini ishga tushirish choralarini ko‘rish;
- ishlab chiqarishlarni, prognoz ko‘rsatkichlarning so‘zsiz bajarilishini nazarda tutgan holda, zarur xomashyo va ehtiyot qismlar bilan uzluksiz ta'minlash;
- ishlab chiqarish obyektlarini 2024/2025 yillar kuz-qish mavsumida barqaror ishlashga sifatli tayyorlash, shuningdek, ko‘mir va mazut yoqilg‘ilari zaxirasini to‘liq yaratish;
- joriy yil mahalliylashtirish dasturi ko‘rsatkichlarini to‘liq bajarish va barcha tarkibiy bo‘linmalarni jalb qilgan holda hamda bugungi kunda import qilinayotgan tovarlar ro‘yxatining tahlili asosida 2025-yilga dastur loyihasini sifatli ishlab chiqish;
- texnologik transport, temir yo‘l va avtomobil transportidan foydalanish samaradorligini oshirish hamda ularni rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish;
- tarkibiy bo‘linmalarda boshqaruv jarayonlari va texnologiyalarni avtomatlashtirish va raqamlashtirish loyihalarini kengaytirish va joriy etish;
- yirik investitsiya loyihalari doirasida qo‘llaniladigan texnologiyalarni va zamonaviy uskunalarni boshqaraoladigan kadrlarni, jumladan muhandislarni, O‘quv markazi va Muhandislik maktabi imkoniyatlaridan keng foydalangan holda, sifatli tayyorlash va qayta tayyorlash, shuningdek, kadrlarni boshqaruv va ular bilan ishlashning HR tizimi joriy etilishini jadallashtirish.
Bugungi kunda ushbu vazifalarni amalga oshirishga barcha imkoniyatlar safarbar qilingan.
OKMK Axborot xizmati