Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

OKMKda Jamoa shartnomasining bajarilishi muhokamasi: majburiyatlar ijrosi, galdagi vazifalar

01 Iyul 2025, 8:28 12482

Joriy yilning 27-iyun kuni “Olmaliq KMK” AJ 2023-2025 yillar uchun tuzilgan jamoa shartnomasining 2024-yilgi yakuniga bag‘ishlangan kombinat mehnat jamoasining konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

Videokonferens aloqa orqali tashkil etilgan tadbirda “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ rahbariyati, kombinat tarkibiy bo‘linmalari rahbarlari, kombinat xodimlari kasaba uyushmasi Kengashi apparati mas'ullari, kasaba uyushmasi qo‘mitalari raislari, delegatlar ishtirok etishdi.

Dastlab, OKMK rahbariyatining 2024-yilda jamoa shartnomasida ish beruvchi tomonidan ko‘rsatilgan majburiyatlarning bajarilishi yuzasidan ma'ruzasi tinglandi.

Unga ko‘ra, kombinatning iqtisodiyotini yanada mustahkamlash, yangidan yangi quvvatlarni barpo etish, zamonaviy ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha strategik dastur amalga oshirilmoqda. Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tomonidan 2024-yilda barcha ishlab chiqarish, mahalliylashtirish dasturi, eksport va raqamlashtirish, mahsulot tannarxini kamaytirish, byudjetga to‘lovlar bo‘yicha belgilangan rejalar bajarilishi ta'minlandi. Kombinat tomonidan jamoa shartnomasida belgilangan barcha majburiyatlar bajarildi. Bundan tashqari, ijtimoiy sohani qo‘llab-quvvatlash borasida ham kombinat tomonidan faol ishlar amalga oshirildi. Kasaba uyushmasi tomonidan o‘tkaziladigan har xil tanlovlarni shaklan va mazmunan qayta ko‘rib chiqish kerakligi, kasaba uyushmasi – Yoshlar ittifoqi – ma'naviyat bo‘yicha maslahatchi – xotin-qizlar yacheykasi zanjirining mushtarakligini ta'minlash zarurligi qayd etildi.

Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan vazifalardan kelib chiqqan holda 2025-yilda amalga oshiriladigan asosiy chora-tadbirlarni amalga oshirishligi ta'kidlandi. Xususan, “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” Davlat dasturi doirasida qo‘yilgan maqsad va vazifalarni amalga oshirish, 3-Mis boyitish fabrikasini ishga tushirish, 4-Mis boyitish fabrikasi va yangi Metallurgiya zavodini qurish loyihalarini jadal amalga oshirish diqqat markazda bo‘lishini ta'kidlandi. Rux zavodining 6-son Sulfat kislotasi sexi foydalanishga topshirilib, oltingugurt oksidi chiqindilarini atmosferaga chiqishi minimal darajaga kamaytiriladi.

Joriy yilda ishchi-xodimlar manfaatini himoya qilish, ularga munosib ish sharoitlarini yaratish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar dasturini amalga oshirish zarur bo‘ladi.

Kasaba uyushmasi – Yoshlar ittifoqi – ma'naviyat bo‘yicha maslahatchi – xotin-qizlar yacheykasi faoliyati birligini ta'minlash, bir maqsadda ishlash, davlatimiz rahbari belgilab bergan istiqbolli rivojlanish va muhim strategik loyihalarni amalga oshirishga qodir bo‘lgan kadrlarni tayyorlash asosiy vazifalardan biri bo‘ladi.

MISIS universitetining Olmaliq filialida tashkil etilgan Ilg‘or muhandislik maktabida magistrlar ikki yil o‘qib kombinatimizga boradi va ilmiy-izlanishlarining natijasini joriy etishadi. Maktabda kombinat xodimlari o‘qiydi va kelajakda ularning yetuk rahbar kadrlar bo‘lib yetishishini ta'minlaydigan mutlaqo yangi tizim barpo etiladi.

Komplнeans xizmati va Kasaba uyushmasi hamkorlikda kombinat xodimlari o‘rtasida ta'sirchan tadbirlarni o‘tkazishlari, ushbu yo‘nalishda tanlovlarni tashkil qilish maqsadga muvofiq hisoblanadi.

Konferensiya 2024-yilda jamoa shartnomasida kasaba uyushmasi tomonidan ko‘rsatilgan majburiyatlarning bajarilishiga oid vazifalar tahlili bilan davom etdi. Unda jamoa shartnomasi tadbirlarini bajarilishш uchun o‘rta hisobda bir xodimga yil davomida sarflangan mablag‘ 18,6 mln so‘mni tashkil etgani ma'lum qilindi. Jamoa shartnomasi asosida mehnatkashlarning ijtimoiy-iqtisodiy va maishiy manfaatlarini va mehnat sohasidagi huquqlarini himoya qilish bilan birga, xodimlar va ularning oila a'zolarini dam oldirish va sifatli sog‘lomlashtirish yo‘nalishida ham samarali faoliyat olib borildi. Kombinat sanatoriy-profilaktoriysida 4544 nafar ishchi-xodim va ularning oila a'zolari sog‘lomlashtirilib, ulardan 636 nafari jamoa shartnomasiga asosan bepul sog‘lomlashtirildi. Shuningdek, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasiga qarashli sanatoriylarda kasaba uyushmasi hamda ijtimoiy sug‘urta hisobidan jami 908 ta yo‘llanmalar ajratildi. Shu bilan bir qatorda, “Appartak” sanatoriysi uchun 185 ta yo‘llanma, “Yangiyo‘l” ko‘p tarmoqli kardiologik sanatoriysiga 253 ta yo‘llanma hamda Sevarsoy sanatoriysiga 40 ta yo‘llanma  ajratildi.

Rossiya Federatsiyasining Yalta va Kislovodsk shaharlarida joylashgan “O‘zbekiston” sanatoriylarida 15 nafar xodimlar o‘z sog‘liqlarini tikladi.

Yuqorida mehnatkashlarni sog‘lomlashtirishga qaratilgan ishlar ko‘lamini kengaytirish maqsadida kasaba uyushmasi ish beruvchi bilan kelishgan holda 2024-yilning 11-dekabr sanasida kombinat xodimlari hamda ularning oila a'zolarini O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasiga qarashli “Sevarsoy” sanatoriysida yo‘llanmaning umumiy bahosidan (9500,0 mln. so‘m) xodim mablag‘lari hisobidan 20 foiz (1900, mln so‘m), kasaba uyushmasi mablag‘lari hisobidan 15 foiz (1425,0 mln so‘m), ish beruvchi mablag‘lari hisobidan 65 foiz (6175,0 mln so‘m) miqdorida to‘lov amalga oshirilishi yuzasidan qo‘shma qaror imzolandi. Shuningdek, “Sevarsoy” sanatoriysiga xodimlarni va ularning oila a'zolarini olib borish hamda qaytarib olib kelish uchun avtotransport ajratish yuzasidan tegishli choralar belgilandi.

Tadbir davomida 2-Mis boyitish fabrikasi, Sanoat temiryo‘l transport boshqarmasi, Markaziy ta'mirlash maxanika zavodi, Ijtimoiy obyektlar boshqarmasi, “Metallurg” MS, Sanatoriy profilaktoriy kabi tarkibiy bo‘linmalarining vakillari ham hisobot berishib, jamoa shartnomasining bajarilishi bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi.

Konferensiya yakunida delegatlar tomonidan kombinatda 2024-yilda jamoa shartnomasining bajarilishi qoniqarli deb baholanib, tegishli qaror qabul qilindi.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech