Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 71) 619-23-33Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 71) 619-23-33Ma'lumki, joriy yilning 5-mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengash yig‘ilishida belgilangan vazifalarning ijrosini ta'minlash maqsadida 2025-yil 21-aprel kuni Prezidentning “Davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari mustaqilligini ta'minlash hamda faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Yig‘ilishda belgilangan vazifalarning ijrosi hamda qarorning mazmun-mohiyatini keng targ‘ib qilish maqsadida, joriy yilning 19-may kuni Olmaliq kon-metallurgiya kombinati Markaziy apparatida tadbir bo‘lib o‘tdi.
“Olmaliq KMK” AJ boshqaruvi raisi Abdulla Xursanov olib borgan yig‘ilishda kombinat rahbariyati, tarkibiy bo‘linmalarning rahbarlari, xizmatlar boshliqlari va mutasaddilar ishtirok etdilar.
Tadbirda “Olmaliq KMK”AJ Komplayens xizmati boshlig‘i v.v.b. Shuhrat Jo‘rayev OKMKda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha hisobot berib, davlatimiz rahbari boshchiligida o‘tkazilgan Milliy kengash va qarorda belgilab berilgan vazifalar bo‘yicha batafsil ma'lumotlar taqdim etdi.
- Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan jinoyatlarning oldini olish, mamlakatimizni barqaror rivojlantirish yo‘lida korrupsiyadan holi muhitni ta'minlash bo‘yicha kuchaytirilgan ish tartibini joriy etish taklifni to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz, - deydi Sh. Jo‘rayev. - Prezidentimiz endilikda barcha kuch va vositalarni, jinoyatlarning oqibati bilan kurashishga emas, balki ularni keltirib chiqarayotgan tub sabab va omillarni aniqlab, bartaraf etishga chaqirdi. Buning uchun huquq-tartibot organlari hamda keng jamoatchilik o‘rtasida barcha sa'y-harakatlarni umumiy maqsad sari samarali muvofiqlashtirish va o‘zaro hamkorlikni yanada kuchaytirish lozimligiga e'tibor qaratdi. Endilikda kombinatning har bir mas'uli har bir tarkibiy bo‘linmagacha tushib, har bir ishchi xodimning qalbigacha yetib borib, u yerda potensial huquqbuzarlik omillarini aniqlash, bunda alohida e'tiborni esa muqaddam jinoyat sodir etgan va jinoyatchilikka moyilligi bo‘lgan xodimlarga qaratish, ya'ni kombinatda “Xodimbay” ishlash tizimini joriy qilish talab qilinadi.
Huquqbuzarlik va jinoyatga sabab bo‘layotgan oilaviy, ijtimoiy, moddiy, moliyaviy va psixologik muammolarni hal qilishga, har bir xodimda “jinoyatchilik, va xususan korrupsiyaga qarshi immunitet”ni bolalikdan shakllantirishga alohida e'tibor qaratiladi.
Kombinatda har bir sodir etilgan “jinoyatga jazo muqarrar”ligini so‘zsiz ta'minlash, jabrlangan fuqarolarning, ishchi va xodimlarning huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilish choralarini yanada kuchaytiriladi.
Kombinat tizimida va kombinat xodimlari ishtirokida sodir etilgan jinoyatlarni har kuni tezkor tahlil qilib, bartaraf etish va oldini olish bo‘yicha manzilli chora va tadbirlar belgilanib, kunlik so‘rov va nazorat tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Kombinatda jinoyatchilikning oldini olish va korrupsiyaga qarshi kurashishda ilm-fan yutuqlaridan yanada kengroq foydalaniladi. Zamonaviy axborot texnologiyalari imkoniyatlari kengroq joriy etilib, sohani yalpi raqamlashtirish, kombinat va uning tarkibiy tuzilmalarida korrupsiyaga qarshi murosasizlik muhitini shakllantirishning barcha choralari ko‘riladi.
Korrupsiyaga imkon berayotgan barcha omillar, tub sabablarni aniqlash uchun eng chekka hududlarda joylashgan sexlar, konlar, zavod va fabrikalarning faoliyati o‘rganiladi.
Ijtimoiy so‘rovnomalar, ochiq muloqot va uchrashuvlar tashkil qilib, xodimlarning e'tirozlari, fikr va takliflarini doimiy ravishda o‘rganadigan yaxlit va yakuniy natijaga yo‘naltirilgan tizim tashkil etiladi.
Shu orqali, kombinat tizimidagi mavjud “korrupsiyaviy tuynuk”larni aniqlab, ularni tag-tomiri bilan yo‘q qilish bo‘yicha manzilli choralar ko‘riladi.
Bu borada ayni vaqtda tegishli vazirlik va idoralar bilan korrupsiyaviy omillarni birgalikda bartaraf qilish bo‘yicha yo‘l xaritalari va dasturlar ishlab chiqilmoqda, ularning ijrosi endilikda alohida nazoratga olinadi.
Kombinatning moliyaviy mablag‘laridan maqsadli, oqilona va samarali foydalanish, xaridlarni amalga oshirishda qonuniylik va raqobatni ta'minlash, bo‘lajak hamkor va sheriklarni tanlashda esa “lozim darajada ehtiyotkorlik qilish” qoidalariga qat'iy amal qilinadi. Kombinat tasarrufidagi yer maydonlari, bino va inshootlar, mol-mulklar boshqa aktivlarni ijaraga berish yoxud tasarruf etishda qonuniylik va kombinat manfaatlarini ishonchli himoya qilishni ta'minlash, investitsiya va pudrat loyihalarini amalga oshirishda korrupsiyaviy omillarni to‘liq bartaraf etish choralari ko‘riladi.
Nomzodlarni ishga qabul qilish, ularni tekshirish, xodimlarni yuqori lavozimlarga ko‘tarish, mehnatga haq to‘lash, moddiy rag‘batlantirish, xodimlarga imtiyoz va preferensiyalar taqdim etish kabi yo‘nalishlarda, ishchi va xodimlar hamda aholini eng ko‘p bezovta va haqli e'tiroziga sabab bo‘layotgan suiiste'molchilik va byurokratik to‘siqlarning oldi olinadi.
Kombinat faoliyatida qonuniylikni ta'minlash endilikda har bir katta va kichik rahbarning “vijdon ishi” bo‘ladi. Kombinat faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta'minlash, kombinat faoliyatining barcha soha va yo‘nalishlarini raqamlashtirish, hisobdorlikni oshirish, inson omilini keskin qisqartirish choralariga esa alohida mas'uliyat bilan yondashiladi.
Shu bois, xodimlarning bilimini, dunyoqarashi, ongu tafakkurini rivojlantirish, har bir xodimning ma'naviy salohiyatini yuksaltirish choralarini birgalikda tegishli davlat idoralari va huquq-tartibot organlari xususan, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Bosh prokuratura, xavfsizlik va ichki ishlar idoralari, sud organlari hamda diniy muassasalar bilan hamkorlikda izchil davom ettiramiz.
Tadbir davomida kombinatda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga ham to‘xtalib o‘tildi. 2024-yil yakuni bilan OKMKning korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishidagi faoliyati “Samaradorlik reytingi”da indikatorlarga muvofiq baholanib, Korrupsiyaga qarshi kurashish Agentligi hamda Mustaqil ekspertlar tomonidan “Yaxshi” deb baholangani va Kombinat o‘z tarixida ilk marotaba 100 ballik imkoniyatdan 85 ball to‘plashga erishgani, Samaradorlik reytingida Kombinat 45ta pog‘onaga (2023-yil yakuni bilan – Kombinat 69-o‘rinda bo‘lgan edi) yuqorilab ilk marotaba “Yashil guruhga” o‘tganligi, natijada ballar bo‘yicha o‘sish ko‘rsatkichi 21 ballni tashkil (2023-yilda – 64 ball to‘plangan edi) qilgani alohida qayd etildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish maqsadida maxsus ishlab chiqilgan qoida va majburiyatlar “Olmaliq KMK”AJning 2024-yilda imzolangan barcha ya'ni 10016 dona shartnoma va kontraktlarning har biriga kiritilishi to‘liq ta'minlandi.
“Kontragentlarni tekshirish to‘g‘risida”gi Nizomga muvofiq, kontragentlarni tekshirish ishlari “tender”, “eng yaxshi taklifni tanlash” va “to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar” kabi xaridlar turlari bo‘yicha “Forensic Audit” hamda “Due Diligence”, “Know your Customer/Client” ya'ni, Soliq kodeksining 15-moddasiga asosan, “Lozim darajada ehtiyotkorlik qilish”ni qoidasi ta'minlash maqsadida, yuqorida qayd etilgan shartnomalar turlari bo‘yicha 180 dona shartnomalar bo‘yicha kombinatning bo‘lajak hamkorlari va kontragentlari kompleks tekshiruvlardan o‘tkazilishi ta'minlandi.
Ayni vaqtda, Kombinat tomonidan “ISO 37001:2016 – “Pora olish va pora berishga qarshi boshqaruv tizimlari – Foydalanish uchun talablar va tavsiyalar” Xalqaro standarti talablariga muvofiqlikni tasdiqlovchi Xalqaro sertifikatni qo‘lga kiritish ishlari o‘zining yakuniy pallasida izchil amalga oshirilmoqda.
Tadbirda OKMK boshqaruv raisi Abdulla Xursanov har bir rahbar va ishchi-xodim o‘z ishiga halol, vijdonan yondashsa, Qonun va qoidalarga qat'iy rioya etsa, o‘zganing huquqini, sha'ni va qadr qimmatini, mol-mulki daxlsizligini hurmat qilsa, bu ishlar ham qonuniy, ham insoniy burch ekanligini doimo yodda tutsa kombinat korrupsiyadan holi sohaga aylanishini alohida ta'kidlab o‘tdi.
OKMK Axborot xizmati