• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

“Olmaliq KMK” AJ Boshqaruv raisining Murojaati

30 Sentyabr 2024, 10:15 336

Tarixdan ma’lumki korrupsiyaning paydo boʻlishi insoniyatning uzoq oʻtmishiga borib taqaladi. Uzoq oʻtmishga ega boʻlgan bu illatni bartaraf etish har birimizdan ulkan jasorat va sobitqadamlikni talab qiladi.

Hurmatli Prezidentimizning tashabbuslari bilan “Inson qadri uchun” davlat dasturi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar, ya’ni inson huquqlari va manfaatlarini soʻzsiz taʼminlash hamda faol fuqarolik jamiyatini shakllantirishga qaratilgan islohotlar doirasida jamiyat hayotining barcha jabhalarida, soha va yoʻnalishlarda korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda boʻlish muhitini shakllantirish jadal suratlarda amalga oshirilmoqda.

Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonning “Korrupsiyani idrok qilish” xalqaro reytingidagi oʻrni muttasil va barqaror ravishda yuksalib borayotganligi, Aksilkorrupsiyaviy yoʻnalishda faoliyat olib boruvchi yirik olimlar va xalqaro expertlar ishtirokidagi eng nufuzli va yirik anjuman va forumlarni oʻtkazish uchun aynan Oʻzbekiston tanlanayotganligi bunga yaqqol misol boʻla oladi.

Korrupsiyaning har qanday koʻrinishiga murosasiz munosabatda boʻlish Kombinat tizimida faoliyat olib borayotgan har bir rahbardan tortib oddiy ishchi xodimning kundalik hayot tarziga aylanishi kerak.

Halollik, vatanparvarlik va shaxsiy masʼuliyatni oʻz faoliyatining asosiy qoidasiga aylantirgan holda, berilgan barcha vazifa va topshiriqlarni vijdonan, xolis va yuksak professional darajada amalga oshirish hayot tarzimizga aylanishi lozim.

Shu nuqtayi nazardan, “Olmaliq KMK” AJ ijro apparati hamda barcha tarkibiy korxonalarda korrupsiyaning oldini olish choralarini koʻrish, uni keltirib chiqarishi mumkin boʻlgan sabab va sharoitlarni barvaqt aniqlash va  bartaraf etish boʻyicha ma’sul idoralar bilan hamkorlikda samarali tizim bosqichma-bosqich shakllantirilmoqda.

Kombinat va uning tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish, uning oldini olish, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash, manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻymaslik, uning oldini olish va bartaraf etish, xaridlarni amalga  oshirishda, xodimlarni tanlash va  yuqori lavozimlarga tayinlashda, Kombinat moliya hoʻjalik faoliyatining ochiqlik va shaffofligini taʼminlash, ushbu  jarayonlarga ilgʻor texnika va texnologiyalarni joriy etish, korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy va institutsional bazasini muntazam takomillashtirish Kombinat rahbarlarining va barcha xodimlarining asosiy maqsadi sifatida belgilangan.

Oʻtgan davr mobaynida Kombinatda amalga oshirilgan raqamlashtirish va avtomatlashtirish yordamida sotuvlar va xaridlarni amalga oshirish jarayonlari shaffof va ochiq jarayonlarga aylantirildi.

Rahbar va muhandis-tehnik xodimlarning lavozim yoʻriqnomalarida, boʻlinmalar, korxonalar, sexlarning Nizomlarida belgilangan funksiya va vazifalar korrupsiyaga moyillik darajasini aniqlash maqsadida yalpi tahlil va xatlovdan oʻtkazildi. Korrupsiyaviy holatlarning yuzaga kelishini keskin cheklash maqsadida aniqlangan barcha xatarlar ularning havflilik darajasidan kelib chiqqan holda toifalarga ajratildi va tizimlashtirildi.

Aniqlangan korrupsiyaviy havf-xatarlarni bartaraf etishga qaratilgan aniq va tizimli chora-tadbirlar belgilab olindi, ularning ijrosini ta’minlash alohida va tizimli nazoratga olish tartibi joriy etildi.

Rudani qazib olishdan tortib, uni yuklash, tashish, qayta ishlash, zavod va fabrikalariga, sexlariga yetkazib berish, tayyor va yarim tayyor  mahsulotlarni ishlab chiqarishning barcha bosqichlaridagi jarayonlar 70 foyizga  raqamlashtirildi, buning natijasida ishlab chiqarish  jarayonlaridagi  yoʻqotishlar hajmini 54,5 foyizga kamaytirishga erishildi, Kombinat xodimlari bilan kontragentlar oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarda inson omilini keskin cheklashga erishildi, ulkan tizim hoʻjalik faoliyatini shaffof qilishga mustahkam zamin yaratildi.

Kombinatda joriy etilgan “Korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimi”ni “ISO 37001:2016 korrupsiyaga qarshi kurashish menejmenti” xalqaro standarti talablariga muvofiqlashtirish ishlari ham izchil davom ettirilmoqda va ushbu yil yakuniga  qadar Xalqaro sertifikatni qoʻlga kiritish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, Kombinat va uning tarkibiy tuzilmalari Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) Monitoring guruhining auditidan oʻtkazildi va Kombinatda amalga oshirilgan ishlar xalqaro tashkilot tomonidan munosib baholandi.

Kombinat rahbariyati korrupsiyaga qarshi kurashish va korrupsiyaviy holatlarning barvaqt oldini olishda keng jamoatchilik nazoratiga tayanadi, fuqarolar hamda tadbirkorlik subyektlarining ushbu muhim yoʻnalishdagi faolligi hamda tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlaydi.

Kombinat xodimlarining korrupsiya va korrupsiyaga oid boshqa huquqbuzarlik holatlariga aloqadorligi yuzasidan maʼlumotlarga ega boʻlgan fuqarolar va hodimlar oʻz murojaatlarini Kombinat Komplaens-nazorat xizmatining 93-182-24-22, 93-182-09-04 telefon raqamlariga yoki  stop.corruption@agmk.uz  elektron pochta manziliga toʻgʻridan-toʻgʻri yoʻllashlari mumkin.

Kombinat ijro apparati hamda tarkibiy korxonalarda korrupsiyaning oldini olish choralarini koʻrish, uning kelib chiqish sabab va sharoitlarini barvaqt aniqlash va bartaraf etish borasidagi ishlar kelgusida ham izchillik bilan davom ettirilishiga kafolat beraman.

Fursatdan foydalangan holda, Kombinat tizimida mehnat qilayotgan har bir rahbar va muhandis-tehnik xodimni korrupsiya holatlarining har qanday koʻrinishlariga nisbatan murosasiz munosabatda boʻlishga hamda oʻz xizmat va lavozim vazifa va burchini vatanga sadoqat bilan, halol va xolis bajarishga chaqirib qolaman.

Zero, Davlatimiz rahbarimiz ta’kidlaganlaridek, “Korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish har bir sof vijdonli inson, demokratik jamiyat va davlatning muqaddas burchidir”.

A.X. Xursanov

“Olmaliq  KMK” AJ boshqaruv raisi,

Oliy Majlis senatori

Bo`lishmoq:
Text to speech