Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

“Olmaliq KMK” AJ boshqaruv raisi Abdulla Xursanovning MUROJAATI

14 Aprel 2025, 8:29 1581

Assalomu alaykum hurmatli Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining ishchi va rahbar xodimlari!

“Olmaliq KMK”AJda Korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha  Jamiyat Yagona aksiyadorining 2021-yil 21-maydagi 26/08-son qaroriga muvofiq, Kombinat markaziy apparatida oltita shtat birligidan iborat “Komplayens nazorat xizmati” tashkil qilindi.

2025-yilning 25-mart holatiga, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida Kombinatda jami 18 dona ichki lokal normativ hujjatlar qabul qilindi.

Chunonchi, Kombinatning Korrupsiyaga qarshi kurashish Siyosati, Odob-ahloq Kodeksi, "Kontragentlarni tekshirish tartibi to‘g‘risida"gi Nizom, "Manfaatlar to‘qnashuvini aniqlash va bartaraf etish to‘g‘risida"gi Nizom, Sovg‘alar olish va berish Siyosati, "Xizmat tekshiruvlarini o‘tkazish to‘g‘risida"gi Nizom, Ishga qabul qilinayotgan nomzodlarni tekshirish tartibi, "Monopoliyaga qarshi komplayens" Nizomi, Informatorlarni moddiy rag‘batlantirish va himoya qilish to‘g‘risidagi Reglament kabi hujjatlarni alohida qayd etish mumkin.

2024-yilning so‘ngida  (dekabr oyida) qo‘shimcha ravishda, yana 8 dona yangi ichki lokal normativ hujjatlar loyihalari ishlab chiqildi va ayni vaqtda ushbu  hujjatlar  Kuzatuv kengashiga tasdiqlash uchun taqdim  etildi.

PQ-81-son Qarori asosida, 2024-yil yakuni bilan “Olmaliq KMK” AJning korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishidagi faoliyati “Samaradorlik reytingi”da indikatorlarga muvofiq baholanib, Korrupsiyaga qarshi kurashish Agentligi hamda Mustaqil  ekspertlar tomonidan “Yaxshi” deb baholandi va 100 ballik imkoniyatdan 85 ball to‘plashga erishildi. O‘sish  ko‘rsatkichi  21 ballni  tashkil  qildi (2023-yilda – 64 ball to‘plangan edi).

2024-yil davomida, Kombinatning barcha faoliyat yo‘nalishlarini qamrab olgan holda, 18 tarkibiy tuzilmalarda jami 279 ta funksiya va vazifalar, shuningdek, biznes jarayonlar, tartib taomillar  ularning korrupsiyaviy xavf-xatarlarga moyillik darajasi  baholashdan  o‘tkazildi.

Baholash yakunlariga ko‘ra, “Olmaliq KMK” AJning Korrupsiyaga qarshi kurashish Dasturi, Korrupsiyaga moyil Lavozimlar ro‘yxati, Korrupsiyaviy xavf-xatarlar Xaritasi kabi hujjatlar  to‘plami  tasdiqlandi va aniqlangan xavf-xatarlarni bartaraf etish choralari izchil amalga oshirilmoqda.

Baholash natijalariga ko‘ra, jami baholangan funksiyalardan 269 tasida xatarlar darajasi “maqbul (past)” deb, 2 tasida “o‘rtacha” deb va 8ta funksiyalarda xatarlar darajasi yuqori deb e'tirof etildi.

2024-yil davomida, jami 200 nafardan ziyod Kombinat xodimlari korrupsiyaga qarshi bilimlarni oshirish bo‘yicha maxsus kurslarda o‘qitildi.

Ixtisoslashtirilgan o‘quv kurslari Huquqni muhofaza qilish Akademiyasi, Yuristlar malakasini oshirish markazi hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining yuksak malakali mutaxassislarini jalb qilgan holda tashkil qilindi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish maqsadida maxsus ishlab chiqilgan qoida va majburiyatlar “Olmaliq KMK”AJning 2024-yilda imzolangan barcha ya'ni 10016 dona shartnoma va kontraktlarning har biriga  kiritilishi to‘liq ta'minlandi.

“Kontragentlarni tekshirish to‘g‘risida”gi Nizomga muvofiq, kontragentlarni tekshirish ishlari “tender”, “eng yaxshi taklifni tanlash” va “to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar” kabi xaridlar turlari bo‘yicha “Forensic Audit” hamda “Due Diligence”, “Know your Customer/Client” ya'ni, Soliq kodeksining 15-moddasiga asosan, “Lozim darajada ehtiyotkorlik qilish” qoidasini ta'minlash maqsadida, yuqorida qayd etilgan shartnomalar turlari bo‘yicha 180 nafar shartnomalar bo‘yicha  Kombinatning bo‘lajak hamkorlari va kontragentlari kompleks tekshiruvlardan o‘tkazilishi  ta'minlandi.

O‘tgan 2024-yilda 1253 nafar yangi xodimlar Kombinat hamda uning tarkibiy  bo‘linmalariga ishga qabul qilindi. Ta'kidlash joizki, barcha 1253 ta mehnat shartnomalariga Xodimlar zimmasiga aksilkorrupsiyaviy majburiyatlar yuklatildi. Ushbu xodimlar Kombinatning aksilkorrupsiya yo‘nalishidagi barcha muhim  hujjatlarining mazmun va mohiyati  bilan shaxsan tanishtirildi.

Ayni vaqtda, Kombinat tomonidan “ISO 37001:2025 – “Pora olish va pora berishga qarshi boshqaruv tizimlari – Foydalanish uchun talablar va tavsiyalar” Xalqaro standarti talablariga muvofiqlikni tasdiqlovchi Xalqaro sertifikatni olish ishlari izchil amalga oshirilmoqda.

Aziz hamkasblar, hurmatli mehmonlar Kombinatimizning ahil va mehnatkash jamoasi!

Albatta, Kombinat va uning tizimida, 50 dan ziyod korxona va sexlarda, 40 dan oshiq turli millat va elat vakillari ishlaydigan 35 ming kishilik yirik va strategik ahamiyatga ega bo‘lgan “Olmaliq KMK”AJda  jinoyatchilik va korrupsiyaning oldini olishda, tizimda qonuniylikni ta'minlashda, Boshqaruv rahbari sifatida men eng avvalo halol va fidoyi ishchi xodimlarimizga, jamoatchilik faollariga, har bir vijdonli va iymonli fuqaroning xayrixohligi, hamjihatligi va albatta faol ko‘magiga suyanaman.

Aminmanki, biz kuchlarimizni birlashtirsak, bir yoqadan bosh chiqarsak albatta birgalikda Kombinatimizni korrupsiyadan holi sohaga aylantira olamiz.

Qonun va qoidalarga qat'iy rioya etish, o‘zganing huquqini, sha'ni va qadr qimmatini, mol-mulki daxlsizligini hurmat qilish, ham qonuniy, ham insoniy burchimiz ekanini har birimiz doimo yodda tutishimiz zarur.

Agarda har bir xodim va oddiy fuqaro jonajon Kombinatimizni jinoyatchilikdan, korrupsiyadan xoli, tinch va xavfsiz sohaga aylantirishga o‘z hissasini qo‘shsa, barchamiz bir tanu bir jon bo‘lib, birgalikda bu illatlarga  kurashsak ko‘zlangan maqsadimizga albatta erishamiz.

Aziz jamoa, keling, qonun ustuvor, adolat hukmron bo‘lgan Kombinatimizni birgalikda barpo etaylik!

Abdulla Xursanov,

“Olmaliq KMK” AJ boshqaruv raisi, senator

Bo`lishmoq:
Text to speech