"Olmaliq kon-metallurgiya kombinati" aksiyadorlik jamiyati
Call-markaz
+998 78 141 90 99Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Call-markaz
+998 78 141 90 99Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Hurmatli Olmaliq kon-metallurgiya kombinati geologlari, soha faxriylari!
Sizlarni kasb bayramingiz – O‘zbekiston Respublikasi geologiya sohasi xodimlari kuni bilan samimiy tabriklayman!
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan geologiya sohasiga qaratilayotgan e'tibor tufayli bugun mamlakatimizda ko‘plab istiqbolli konlar ochilmoqda. Kuni kecha davlatimiz rahbarining soha xodimlariga yoʻllagan tabriklarida ham 2016-2025 yillarda 1 ming 900 dan ziyod yangi konlar ochilgani ma’lum qilindi.
Darhaqiqat, sohaga qaratilayotgan e’tibor bugun oʻz mevasini bermoqda. Yaqinda foydalanishga topshirilgan 3-mis boyitish fabrikasining ishga tushirilishida ham siz azizlarning munosib hissalaringiz bor.
Geologlarning mashaqqatli mehnati bilan qanchadan-qancha foydali qazilmalar, nodir metallar, qurilish materiallari, yer osti suvlari va konlar topilgan.
Aynan geologlar O‘zbekistonga tabiiy resurslarning eng boy mamlakat maqomini olishiga hamda foydali qazilmalarni qazib olish sohasida yetakchi mamlakatga aylanishiga ko‘mak berib, Respublikamiz iqtisodiy poydevorini mustahkamlashga asos soldilar.
Shu tufayli bugun biz o‘z kasbiga sodiq bo‘lgan geologiya sohasining peshqadamlarini, geolog degan oliyjanob kasbni tanlagan va O‘zbekistonning ulkan tabiiy boyliklaridan xalqimizga foydalanishni ta'minlashda ko‘makdosh bo‘lgan, nafaqat yaqin o‘n yillikda balki strategik istiqbolda mamlakatimizning mineral xom-ashyo bazasini shakllantiradigan insonlarni sharaflamoqdamiz.
Kombinat geologlari tomonidan 2020-yildan buyon "Qalmoqqir" va "Yoshlik I" konlaridan keyin uchinchi o‘rinda turuvchi "Sari-Cho‘qqi" mis-porfir konida katta ishlar olib borilmoqda. Kon zaxiralari tugashi hisobga olinib ruda zaxiralarini ko‘paytirish va shu nomdagi karyerning ishlash muddatini uzaytirish imkoniyatini aniqlash maqsadida qo‘shimcha geologiya-qidiruv ishlarini o‘tkazish zarurati tug‘ildi. Kon yaqinida mis-porfirli rudalarni qo‘shimcha qidirish va ilg‘or ixtisoslashtirilgan qidiruv ishlarini o‘tkazish bo‘yicha tegishli loyiha tayyorlandi va ijobiy ekspertiza xulosasi olindi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, konni o‘zlashtirish yana 20 yilga oshishi kutilmoqda.
Kovuldi konining xomashyo bazasini ko‘paytirish va bo‘shayotgan quvvatlarni to‘ldirish maqsadida 2016-2022-yillarda yangi "Quyi-Kenjasoy" oltin konida geologiya-qidiruv ishlari olib borildi. Geologlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, bu yerda foydali qazilmalarni qazib olish 10 yildan ortiq davom etadi. 2025-yilda ushbu konni ochish ishlari boshlandi. Ayni paytda kon-kapital ishlari davom etmoqda. Oltin tarkibli rudani qazib olish 2027-2028 yillarga mo‘ljallangan. Konning yon tomonlarida esa geologlar qo‘shimcha qidiruv ishlarini davom ettirmoqda.
Ushbu konning ochilishi tufayli Kovuldi oltin saralash fabrikasi qurilmoda. Yangi fabrika “Kovuldi” va “Quyi-Kеnjasoy” konlarida qazib olinadigan ma’danlarni qayta ishlashga mo‘ljallangan bo‘lib, yiliga 200 ming tonna хomashyodan qimmatbaho mеtallarni ajratib oladi.
Shuningdek, Chodak kon boshqarmasining bo‘shayotgan quvvatlarini to‘ldirish bo‘yicha ham ishlar olib borilmoqda. 2022-yildan boshlab geologlar tomonidan Qamchiq dovoni yaqinidagi Chotqol-Qurama tizmasida joylashgan va Chodak kon boshqarmasidan taxminan 60 kilometr uzoqlikda joylashgan "Chaqmoqtosh" konining oltin tarkibli rudalari zaxiralarini hisoblash bo‘yicha geologiya-qidiruv ishlari boshlandi. Ushbu kon XX asrda kashf etilgan, ammo ba’zi sabablarga ko‘ra o‘zlashtirilmagan. Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, "Chaqmoqtosh" zaxiralari 10 yildan ko‘proqqa yetadi.
2021-yilda Xondiza konida yangi "Chinorsoy" polimetall ma’danlari koni ochildi. Geologlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, 2027-2028-yillarda boshlanishi rejalashtirilgan uning ishlashi taxminan 40 yil davom etadi. Zaxiralarni ko‘paytirish maqsadida uning qanotlari va chuqur gorizontlarida geologiya-qidiruv ishlari davom ettirilmoqda. Ayni paytda uni ishlab turgan "Xondiza" koni bilan birgalikda o‘zlashtirish bo‘yicha loyihaning texnik-iqtisodiy asoslari ishlab chiqilmoqda.
O‘tkazilgan geologiya-qidiruv ishlari natijasida oltin, mis, kumush, qo‘rg‘oshin, rux zaxiralarini ko‘paytirish amalga oshirildi, shuningdek, o‘zlashtirishga jalb etiladigan bir nechta istiqbolli maydonlar ajratildi.
Ushbu konlarning ishlab chiqarishga jalb etilishi davlatimizning rivojlanishiga va iqtisodiyotining yanada o‘sishiga ijobiy ta'sir ko‘rsatib xalqimiz uchun yangi ishchi o‘rinlarini yaratish imkoniyatini beradi.
Kombinatimizda keng va muvaffaqiyatli qo‘llanilayotgan raqamlashtirish ishlari, zamonaviy dasturiy ta’minotlar, kon-geologiya axborot tizimlari geologlar ishida katta yordam berayotir. Natijada zarur hisob-kitoblarni tez, aniq, yanada sifatli bajarish, zaxiralarni baholash, foydali qazilmalarni qazib olishni nazorat qilish samaradoriligi oshirilmoqda.
Umuman olganda, kombinatimiz geologlari tomonidan geologiya-qidiruv ishlariga oid ko‘plab istiqbolli loyihalar amalga oshirib kelinmoqda.
Zamonaviy geoaxborot texnologiyalarini joriy etishning dolzarbligini hisobga olgan holda kombinatda ushbu soha uchun mutaxassislar malakasini oshirish va tayyorlashga katta e'tibor qaratilmoqda hamda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ilmiy-tadqiqot faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida kombinat Geologiya fanlari universiteti bilan yaqindan hamkorlik qilib kelinmoqda.
Ishonchim komilki, bizning geologlarimizning samarali faoliyati va salohiyatlari milliy iqtisodiyotning rivojlanishini, sanoat ishlab chiqarishini mustahkamlashni va odamlarning hayot sifatini yaxshilashga xizmat qiladi.
Yana bir bor kasb bayramingiz bilan tabriklayman! Geologiya sohasining barcha xodimlariga sihat-salomatlik, baxt-saodat, farovonlik, yangi ijodiy muvaffaqiyatlar, oilaviy xotirjamlik tilayman!
Abdulla XURSANOV,
“Olmaliq KMK” AJ boshqaruv raisi, senator