• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Siz bilan ulug‘vor vazifalarni uddalaymiz!

07 Mart 2022, 16:50 1885

Aziz hamkasb muhtarama opa-singillar!

Yurtimizga inson qalbiga shukronalik, hayotga zavq va muhabbat uyg‘otuvchi go‘zal bahor kirib keldi. Ona tabiatning mo‘jizakor bu fasli Siz opa-singillarimiz, mo‘'tabar onalarimiz bayrami bilan boshlanishi bejiz emas. Zero, mehr va muhabbat, ezgulik va go‘zallik haqida so‘z ketganda ko‘z oldimizda ayol-Onalarimiz siymosi gavdalanadi.

Nafislik va go‘zallik ramzi, vafo va sadoqat timsoli, hayotimizning fayzi va ko‘rki bo‘lgan Siz ayollarimiz tufayli turmushimiz go‘zal va mazmunli, xonadonlarimiz obod va nurafshondir.

Zamonaviy dunyoda ayolning rolini baholashning imkoni yo‘q, shu sababli ham uning salomatligi, jamoatchilik hayotida faol ishtirok etishi uchun imkoniyatlar yaratilishiga mamlakatimizda katta e'tibor qaratib kelinadi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 1-mart kuni xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimi hamda ularning jamiyatdagi mavqeini yanada mustahkamlash masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgani buning yorqin isbotidir. Jumladan, ayollar ta'limini qo‘llab-quvvatlash dasturi ishlab chiqiladi, xususiy sektorda mehnat qilayotgan homilador ayollarga davlat tomonidan to‘lovlarni amalga oshirish tartibi joriy etiladi, tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan ayollarni himoyalash kuchaytiriladi, shuningdek “Ishbilarmon ayollar” dasturi va ko‘plab hujjatlar qabul qilinadi, bu esa insoniyat go‘zal hilqatlarining yangi asosdagi hayotini ta'minlaydi.

Shuni mamnuniyat bilan ta'kidlashni istardimki, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida faoliyat olib borayotgan 8 ming nafardan ziyod xotin-qizlarimiz erkaklar bilan yelkama-elka fidokorona mehnati, olijanob fazilatlari bilan davlatimiz tomonidan oldimizga belgilab berilgan ulug‘vor vazifalarni amalga oshirishda beqiyos hissa qo‘shib kelishmoqda.

Kon-metallurgiya sohasi sharafli, shu bilan birga eng mashaqqatli va fidoyilik talab etadigan sohadir. Shunga qaramay, barcha qiyinchiliklarni zimmasiga olib, chinakam matonat ko‘rsatib kelayotgan, o‘z kasbining haqiqiy jonkuyarlari bo‘lgan ayollarimiz bilan hamisha faxrlanamiz. Sizning fidokorona mehnatingiz har qancha tahsin va e'tirofga munosibdir.

Bugungi kunda kombinatimizda mehnat qilib kelayotgan xotin-qizlar orasida iqtidorli yetakchi liderlar yetishib chiqayotganligi ayollarimizning ijtimoiy-siyosiy hayotda ham faolligi tobora yuksalib borayotganligini hamda salohiyatli ayol-rahbar kadrlar zahirasi shakllanib kelayotganligini ko‘rsatmoqda. Kombinatda ayni paytda 1500 nafarga yaqin ayollarimiz rahbarlik lavozimlarida faoliyat olib borishadi.

Korxonamizda xotin-qizlarimiz hayoti va faoliyatiga tegishli masalalarni hal etishga, ularning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy hayotimizda faolligini oshirishga alohida e'tibor qaratilmoqda.

Xususan ayollarimiz oilasi va farzandlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ularni moddiy va ma'naviy qo‘llab-quvvatlash, muammolarini hal etish yo‘lida o‘tgan 2021-yilda sanatoriy-profilaktoriyda 742 nafar ayollar, shu jumladan, mehnat faxriylari va ishlamayotgan pensionerlar sog‘lomlashtirildi, O‘zbekiston sanatoriylarida 186 nafar xotin-qizlarimiz salomatliklarini tiklashdi.

Kombinat tasarrufida 16 ta maktabgacha ta'lim tashkilotlari faoliyat yuritib, ularda 3 ming nafardan ziyod jajji o‘g‘il-qizlar tarbiyalanishmoqda. Shuningdek, ishchi-xodimlarimizning 3100 nafardan ortiq o‘g‘il-qizlari kombinatning sog‘lomlashtirish oromgohlarida yozgi ta'til davrida maroqli va mazmunli hordiq chiqarishdi.

Bu kabi ezgu ishlarni izchil davom ettirish har doim sharafli burchimiz bo‘lib qoladi. Chunki, xotin-qizlarimiz hayotlaridan mamnun va rozi bo‘lsalar, baxtli hayot kechirsalar, bu - bizning, kombinatimizning baxtidir!

Ayollarning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash, ularning huquq va erkinliklarini himoya qilish, mehnat munosabatlarida faolliklarini oshirish, ijtimoiy hayot sharoitlarini yaxshilash va sog‘lomlashtirish, farzandlari hordig‘ini tashkil etish va qo‘llab-quvvatlash borasida Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi senatining ayollar va gender tengligi qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan “Gender tenglik faoli” tanlovida “Gender tenglikni ta'minlashda eng faol tashkilot” nominasiyasida g‘olib deb topilgani eng yuqori e'tirof bo‘ldi.

Bayram arafasida “Olmaliq KMK” AJ tomonidan kombinatning barcha mehnatkash xotin-qizlari hamda ikkinchi jahon urushi va urush orti mehnat fronti ishtirokchilari bo‘lgan tabarruk onaxonlarimizga 700 ming so‘m miqdorida mukofot puli to‘lash to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Bu ham o‘z o‘rnida fidoyi, mehnatkash hamkasb opa-singillarimizga bo‘lgan e'tibor va yuksak e'tirofdan dalolatdir.

Bugungi tezkor davr, shiddat bilan o‘zgarayotgan dunyo, Yangi O‘zbekistonimizda amalga oshirilayotgan tub islohotlar davrida kombinat jamoasi oldiga katta vazifalar qo‘yilmoqda. Albatta, bu ulug‘ vazifalarni amalga oshirishda Davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan adolatli ijtimoiy siyosatni izchil hayotga tatbiq etilishida Sizning alohida o‘rningiz va ishtirokingiz bor.

Ishonch bilan aytamanki, ko‘pming kishilik ahil, birdam va hamjihat jamoamiz Siz aziz opa-singillarimizning beqiyos ulushingiz bilan oldimizda turgan rejalar - yangi ishlab chiqarish korxonalarini ishga tushirish, eng zamonaviy texnologiyalarni amaliyotga tatbiq etish va jahon bozorida munosib o‘rin egallash kabi ulug‘vor vazifalarni sharaf bilan uddalaydi.

Barchangizga mas'uliyatli va sharafli mehnat yo‘lingizda mustahkam sog‘lik, kuch-quvvat, oilaviy xotirjamlik tilayman. Vatanimiz taraqqiyoti, xalqimiz tinchligi va farovonligi yo‘lidagi mehnatlaringizning zavqli rohatini ko‘rishingizni tilab qolaman!

Oilangizga baxtu saodat, xonadonlaringizga fayzu baraka, ishlaringizga omadlar yor bo‘lsin!

Abdulla XURSANOV,

“Olmaliq KMK” AJ Boshqaruv raisi,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi senatori

Bo`lishmoq:
Text to speech