• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

OKMK Jamoa shartnomasining 2023-yilda bajarilishi yaxshi baholandi

27 May 2024, 13:21 579

Joriy yilning 23-may kuni “Olmaliq KMK” AJ Jamoa shartnomasining 2023-yilda amalga oshirilgan tadbirlarini sarhisobiga bag‘ishlangan kombinat mehnat jamoasining konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

Joriy yilning 23-may kuni “Olmaliq KMK” AJ Jamoa shartnomasining 2023-yilda amalga oshirilgan tadbirlarini sarhisobiga bag‘ishlangan kombinat mehnat jamoasining konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

Zoom platformasi orqali onlayn tarzda tashkil etilgan konferensiyada OKMK rahbariyati, kombinat xodimlari kasaba uyushmasi Kengashi mas'ullari, kombinat tarkibiy bo‘linmalarining rahbarlari va kasaba uyushmasi qo‘mitalari raislari, delegatlar ishtirok etishdi.

Tadbirni OKMK boshqaruv raisining xodimlar va ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Sa'di Shermatov ochib berib, hozirgi kunda juda yirik loyihalar amalga oshirilayotgan OKMKda inson qadri va manfaatlari qay darajada ta'minlanayotganiga xolis baho berilishi lozimligini ta'kidlab o‘tdi. Sa'di Shermatov 2023-yilda OKMK tomonidan ishlab chiqarish prognozlarining bajarilishi, investitsiya loyihalarining bajarilishi, kombinat jamoa shartnomasida belgilab berilgan vazifalarning bajarilishi yuzasidan hisobot berib o‘tdi.

- Ta'kidlash joizki, Ishlab chiqarishga yo‘naltirilayotgan keng qamrovli moliyaviy oqimlarga qaramay, jamoa shartnomasida nazarda tutilgan xodimlarimiz, ularning oila a'zolari, ishlab chiqarish faxriylari oldidagi majburiyatlarni to‘liq hajmda saqlab qolishga erishildi. Ijtimoiy muassasalardagi aholi qatlamlari hamda ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchilariga qaratilgan e'tibor va g‘amxo‘rlikni ta'minladik.

Ko‘plab xayriya tadbirlari amalga oshirildi. Jismoniy imkoniyatlari cheklangan farzandlari bo‘lgan yoki ishlab chiqarish tufayli boquvchisini yo‘qotgan, ko‘p farzandli va ijtimoiy himoyaga muhtoj kombinat ishchi-xodimlarining oilalari ham e'tibordan chetda qolmadi. Biz kombinat ishchi-xodimlarining mehnat huquqlarini ta'minlash va ijtimoiy muhofazasi yo‘lidagi majburiyalarimizni kelgusida ham to‘liq bajaramiz,- dedi Sa'di Shermatov.

Konferensiya OKMK xodimlari kasaba uyushmasi Kengashi raisi Abdurashid Xaydarovning 2023-yilda jamoa shartnomasida kasaba uyushmasi tomonidan ko‘rsatilgan majburiyatlarning bajarilishiga oid vazifalar tahlili bilan davom etdi. Unda o‘tgan yili kombinatda ijtimoiy sheriklikni, ijtimoiy-iqtisodiy va mehnat munosabatlarini tartibga solish maqsadida 2023-2025 yillar uchun tuzilgan Jamoa shartnomasi ma'qullangani, oshirilgan tarif stavkalari bo‘yicha ish haqi, mukofotlar, qo‘shimcha to‘lovlar, ustamalar, ovqatlanish xarajatlari, qo‘shimcha ta'til kunlari uchun to‘lovlar, moddiy yordam, qimmatbaho sovg‘alar, mehnatni va sog‘liqni muhofaza qilish sarf-xarajatlariga ajratiladigan mablag‘lar 2022-yilga nisbatan 15 foizga o‘sgani ta'kidlandi. Bundan tashqari, Jamoa shartnomasi tadbirlarini bajarish uchun o‘rta hisobda bir xodimga yil davomida sarflangan mablag‘ 17,6 mln so‘mni tashkil etgani qayd etib o‘tildi.

Jamoa shartnomasi asosida mehnatkashlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini va mehnat sohasidagi huquqlarini himoya qilish bilan birga, xodimlar va ularning oila a'zolarini dam oldirish va sifatli sog‘lomlashtirish yo‘nalishida ham samarali faoliyat olib borildi. Kombinat sanatoriy-profilaktoriysi 4 293 nafar ishchi-xodim va ularning oila a'zolari sog‘lomlashtirilib, ulardan 683 nafari jamoa shartnomasiga asosan bepul sog‘lomlashtirildi. Shu bilan bir qatorda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasiga qarashli sanatoriylarda kasaba uyushmasi hamda ijtimoiy sug‘urta hisobidan jami 1 035 ta yo‘llanmalar ajratildi. Shu bilan bir qatorda, “Appartak” sanatoriysi uchun 171 ta yo‘llanma, “Yangiyo‘l” ko‘p tarmoqli kardiologik sanatoriysiga 62 ta yo‘llanma ajratildi.

Tadbir davomida Xondiza kon boshqarmasi, Mis boyitish fabrikasi, Chirchiq shahridagi birlashma, Angren kon boshqarmasi kabi tarkibiy bo‘linmalarning vakillari ham hisobot berib, jamoa shartnomasining bajarilishi bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirib o‘tishdi.

Shuningdek, OKMK Ish beruvchisi va kasaba uyushmasi Kengashi rayosatining qo‘shma qarorlari asosida jamoa shartnomasiga 2023-yil davomida bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar ham kiritildi.

Konferensiya yakunida delegatlar tomonidan kombinatda jamoa shartnomasining bajarilishi yaxshi, deya baholanib, tegishli qaror qabul qilindi.

OKMK Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech