Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Joriy yilning 10-yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida sanoatda ishlab chiqarish hajmining o‘sish sur'atlarini ta'minlash, mavjud imkoniyatlar va yangi zaxiralarni safarbar etish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida bir qator vazifalar belgilab berilgan edi. Jumladan, ushbu videoselektor yig‘ilishida Prezident Murojaatnomasida muhandislarni tayyorlash va qayta tayyorlash alohida vazifa qilib belgilangani ta'kidlandi. Yig‘ilishda mutasaddi vazirlarga tarmoqlar rahbarlari bilan birgalikda 1-aprelga qadar joylarga chiqib, muhandislik maktablari uchun kollejlar bazasini aniqlash, xorijiy mutaxassislarni jalb qilib, maktablarning yo‘nalishlari va dasturlarini ishlab chiqish topshirildi.
Ushbu vazifalarning ijrosini ta'minlash maqsadida Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida ham amaliy ishlar boshlab yuborilgan. Hozirgi kunda kombinat mas'ullari tomonidan Olmaliq shahrida tashkil etiladigan muhandislik maktabini tashkil etish bo‘yicha dastlabki qadamlar tashlandi.
Mazkur muhandislik maktabining faoliyatini yo‘lga qo‘yish borasida har kuni kombinat rahbariyati hamda mutaxassislari ishtirokida muntazam yig‘ilishlar o‘tkazilib, unda barcha tashkiliy masalalar muhokama etilmoqda.
26-yanvar kuni ham MTTU MISiS Olmaliq filialida o‘tkazilgan yig‘ilishda tashkil etilishi ko‘zda tutilgan muhandislik maktabi bo‘yicha barcha zarur masalalar atroflicha muhokama etildi.
Unda ushbu yo‘nalishda jahonning rivojlangan davlatlari AQSh, Isroil, Kanada va Janubiy Koreyaning muhandislar tayyorlash markazlari faoliyati tahlil qilindi. Xorij tajribasini o‘zimizda qo‘llash zarurligi ta'kidlandi.
Hozirgi kunda kon-metallurgiya sanoatida faoliyat yuritayotgan xodimlarga bo‘lgan ehtiyoj o‘rganilmoqda.
Jumladan, mazkur maktabda geologiya, marksheyderlik ishi, konchilik ishi, boyitish, metallurgiya, mexanika, energetika, kon sanoati transportlari, avtomatlashtirish kabi ta'lim yo‘nalishlari bo‘yicha tinglovchilar o‘qitiladi.
Muhandislik maktabi 2023-yilning may oyidan o‘z faoliyatini boshlaydi. Nazariy ta'lim yangi pedagogik texnologiyalar asosida amaliyotga yondashgan holda tashkil etiladi. Muhandislik maktabida mutaxassislar 6 oydan kam bo‘lmagan muddatda qayta tayyorlanadi. Bir o‘quv kursiga 150 nafar tinglovchilar qabul qilish rejalashtirilgan.
Ta'lim 40(nazariy)/60(amaliy) shaklda tashkil etiladi. Muhandislik maktabida metallurgiya va konchilik sanoati sohalarida mutaxassislar tayyorlanadi. Amaliyot jarayonlari so‘ngi texnologik qurilmalar yordamida o‘tkaziladi.
Yana bir ahamiyatli jihati shundaki mazkur maktabda tinglovchilarga darslarni dunyoning sanoati rivojlangan davlatlari o‘qituvchilari o‘tishadi. Masalan, metallurg-texnologlar, rudalarni boyitish, mexanik-konstruktorlar, ishlab chiqarishni avtomatik boshqarish mutaxassislari uchun Finlandiyadan, konchi-texnologlar, geologiya, marksheyderlik ishi mutaxassislari uchun esa Kanadadan o‘qituvchilar jalb etilishi rejalashtirilmokda. Shuningdek, og‘ir yuk tashuvchi avtotransport vositalari muhandislari va mexanik mutaxassislariga esa Belaruslik, rudalarni boyitish, mexaniklar, energetika, mashinasozlik, ishlab chiqarishni avtomatik boshqarish mutaxassislariga Germaniyadan, Avstraliyadan va Kanadadan o‘qituvchilar dars o‘tishi rejalashtirilgan.
Axborot xizmati