Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Shiddat bilan rivojlanib borayotgan texnika asrida raqamlashtirish barcha sohaga kirib bormoqda. Aynan raqamlashtirishning joriy etilishi bois mehnat unumdorligi ortib, bir qator qulayliklar ham yaratilayapti. Ayniqsa, sanoat korxonalariga raqamlashtirishning tatbiq etilishi ish samaradorligini orttirmoqda.
Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining asosiy qon tomiri bo‘lgan Sanoat temiryo‘l transporti boshqarmasida ham bu borada salmoqli ishlar amalga oshirib kelinayapti. Amaldagi yilning fevral oyida boshqarma tarkibida Texnologik jarayonlarni avtomatlashtirish boshqaruvi tizimlari xizmati faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Quyida mazkur mehnat jamoasi hamda raqamlashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida batafsil tanishasiz.
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Raqamli O‘zbekiston – 2030 strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan tasdiqlangan “Raqamli O‘zbekiston - 2030” milliy strategiyasi doirasida kombinat mutaxassislari tomonidan “Raqamli OKMK - 2030” rivojlanish konsepsiyasi ishlab chiqildi. Mazkur konsepsiya doirasida joriy yilning fevral oyida Texnologik jarayonlarni avtomatlashtirish boshqaruvi tizimlari xizmati faoliyati yo‘lga qo‘yildi, - deydi xizmat boshlig‘i Otabek Rahmonov. - Mazkur xizmatning asosiy vazifasi STTB sex va bo‘linmalarida texnologik ishlab chiqarish jarayonini raqamlashtirish va avtomatlashtirishdan iborat.
Bugungi kunda xizmat tomonidan sex va bo‘linmalarda ma'lumotlar uzatish tarmoqlarini rivojlantirish maqsadida 3,5 km optik tolali kabellar hamda mis asosidagi 6 km kabel simlari o‘rnatildi. STTB sex va bo‘linmalari Olmaliq shahrining turli nuqtalarida joylashganligini hisobga oladigan bo‘lsak, bu ishlar natijasida ishlab chiqarish vazifalarini hal qilish va qog‘oz hujjatlar oqimini kamaytirish samaradorligini ta'minlab, tezkorlikni oshirdi.
Shuningdek, tog‘ jinslarini yuklash, tushirish va tashish, mehnat muhofazasi, xavfsizlik texnikasi va harakat xavfsizligiga, ichki mehnat qoidalariga rioya qilish bo‘yicha texnologik jarayonlarni nazorat qilish uchun sex, xizmat va uchastkalarga 48 dona videokuzatuv kameralari o‘rnatildi.
Bundan tashqari, texnologik jarayonlarni kuzatish uchun bir qator axborot tizimlari joriy etilib, ulardan samarali foydalanib kelinmoqda. Bular - IS Wialon Local (GPS- monitoring) tizimi. Mazkur tizim harakatdagi texnikalar parkining harakat tezligini, yo‘nalishini, qaerda ekanligini, yonilg‘i quyish va uning sarfini nazorat qiladi. Transport vositalarining yurish masofasi hamda uning samarasiz harakatini, motor yog‘i, akkumulyator almashtirishni ham o‘z vaqtida nazorat qilib boradi.
Mirror-1 - Mis boyitish fabrikasi konlaridan rudalarni yetkazish optimal tizimi - mis rudasini konlardan Mis boyitish fabrikasiga tashish jarayonini vizualizasiya qilish va zamonaviy axborot texnologiyalari asosida uskunalarning ishlamay qolishini, shu jumladan samosvallar va temir yo‘l transportini hisobga olish imkonini beradi. Ushbu tizimdan foydalanish yo‘lga qo‘yilganida tog‘ jinsini tashish paytida tezkor qaror qabul qilish uchun Qalmoqqir, Sariq-Cho‘qqi, 1-Temir yo‘l sexi va MBFdagi vaziyatni kuzatish imkoni tug‘iladi.
“Ekspress-yuk” axborot tizimi - ishlab chiqarish xarakteridagi tezkor qarorlarni qabul qilish uchun Ohangaron UTY stansiyasidan kombinatga temir yo‘l transporti orqali kelgan yuklarni monitoring qiladi. Ushbu tizimning afzalliklari kiruvchi yuk va vagonlarni tezkor nazorat qilish hamda tahlil qilish, ijaraga olingan vagonlarning uzilishlari haqida hisobotlar tayyorlab, bo‘sh turgan vagonlar uchun jarimalarni kamaytiradi.
“Sharxiya” karyeridan Mis boyitish fabrikasining chiqindi to‘plash xo‘jaligiga qum-shag‘al aralashmasini yetkazishni maqbullashtirish tizimi - yukni yetkazishni tezkor tahlil va nazorat qilish imkonini beradi.
RMS - temiryo‘l transporti monitoringi axborot tizimi boshqarmamiz mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan tizim bo‘lib, ushbu tizim harakatdagi texnikalar parkini pasportlashtirishga, shuningdek, kombinat bo‘linmalari tomonidan qog‘ozli hujjatlarni qisqartirish maqsadida temir yo‘l va avtotraktor uskunalari uchun elektron ariza yuborishga mo‘ljallangan tizimdir.
Bugungi kunda yangi tashkil etilgan xizmat oldida bir qator vazifalar turibdi. Jumladan, joriy yilda OKMK boshqaruvi raisining raqamlashtirish bo‘yicha o‘rinbosari Abudulla Azizov tomonidan tasdiqlangan 2022-yilda STTB bo‘yicha avtomatlashtirish tizimi, axborot texnologiyalari va raqamlashtirishni joriy etshi to‘g‘risidagi chora-tadbirlar rejasi tasdiqlangan. Unga ko‘ra, harakatlanuvchi tarkibga texnik xizmat ko‘rsatish va ta'mirlash hisobi va nazoratni olib borish bo‘yicha Avtomatlashtirilgan rejalashtirish ta'mir tizimini (ASPKOU TOiR) joriy etish belgilangan. Shuningdek, “Qalmoqqir”, “Kolsevaya” stansiyalari va ushbu stansiyalarning o‘tish joylarida mikroprosessorli markazlashtirish qurilmalari(MPS) va g‘ildirakli elektron o‘qlarni hisoblash tizimi(ESSO) quriladi. STTB ishlab chiqarish uchastkalarida ma'lumot uzatish tizimlari rivojlantiriladi. Boshqarma ishchi-xodimlarining axborot texnologiyalari, avtomatlashtirirsh va raqamli transformasiya sohasi bo‘yicha malakasi oshiriladi. Ushbu vazifalarning amalga oshirilishi markazlashgan bloklash xizmati qurilmalarining ishlash samaradorligini oshiradi, poyezdlar harakatini boshqarish jarayonini tezlashtiradi, texnik xizmatlar va ta'mirlash sifatini nazorat qilishni yaxshilaydi. Rejadan tashqari ta'mirlash va rejadan tashqari ta'mirlashga kirishish bilan bog‘liq harajatlarni kamaytirib, barqaror va xavfsiz poyezdlar harakatini ta'minlaydi. Xulosa qilib aytganda, raqamli texnologiyalar har qanday korxonaning izchil rivojlanishining asosiy kaliti bo‘lib, bu ishning ko‘p jihatlarida sifatli yutuqlarga erishishga imkon beradi.
Xizmatning asosiy maqsadi - kelgusida korxonani zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanadigan korxonalardan biriga aylanishini ta'minlashga qaratilgan. Buning uchun xizmat mehnat jamoasida o‘z ishining ustalari yetarlicha topiladi. Raqamlashtirish bo‘yicha yetakchi muhandis Albert Agayev, GPS tizimi bo‘yicha elektromexanik Temur Mamatqulovlarning boy ish tajribasi bugun qo‘l kelmoqda. Toshkent axborot texnologiyalari universitetining 4-bosqich talabasi Toshpo‘lat To‘raqulov yaqinda dasturlash bo‘yicha yetakchi muhandis sifatida o‘z mehnat faoliyatini boshladi. Yoshlardan tashkil topgan mazkur mehnat jamoasining ishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz.
Sherzod Tilovberdiyev,
veb-muharrir