• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Xondiza boyitish fabrikasida ish jarayoni qizg‘in

19 Iyun 2023, 13:11 2575

Avvalgi maqolalarimizda Axborot xizmati ijodiy guruhi Xondiza kon boshqarmasi mehnat jamoasining erishayotgan yutuqlari va amalga oshirilayotgan oʻzgarishlar, yangiliklar haqida turkum maqola va reportajlar tayyorlash maqsadida Surxondaryo viloyatida boʻlgani haqida ma'umot bergandik. Surxon vohasida joylashgan Xondiza kon boshqarmasiga uyushtirgan ijodiy safarimizni boyitish fabrikasida davom ettiramiz.

2011-yili faoliyatini boshlagan boyitish fabrikasida ish jarayoni qizg‘in. Mazkur boyitish fabrikasiga polimetall rudalar Xondiza shaxtasidan 18 tonna yuk ko‘tarish quvvatiga ega Isuzu avtosamosavallarida 30 km uzoqlikdagi masofadan tashiladi. Kuniga 2000 tonna ruda fabrikaning ruda maydonchasiga to‘kiladi.

Xondiza KB ishlab chiqarish texnik bo‘limi boshlig‘i Farhod Xolnazarovning ma'lum qilishicha, 2023-yilning 5 oyida 1000 tonna qo‘rg‘oshin konsentrati eksporti amalga oshirildi. Bundan tashqari, bashorat ko‘rsatkichi bo‘yicha 249000 tonna ruda qayta ishlanishi kerak edi. Amalda esa 262750 tonna ruda qayta ishlanib, reja 105,5%ga bajarildi. Mis konsentrati tarkibida metall ishlab chiqarish bo‘yicha reja 111% ga bajarilib, ajratib olish amalda 101.2 % ga bajarildi. Rux konsentrati tayyorlanib, rejaga ko‘ra 101.0% metall ishlab chiqarilib, ajratib olish 101.4 % ga bajarildi. Qo‘rg‘oshin konsentrati ishlab chiqarish bo‘yicha reja 111.9% ga uddalangan holda, ushbu yarim tayyor mahsulot eksportga yo‘naltirildi.

Texnologik ishlab chiqarish jarayoni bir necha bosqichni qamrab oladi. Xondiza shaxtasidan qazib olingan nominal yirikligi 1000 mm gacha bo‘lgan polimetall ruda fabrikaning sanoat maydoniga shaxtadan avtotransport vositalari yordamida keltiriladi. Yuklab, eltuvchi transport vositasi yordamida plastinali ta'minlovchi(pitatel')ga ortiladi. Ta'minlovchidan esa jag‘li maydalagichning yuklovchi oynasiga yetkaziladi. Mazkur maydalgichning quvvati soatiga 400-900 tonna rudani maydalash quvvatiga ega. Bu jarayondan o‘tganidan so‘ng, yirikligi 300 mm. bo‘lgan ruda sanoat maydoniga yuborilib, u yerdan  konveyr lentalari orqali 1-bosqich tegirmonlariga yuklanadi. Jarayon davom etib, 1-bosqichda MMPS-5x3,4 tegirmonida ruda 0,71 mmgacha maydalanadi. MShS tegirmonida jarayoning 2-bosqichi davom etib, ruda 50-55%gacha maydalanadi. Maydalashning oxirgi 3-bosqichda esa ruda 75-78%gacha maydalanib, mis-qo‘rg‘oshin bo‘limiga uzatiladi.

Mazkur boyitish fabrikasida texnologik jarayon kombinatning boshqa boyitish fabrikalariga qaraganda birmuncha murakkab sanaladi. Sababi, bu yerda bir necha metallarning konsentratlari olinadi. Polimetall rudalarni qayta ishlash, ajratib olish texnologiyasi tubdan farq qiladi. Fabrikada kollektiv va selektiv usulida konsentratlar ajratib olinadi. Jumladan, jarayon davom etib, mis-qo‘rg‘oshin bo‘limida mis-qo‘rg‘oshin konsentrati ajratib olinib, rux konsentrati cho‘ktirilib, rux flotatsiya bo‘limiga yuboriladi. Ajratib olingan mis-qo‘rg‘oshin konsentrati quyultirgichlarga yetkazib berilib, quyultiriladi. Shundan so‘ng, selektiv flotatsiya jarayoni boshlanib, bunda mis konsentrati ajratib olinadi. Qo‘rg‘oshin konsentrati esa cho‘ktirilib, bundan ham huddi mis konsentratini ajratib olishdagi jarayon davom etadi. Rux konsentratini ajratib olishda ham xuddi shu kabi jarayon amalga oshiriladi. Rux, qo‘rg‘oshin va mis konsentrati ajratib olinganidan so‘ng, Italiyaning DIEMMA press fil'tri yordamida 10%gacha  namsizlantirib, changsizlantiradi. Shu tariqa yarim tayyor mahsulot yuzaga keladi. Rux konsentrati Rux zavodiga, Mis konsentrati Mis eritish zavodiga yuboriladi. Qo‘rg‘oshin konsentrati esa qo‘shni Qozog‘iston Respublikasiga eksport qilinadi.

Fabrika boshlig‘i Oybek Abdiyevning ma'lum qilishicha, fabrikaning ishlab chiqarish quvvati soatiga 82,07 tonna, 1 kunlik quvvati esa 1850 tonnani tashkil etadi. Erishilayotgan yutuqlar zamirida albatta  mehnat jamoasining o‘z ishi puxta yondashishi, texnologik ishlab chiqarish rejimiga qat'iy amal qilishi kabi omillar yotadi.

OKMKda amalga oshirib kelinayotgan raqamlashtirish jarayoni fabrikani ham chetlab o‘tmadi. Raqamlashtirish doirasida fabrikada birlamchi loyihalar amalga oshirilmoqda. Xondiza KB texnologik jarayonlarni boshqarish tizimini avtomatlashtirish bo‘limi boshlig‘i Azamat Bobomurodovning ma'lum qilishicha, bu yil fabrikaga yuqori ishlab chiqarish samaradorligiga ega zamonaviy PR105M dozatorlari o‘rnatildi. Natijada flotatsiya jarayonida yuqori samaradorlikka erishilmoqda. Dozatorlar flotatsiya jarayoniga reagentlarni ma'lum bir dozada taqsimlab beradi. Yangi o‘rnatilgan PR105M dozatorlarining boshqaruv tizimi sensor panellar bilan boshqariladi. Reagent dozalarini flotatsiya jarayoniga aniq va o‘z vaqtida yetkazib beradi. Shuningdek, kislota va boshqa reagentlar chidamli sanaladi.

Bundan tashqari, flotomashinalarga yangi turdagi pnevmo mexanik flota mashina avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimi shkaflari o‘rnatildi. Bu flotomashinalarni optimal ishlashini ta'minlayapti. Bundan tashqari, konveyerga Germaniyada ishlab chiqarilgan elektron tarozi o‘rnatildi. Bu polimetall rudani qayta ishlanishini aniqlashtirishga, jarayon va dozalash hisobini osonlashtiradi.

2023-yilda raqamlashtirish doirasida yana 2ta katta loyiha amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. Xususan, tegirmonlarga avtomatik boshqaruv tizimini joriy etish va fabrikada yuqori darajadagi avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimi. Natijada esa barcha tegirmonlarning hisobotlari elektron tarzda kombinat serveriga uzatiladi. Tegirmonlar ishlashi optimallashtiriladi. To‘liq kombinat miqyosida axborot almashiladi.

Hozirgi kunda fabrika chiqindi saqlash omborining 1-bosqich suv sathi yetib kelishi uchun 2-bosqich qurilish ishlari olib borilayapti. Natijada ombor hajmi 5 metr yuqoriga kengayadi va chiqindi pulpasini to‘g‘ri taqsimlash va joylashtirish imkoniyatini oshiradi.

Fabrikadan chiqib, navbatdagi manzil moddiy-texnik ta'minot bazasiga qarab yo‘l olamiz.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech