• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Mahalliylashtirish dasturi va raqamlashtirish  - yuqori samaradorlikni ta’minlaydi

30 Iyun 2022, 19:11 2655

Xabaringiz bor, ayni kunlarda poytaxtimizda 27 iyun - Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan «Ovoza» OAV haftaligi boʻlib oʻtmoqda.

Oʻzbekiston Milliy media assosiatsiyasi tomonidan tashkil etilgan mediahaftalikning 3-kunida OAV vakillari Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga tashrif buyurishdi.

Mediahaftalik doirasida OAV vakillari uchun Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida press-tur tashkil etildi.

Dastlab, jurnalistlar kombinat muzeyi faoliyati bilan tanishishdi. Shundan soʻng, OAV vakillari Qalmoqqir hamda “Yoshlik-1” konlariga borishdi. Qalmoqqir konining uzunligi 4 km, kengligi 2 km. Karerning eng yuqori nuqtasi – 925 metr, eng pastki nuqtasi esa 370 metrni tashkil etadi.

2021 yilda konda 30 mln 419 129 m³ togʻ jinsi qazib olingan. 34 mln 364 198 tonna ruda qazib olingan. 17 mln 202 131 m3 ustki qatlam ishlari amalga oshirilgan.

2022 yilda esa 35 mln tonna ruda, 30 mln 962 ming m3 togʻ jinsi qazib olinishi rejalashtirilgan. Oʻtgan 5 oyda esa 12 mln 139 976 m3 togʻ jinsi, 13 mln 935 840 tonna ruda qazib olingan.

Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida “Yoshlik I” konini oʻzlashtirish” investitsiya loyihasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 1 martdagi PQ–2807-son qaroriga muvofiq amalga oshirilmoqda. “Yoshlik I” koni ruda qatlamiga yetish va uni qazib olish uchun jami bajarilgan tuproq ishlari joriy yil 26 iyun kuni  holatiga 121,3 mln.metr kubni tashkil etmoqda.

Press-tur davomida jurnalistlar “BelAZ” rusumli avtogigantlarni hama maxsus transport vositalari bilan ham tanishishdi.

OKMKda raqamlashtirish transport sohasi misolida

Kombinat raqamlashtirish borasida soʻnggi yillarda salmoqli ishlari amalga oshirib kelinmoqda. Bu esa texnologik ishlab chiqarish jarayonida yuqori samaradorlikka erishishga zamin yaratayapti. Aynan raqamlashtirish borasida press-tur davomida Texnologik transport boshqarmasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida OAV vakillariga toʻliq maʻlumot berildi.

“Olmaliq KMK” AJni transformatsiya qilish doirasida kombinat tomonidan 2022 yil uchun 26 yanvar 81-sonli buyrugʻi bilan kombinatning biznes jarayonlari va texnologik jarayonlarini avtomatlashtirish darajasini oshirishga qaratilgan 27 ta chora-tadbirdan iborat (234 mlrd. soʻmga) ish rejasi tasdiqlandi va qoʻshimcha 30 dan ziyod loyihalar joriy etilmoqda, deydi OKMK boshqaruvi raisining Raqamlashtirish boʻyicha oʻrinbosari Abdulla Azizov. - Transport GPS monitoringi  va yonilgʻi nazorati tizimiga Wialon dasturiy ta’minoti asosida qoʻshimcha 450 ta avtotransport voistalari tizimlashtirib, litsenziyalari xarid qilindi. Shu jumladan, 2200 ta OKMK transportlari jihozlandi va hisobot shakllari Realtimeda olib borilmoqda.

Yaqinda sement korxonalarida “Tayyor mahsulotni yuklash jarayonini avtomatlashtirilgan tarzda nazorat qilish tizimi”ni joriy etish ishlari yakunlandi. Jumladan, Sherobod sement zavodida tayyor mahsulotni yuklab joʻnatishni nazorat qilish axborot tizimi joriy etildi. Natijada, yuklash hujjatlari maxsus belgilardan  operativ qabul qilish imkonini berdi va operatsiyalar kamera, tarozilardan avtomatik tarzda olinib, xizmat koʻrsatish tezligi 2 barobarga oshirildi. Jizzax sement zavodida nafaqat yangi dasturiy taʻminot, balki yuk-oʻlchov quvvati 100 tonnani tashkil etadigan zamonaviy elektron tarozi ham ishga tushirildi.

Raqamlashtirishi borasida oʻtgan 5 oyda OKMKda 14 loyiha yakunlangan boʻlib, ulardan, elektron hujjat aylanish va elektron pochta tizimlari takomillashtirildi. Kon-geologik kompleks axborot tizimini dasturiy taʻminoti oʻrnatildi. Transport GPS monitoringi va yonilgʻi nazorati tizimi funksiyalari kengaytirildi.

Bundan tashqari, 2022 yil yakuniga qadar kombinatda raqamlashtirish doirasida jami 60dan ziyod loyihalar amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

OAV vakillari TTBda davom etgan press-tur davomida avtogigantlarni ta’mirlash, haydovchilarning malakasini oshirish jarayoni bilan ham tanishishdi.

Temiryoʻl sohasida mahalliylashtirish

- Mahalliylashtirish dasturi ijrosini ta’minlash boʻyicha Sanoat temiryoʻl transporti boshqarmasida 2021-yilda temir yoʻl transporti sohasidagi jami 29 turdagi umumiy qiymati 3 mlrd. soʻmlik mahsulotlarni ishlab chiqarish oʻzlashtirildi, -deydi jurnalistlar bilan suhbatda STTB boshligʻi Bunyod Qurbonov. - Joriy yilning oʻtgan 5 oyi mobaynida  jami   3,40 mlrd. soʻmlik mahsulot ishlab chiqarildi. Bugungi kunda ushbu yoʻnalishda Toshkent “Quyuv-mexanika zavodi” unitar korxonasi bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, joriy yil oʻtgan davrida  13 turdagi jami 355,0 mln soʻmlik mahsulotlar oʻzlashtirildi.

Shunindek, OAV vakillari STTBning 3-temiryoʻl sexida joriy etilgan  muqobil energiya manbaasi boʻlgan fotoelektrik stantsiyasi bilan ham tanishishdi.  STTBda joriy etilgan fotoelektrik stantsiyasining umumiy quvvati – 112 kVt/soatdan iborat boʻlib, bugungi kunda 3-Temir yoʻl sexi (TYTS)ning maʻmuriy binosidagi (4 qavatli) xizmat va maishiy xonalarni, teplovozlarni taʻmirlash uchastkasi elektr energiyasi bilan ta’minlash imkonini bermoqda. Bu ushbu sex elektr energiyasi boʻlgan oʻrtacha oylik ehtiyojining 5 foizini tashkil etadi.  Kelgusida ushbu yoʻnalishdagi faoliyatni yanada kengaytirib, boshqarmaning 4-temiryoʻl sexi, vagon xizmati va Noruda qurilish materiallari karerida ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun oyiga oʻrtacha 37 830 kVt elektr energiyasi bilan taʻminlash rejalashtirilgan.

Mis boyitish fabrikasi

Press-tur Mis boyitish fabrikasida davom ettirildi.

Fabrika - Qalmoqqir mis-molibden rudasi, 2-mis boyitish fabrikasi mis-molibden konsentrati, Rux zavodi keklari hamda Angren kon boshqarmasi va Kovuldi konining flyus rudalarini qayta ishlaydi. Mis boyitish fabrikasi “Olmaliq KMK” AJ tarkibiga kiruvchi asosiy korxonalardan biri hisoblanadi. Fabrika maydoni Piskent tumanidan 28 km uzoqlikda, Olmaliq shahriga nisbatan esa 5,2 km uzoqlikda joylashgan. Fabrika Mis eritish zavodi bilan bir maydonda joylashgan. Hozirgi kunga kelib MBF yillik ishlab chiqarish quvvati 37,5 mln tonnani tashkil qilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 30 sentyabrdagi PQ-3954-son qarori asosida “Olmaliq KMK” AJ ning asosiy ishlab chiqarish quvvatlarini rekonstruksiya qilish va barqarorlashtirish dasturi asosida Mis boyitish fabrikasida  bir qator ishlar amalga oshirildi.  Jumladan, 2021 yilda yangi 4-aylanma suv qabul qilish kollektori (KVK-4) qurildi. 3 dona LAROX PF60 press filtrlari, 20 ta maydalagich, 30 ta gʻalvir, 2 ta MSHTS va MSHR tegirmonlari va 15 ta yangi nasos gidrosiklon uskunalarini oʻrnatilib, ishga tushirildi. Yangi 3-son suv tortish kompleksi foydalanishga topshirildi, 3ta ishchilar oshxonasi kapital ta’mirlandi. 2022 yilda esa 25 ta yangi nasos-gidrotsiklon uskunalarini, 22 ta yangi konsentrator, 114 ta yangi flotatsiya uskunalari va 4 ta yangi quyultirgich (sgustitel)larni oʻrnatish koʻzda tutilgan.

OAV vakillari shuningdek, fabrikada ishchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan ham tanishishdi.

Markaziy ta’mirlash mexanika zavodi – Mahalliylashtirish dasturining bosh ijrochisi

- Kombinatda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish asosan ikki yoʻnalishda olib borilmoqda. OKMK tomonidan mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar va tadbirkorlik subektlari bilan kooperatsiya aloqalarini kengaytirish -  bu birinchi  yoʻnalish boʻlsa, keyingisi korxonada mavjud va yangi quvvatlarda import oʻrnini bosadigan mahsulotlar ishlab chiqarishni jadallashtirish hisoblanadi, - deydi OKMK Mahalliylashtirish boʻlimi boshligʻi Dilshodbek Xoldaraliev oʻz taqdimotida.

- Mahalliylashtirish dasturi doirasida kombinatda oʻtgan yili 87 loyiha boʻyicha 161,4 mlrd. soʻm mahsulot ishlab chiqarish belgilangan edi. Amalda esa ana shu 87 loyiha asosida 217,2 mlrd. soʻmlik mahsulot bozorga chiqarildi va reja 134,5 foizga bajarildi.

OKMKda mahalliylashtirish dasturi asosan Markaziy ta’mirlash mexanika zavodi, Nodir metallar va qattiq qotishmalar ishlab chiqarish boʻyicha ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi hamda  Rux zavodi tomonidan amalga oshirib kelinmoqda.

Mahalliylashtirish dasturiga muvofiq 21 ta yangi turdagi, 25,2 mlrd. soʻmlik, may oyidan boshlab qoʻshimcha yangi 11 ta loyihalar boʻyicha 28.2 mlrd.soʻmlik mahsulotlar ishlab chiqarish oʻzlashtirildi. Qattiq qotishmali mahsulotlar – sverlo va frezalar, tosh maydalash tegirmoni qoplamasi, yuqori haroratga chidamli keramik mahsulotlar, volfram angidridi, yanchish uskunasi zirhlari, quyma mahsulotlar shular jumlasidandir.

Xususan, 2022 yilning  yanvar-may holatiga koʻra, Mahalliylashtirish dasturida rejalashtirilgan 108ta loyiha boʻyicha hajmi 91,4 mlrd. soʻmlik mahsulotlar ishlab chiqarilishi belgilangan boʻlsa, amalda bu raqam 117,04 mlrd. soʻmga yetdi. Boshqacha aytganda, ishlab chiqarish hajmi rejaga nisbatan 160,3 foizga oshdi. Reja esa  128%ga bajarilgan. Jumladan, Markaziy taʻmirlash mexanika zavodida 69,2 mlrd. soʻmlik, shuningdek, Nodir metallar va qattiq qotishmalar ilmiy ishlab chiqarish birlashmasida 26,8 mlrd. soʻmlik, Rux zavodida 21,03 mlrd. soʻmlik mahsulotlar tayyorlandi. Dastur asosida ishlab chiqarilgan mahsulotlar eksportida 431,7 ming dollarlik natija qayd etilgan.

Kombinatda joriy yil yanvar-may oylari yakuniga  qoʻshimcha yana 11 ta loyiha hisobidan 28,2 mlrd. soʻmlik mahsulotlar ishlab chiqarilishi boshlangani quvonarli. Misol uchun, Nodir metallar va qattiq qotishmalar ilmiy ishlab chiqarish birlashmasida toʻrtta yangi loyihaga koʻra, molibden, volfram karbidi, qattiq qotishmali vtulkalar tayyorlanadi. Bunda import oʻrnini bosish samaradorligi 2,52 mln. dollarni tashkil etadi.

Bundan tashqari, qoʻshimcha 19ta loyiha boʻyicha “Oʻzmetkombinat” “Navoiy KMK”, “Oʻzbekkoʻmir” va boshqa gigant korxonalar uchun ham import oʻrnini bosuvchi, respublikamizda avvallari ishlab chiqarilmagan mahsulotlar oʻzlashtiriladi.

 Markaziy ta’mirlash mexanika zavodida davom ettirilgan press-turda OAV vakillari mahalliylashtirish dasturi doirasida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar koʻrgazmasi ham tashkil etildi. Shuningdek,dastur doirasida kombinat bilan hamkorlik qilayotgan korxonalarning  vakillari ishtirok etishdi va oʻz mahsulotlarini namoyish etishdi.

Tadbirda OKMK boshqaruvi raisi, senator Abdulla Xursanov  va Oʻzbekiston Milliy media assosiatsiyasi raisi Sherzodxon Qudratxoʻja OAV vakillari bilan uchrashdi.  Uchrashuv davomida zavodda amalga oshirilayotgan modernizatsiya ishlari haqida toʻliq ma’lumot berildi.

3-Mis boyitish fabrikasi

Press-tur ishtirokchilarining navbatdagi manzili kombina tarkibida yangi barpo etilayotgan 3-Mis boyitish fabrikasi boʻldi.

Ma’lumki, “Yoshlik I” konini oʻzlashtirish loyihasi” doirasida yiliga 60 mln tonna rudani qayta ishlash quvvatiga ega boʻlgan 3-Mis boyitish fabrikasini qurilish ishlari boshlab yuborilgan.

3-MBF qurilishi uchun 106 gektar yer maydoni ajratilgan boʻlib, fabrikani Markaziy Osiyo va Rossiyaning sanoat qurilishi bozorida yetakchi konsortsiumi “Enter Engineering” (EE) kompaniyasi hamda Gazprombankning mashinasozlik divizioni korxonasi “Uralmashzavod” PAJ barpo etadi.

Loyiha boʻyicha “Enter Engineering” va “Uralmashzavod” hamkorlikda kombinat uchun fabrikani “tayyor holatda” shartida qurib beradi. “Enter Engineering” obekt qurilishi va loyiha ishlarini bajaradi. UZTM (Ural ogʻir mashinasozlik zavodi) esa toʻliq texnologik uskunalarni yetkazib beradi. Yillik quvvati 60 mln tonna boʻlgan 3-MBF uchun UZTM-KARTEKS 100dan oshiq texnikalar, shu jumladan, yirik hajmli tegirmonlar, maydalash-ortish uskunalari, oʻrta maydalash uchun konusli maydalagichlar, press-valkalar, turli xil elaklar, 300 kub hajmli flotatsiya mashinalari seksiyalari va boshqa uskunalarni yetkazib berishi koʻzda tutilgan.

Yangi fabrika tarkibida katta va mayda maydalangan ruda omborlari, oʻrta va kichik maydalash korpuslari, yanchish boʻlimi bilan bosh korpus binosi, flotatsiya va suvsizlantirish boʻlimlari, gidrometallurgiya sexi, tayyor mahsulotni saqlash va joʻnatish boʻlimi, taʻmirlash-mexanik ustaxonalari, chiqindi xoʻjaligi va boshqa boʻlinmalar mavjud boʻladi.

E’tiborlisi mazkur obekt ishga tushirilishi natijasida 6 mingta  yangi  ish oʻrni yaratiladi.

Press-turda OAV vakillari kombinatda mahalliylashtirish dasturi ijrosi hamda raqamlashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar boʻyicha toʻliq ma’lumotga ega boʻlishdi.

Sherzod Tilovberdiev,

OKMK Axborot xizmati veb muharriri

 

 

Bo`lishmoq:
Text to speech