• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Maqsadimiz - eksportbop tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish

19 Iyul 2022, 11:2 1758

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev joriy yilning 19 may kuni geologiya sohasini yanada rivojlantirish, foydali ma'danlar va yerosti suvi zahiralarini kengaytirishga qaratilgan loyihalar, shuningdek, mis sanoati klasterini tashkil etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Taqdimot jarayonida, jumladan respublikada mis ishlab chiqarishni yagona “zanjir” asosida ikki baravarga ko‘paytirib, turdosh tarmoqlarni rivojlantirish hisobiga 8,0 milliard dollarlik mahsulot ishlab chiqarishni ta'minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning natijadorligi yuzasidan axborot berildi.

Xususan, bugungi kunda Kanadaning “HATCH” konsalting kompaniyasi bilan birgalikda Mis sanoati klasterini tashkil etish va rivojlantirish konsepsiyasi va 2022-2026 yillarda kon-metallurgiya mashinalari, texnikalari va uskunalarining yangi turlarini ishlab chiqarishni tashkil etish dasturi tayyorlanmoqda.

Bunda asosiy e'tibor Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida amalga oshirilayotgan megaloyihalar doirasida yiliga 60 mln tonna rudani boyitadigan 3-mis boyitish fabrikasining ishga tushirilishi va mis mahsulotlarini ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirilishi hisobiga yaqin 2024 yildan boshlab hajmi 187 ming tonnaga  yetkaziladigan mis xomashyosini chuqur qayta ishlashni ta'minlashga qaratiladi. Kelajakda esa mis ishlab chiqarish 400 ming tonnani tashkil etishini inobatga olib, mis klasterida xususiy tadbirkorlarning roli yanada oshiriladi.

Ushbu keng ko‘lamli vazifalarni sifatli amalga oshirish maqsadida respublika ishchi guruhi tomonidan Chili va Braziliyadagi mis klasteri tajribasi, eng ilg‘or metallurgiya kombinatlarining texnologiyalari va uskunalari chuqur o‘rganildi.

Masalan, Chilining “Codelco” kompaniyasi fabrikalari va “Chukikamata” ochiq va shaxta usulida yilga 18,0 mln. tonna ruda qazib olinadigan konidagi tajribalarni “Yoshlik-2”, “Miskon” va boshqa konlarni o‘zlashtirishda  qo‘llashni belgilab oldik.

“BHP” kompaniyasining (Avstraliya) “Spensa” koni rudasining tarkibi va geologiyasi “Yoshlik” koni xarakteristikasiga to‘g‘ri kelishi sababli, 1 ta  liniyadan iborat bo‘lgan va yiliga 25,0 mln. tonna ruda qayta ishlaydigan rudani boyitish texnologiyasi o‘rganilib, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining kelajakda quriladigan 4-misni boyitish fabrikasini loyihalashda 4 ta liniyani o‘rnatish nazarda tutilmoqda.

Respublikada mis sanoati klasterini rivojlantirish holatini ayrim raqamlarda ko‘rsatish mumkin. Misol uchun, 2018 yilda 22,4 ming tonna mis qayta ishlangan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkich 71,0 ming tonnani tashkil etadi.

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tomonidan ham yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirish maqsadida mis va ruxni chuqur qayta ishlashga mo‘ljallangan umumiy qiymati 27,4 mln dollarlik 11 ta loyiha jadallik bilan amalga oshirilmoqda. Bunda yiliga 11 ming tonna mis va 4 ming tonna ruxdan qo‘shimcha 134 mln dollarlik mis listlari, tasmalari, fol'gasi va kukuni kabi eksportbop mahsulotlar ishlab chiqariladi.

Elektromobillar sonining o‘sishini hisobga olgan holda, kombinatda elektrmotorlarda ishlatiladigan to‘rtburchakli sim ishlab chiqarish loyihasi ham boshlandi. Loyihaning birinchi bosqichida ishlab chiqarish quvvati 6 ming tonnani tashkil etadi. Kelgusida bu ko‘rsatkichni 12 ming tonnaga qadar oshirilib, to‘liq eksport qilinadi.

Hozirda 8 ming tonna mis quvurlari ishlab chiqarish quvvatiga ega Angren quvur zavodida 4 ta yangi turdagi mahsulot ishlab chiqarish tashkil etilib, yiliga 1,5 ming tonna misni qayta ishlash orqali 156 mlrd so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish ta'minlanadi. Bunda 28 ta yangi ish o‘rinlari xam yaratiladi.

Shuningdek, Angren quvur zavodidagi mavjud quvvatlarni kengaytirishga qaratilgan 12,6 mln dollarlik loyiha amalga oshirilib, qo‘shimcha 12 ming tonna mahsulot ishlab chiqariladi. Pirovardida yana 157ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Kelgusida  mis quvurlari ishlab chiqarish quvvatini 20 ming tonnagacha yetkazish kutilmoqda.

Ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va importni keskin qisqartirish maqsadida yangi turdagi tog‘-metallurgiya mashinalari, uskunalari va ehtiyot qismlarini ishlab chiqaruvchi Mashinasozlik zavodini qurish bo‘yicha hisob-kitoblar tayyorlanmoqda. Bu zavodning prognoz qiymati 500 mln dollar bo‘lib, 2024 yilda ishga tushiriladi. Unda 35 turdagi yangi jihozlar va tayyor uskunalar ishlab chiqariladi hamda 2 mingta yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

Albatta, ushbu keng ko‘lamli vazifalarni amalga oshirish yangi barpo etiladigan korxonalarda zamonaviy texnologiyalar va uskunalarda ishlay oladigan muxandis va texnik xodimlarni tayyorlash bilan bir vaqtda olib borilmoqda.

Xususan, bugungi kunda sohaga zarur bo‘lgan 340 nafar oliy ma'lumotli muhandis kadrlar Moskva po‘lat va qotishmalar institutining Olmaliq filialida, Toshkent texnika universitetida, Navoiy konchilik va texnologiyalar universitetida hamda boshqa oliy ta'lim muassasalarida tayyorlanmoqda.

Bunda asosiy e'tibor kon-metallurgiya yo‘nalishlari bo‘yicha zamonaviy va energiya samarador texnologiyalarni va uskunalarni o‘rganishga qaratilmoqda. Shuningdek, ta'lim sifatini oshirish uchun o‘quv jarayoniga yil davomida Olmaliq filialiga 8-10 nafar xorijiy professor va olimlar jalb qilinmoqda. Talabalarni kombinat korxonalarida ishlab chiqarish amaliyotlarini o‘tishlari va yosh kadr bilan doimiy ravishda ishlash, uning bilimini va malakasini uzluksiz oshirib borishni ta'minlaydigan usta-shogird tizimi yo‘lga qo‘yildi.

Bundan tashqari, mis sanoati klasteri uchun o‘rta bo‘g‘in mutaxassislari Olmaliq kon-metallurgiya kollejida  tayyorlanayapti. Xususan, joriy yilda 450 nafar, kelgusi o‘quv yilida yana 162 nafar texnik xodimlar tayyorlanib, ish bilan ta'minlanadi. Bunda kollej o‘quvchilarining ishlab chiqarish amaliyotini o‘tashiga katta e'tibor qaratiladi. Masalan, hozirda 520 nafar o‘quvchi 17 ta kasbiy yo‘nalish bo‘yicha kombinatning tarkibiy bo‘linmalarida ishlab chiqarish amaliyotlarini o‘tashmoqda. Ularga 22 nafar ta'lim ustalari rahbarlik qilayapti.

Taqdimotda joriy yilda mamlakatimizda ilk bora mis sanoati bo‘yicha xalqaro konferensiyani tashkil etish bo‘yicha topshiriq berildi. Hozirda ushbu nufuzli anjumanga dunyoning yetakchi geologiya, konchilik va mis ishlab chiqarish kompaniyalari vakillari, sohada ilmiy izlanishlar olib borayotgan olimlar, fan arboblarini taklif etish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.

Bularning barchasi kombinatga nafaqat mis, balki yuqori qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan turli xil eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish orqali ko‘proq foyda olish, tashqi bozorlarda raqobatbardoshligini oshirish imkonini berish bilan birgalikda mis sanoati klasterida xususiy tadbirkorlar ishtirokini kengaytirish va yangi ish o‘rinlarini yaratishga keng yo‘l ochib beradi.

 Abdulla Xursanov,

"Olmaliq KMK" AJ boshqaruvi raisi

Bo`lishmoq:
Text to speech