Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Korrupsiya – taraqqiyot yo‘lidagi g‘ov

04 Dekabr 2025, 14:39 142

Bugun “Metallurg” MSda “9-dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni“ga bag‘ishlangan aksilkorrupsiya oyligi doirasida “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Oliy Majlis Senatining Sud huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Abduhakim Eshmurodov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Sud-huquq islohotlari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi a’zosi Aziza Aminova, O‘zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi professori, polkovnik Sharif Qobilov, OKMK boshqaruv raisining xodimlar va ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Sa’di Shermatov, komplayens xizmatlari, sud, huquq-tartibot idoralari mas’ullari va jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.

Tadbirda so‘z olganlar mamlakatimizda hamda kombinatda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida yig‘ilish qatnashchilariga batafsil ma’lumot berib o‘tishdi.

Aksilkorrupsiya oyligi davomida kombinat ishchi-xodimlari o‘rtasida o‘tkazilgan korrupsiyaga qarshi kurashish mavzusida “Eng yaxshi maqola”, “Eng yaxshi she’r”, “Eng yaxshi rasm” va “Eng yaxshi videorolik”, “Eng yaxshi taqdimot” bo‘yicha tanlov g‘oliblari, “Zakovat” intellektual o‘yinining g‘olib jamoalari, mini futbol musobaqasida muvaffaqiyatga erishgan jamoalari pul mukofotlari bilan rag‘batlantirildi.

Shuningdek, tadbirda Oliy Majlis Senatining Sud huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Abduhakim Eshmurodov  so‘zga chiqib, mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar va bu borada milliy qonunchilik asoslari bo‘yicha  ma’ruza qildi. Ayniqsa bugun arzimas bo‘lib ko‘ringan maishiy korrupsiyaning turli ko‘rinishlariga qarshi ayovsiz kurashish lozimligini ta’kidladi.

Tadbir davomida “Metallurg” MS badiiy jamoalarining chiqishlari barchaga manzur bo‘ldi.

Ma’lumot o‘rnida kombinat tizimida o‘tkazilayotgan “Korrupsiyaga qarshi kurashish umummilliy vazifa, har bir vatanparvar yurtdoshimizning vijdon ishi” shiori ostidagi aksilkorrupsiya oyiliga doirasida bir qator tadbirlar tashkil etildi.

Dolzarb oylikdan ko‘zlangan asosiy maqsad - korrupsiyaning har qanday ko‘rinishini oldini olish, kombinat faoliyatida to‘liq shaffoflik, ochiqlik va hisobdorlikni ta’minlash, kombinat tarkibidagi ellikdan ziyod zavod va fabrika va sexlarda, 35 ming kishilik yirik jamoada mehnat qilayotgan barcha daraja va bo‘g‘indagi rahbarlar, ishchi va xodimlarda korrupsiyaga nisbatan qat’iy, murosasiz munosabatni shakllantirishdan iborat. Shuningdek kombinat va uning tarkibiy bo‘linmalarida halollik, poklik, adolat va qonuniylik tamoyillarining izchil qaror topishi hamda ularning amaliyotda keng qo‘llanishini ta’minlash pirovard maqsad sanaladi.

Oylik doirasida, kombinat markaziy apparati va tarkibiy bo‘linmalarida keng qamrovli profilaktik chora-tadbirlar, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha o‘quv-seminarlar, ochiq muloqotlar, tanlovlar, sport musobaqalari, aholi va ishchi-xodimlar o‘rtasida korrupsiyaga qarshi immunitetni oshirishga qaratilgan axborot-targ‘ibot ishlari amalga oshirilmoqda.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech